Ilon Mask, Stiv Voznyak va mingdan ortiq ekspertlar uni darhol to‘xtatishga chaqirdi
Tesla va SpaceX boshlig‘i Ilon Mask, Apple asoschilaridan biri Stiv Voznyak va mingdan ortiq ekspertlar ilg‘or sun’iy intellektni rivojlantirishini to‘xtatishga chaqiruvchi ochiq xatni imzoladilar. Maktub matni Future of Life Institute instituti tomonidan chop etilgan.
Maktub mualliflari sun’iy intellekt bilan shug‘ullanuvchilarni «OpenAI»ning GPT-4 tizimidan kuchliroq tizimlarni ishlab chiqishni kamida olti oyga zudlik bilan to‘xtatishga chaqirishdi. Maktubni imzolagan ekspertlar va soha rahbarlari umumiy xavfsizlik protokollari o‘rnatilgunga qadar ishlanmalar to‘xtatilishi kerak, deb hisoblaydi. Ularning fikriga ko‘ra, agar ishlanmalar tezda to‘xtatilmasa, «rasmiylar aralashib, moratoriy qo‘yishi kerak».
Ularning fikricha, hatto «kuchli raqamli aqllar»ni yaratuvchilar ham kelajakda ularni boshqara olmaydi va zamonaviy sun’iy intellekt tizimlari odamlar bilan raqobatlasha boshlaydi.
«Biz o‘zimizga savol berishimiz kerak: mashinalar bizning axborot kanallarimizni tashviqot va yolg‘on bilan to‘ldirishiga ruxsat berishimiz kerakmi? Biz barcha ishlarni avtomatlashtirishimiz kerakmi? Oxir-oqibat bizdan o‘zib ketadigan va bizni almashtirishi mumkin bo‘lgan noinsoniy aqllarni rivojlantirishimiz kerakmi? Biz sivilizatsiyamiz ustidan nazoratni yo‘qotish xavfiga borishimiz shartmi?» — deya savollar qo‘yilgan maktubda.
Reuters xabariga ko‘ra, OpenAI bosh direktori Sem Altman xatni imzolamagan.
Ushbu chaqiriqqa Kreml ham izoh berdi. Qayd etilishicha, Rossiya sun’iy intellektni rivojlantirishni to‘xtatish niyatida emas. «Sun’iy intellektning xavfliligi haqida gapirayotganlarning nuqtai nazariga kelsak, bilasizki, har qanday dori noto‘g‘ri ishlatilsa, zaharga aylanadi», — dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Avvalroq belgiyalik erkak Eliza ismli chatbot (sun’iy intellekt) bilan muloqotdan so‘ng o‘z joniga qasd qilgani xabar qilingandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter