«Hech narsadan qo‘rqmang» — Putinni qoyil qoldirgan o‘zbekistonlik dasturchi qizlar (video)
O‘zbekistonning IT Queens jamoasi 12 noyabr kuni Moskvada Sun’iy intellekt va ma’lumotlar tahlili bo‘yicha o‘tkazilgan onlayn konferensiya doirasida «Artificial Intelligence Journey» tanlovining «Data Lady» nominatsiyasida g‘olib bo‘lishgani va ularning ishiga Rossiya Federatsiyasi prezidenti baho bergani xabar qilingandi.
«IT Queens» yosh dasturchilar jamoasi tarkibida Yunusobod tumanidagi 257-sonli umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchilari — Nasrullina Lana, Koroleva Anastasiya, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 279-sonli umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Yuliana Lutsenko hamda Sergeli tumanidagi 7-sonli umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchilari — Badyan Kseniya, Badyan Anastasiyalar ishtirok etgan.
«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali IT Park bilan hamkorlikda «Artificial Intelligence Journey» tanlovi g‘oliblari bilan suhbat qurdi.
– Qachondan beri sun’iy intellekt bilan shug‘ullanasiz?
– Sun’iy intellekt ustida yaqindan ishlay boshladik. Bu musobaqa bizning birinchi tajribamiz edi. Biz sun’iy intellektdan ko‘ra, ko‘proq dasturlash bilan shug‘ullanar edik.
– Axborot texnologiyalari bilan qachondan beri bevosita shug‘ullanasiz? AyTi sohasida ko‘proq qaysi yo‘nalishda mashg‘ulsiz?
Lana Nasrullina: Men maktabda darslik yordamida o‘rgana boshlaganman. Hammasi shunday boshlandi. Men u yerda yozilgan barcha vazifalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kompyuterda bajardim. Chunki amaliyotsiz nazariya o‘likdir. Ammo bu yil yozda Pythonni chuqur o‘rgandim, You Tubeda video qo‘llanmalarni tomosha qildim. Telegram kanallaridan dasturlash bo‘yicha materiallarni o‘qidim.
Anastasiya Badyan: Men veb-dasturlash bilan anchadan buyon shug‘ullanaman, so‘nggi ikki oy davomida sun’iy intellekt ustida ishladim.
Yuliana Lutsenko: Bularning barchasini karantin davrida qila boshladim. Biz maktabga bormadik va ko‘proq ma’lumot olishimiz kerak edi. Men darsliklarni, You Tube, Internetni o‘qidim va bu sohaga juda qiziqib qoldim.
Kseniya Badyan: Men veb-dasturlashga ham qiziqaman. Taxminan to‘rt oydan beri informatika bilan shug‘ullanaman. Bu men uchun sun’iy intellekt borasida juda qiziqarli tajriba bo‘ldi.
Anastasiya Koroleva: Dasturlash sohasida u qadar jiddiy bilimga ega emasman. Lekin men besh yildan beri Adobe After Effects dasturini o‘rganib, uni yaxshi o‘zlashtirganman. Do‘stim bilan birgalikda karantin davrida html-sahifalash ustida ham ishladik. Shuningdek, oddiy veb-saytlar yarata olaman hamda Photoshop, Corel Draw grafik dizaynlarini qila olaman.
– Loyihangiz haqida gapirib bering. Uning vazifasi, maqsadi, u nima uchun yaratilgan?
Anastasiya Koroleva: Bu saralash bosqichining vazifasi edi, biz uni yanada takomillashtirdik. Bizga kodli sinov to‘plami berildi, unga augmentatsiya qo‘lladik. 8 ming fotosuratning barchasini o‘zgartira boshladik, shunda bizning sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan neyron tarmog‘imiz suratga olingan tasvirni farqlashni o‘rgandi.
– Musobaqa haqida gapirib bering: qanday tayyorgarlik ko‘rdingiz, ishtirokingiz, yana kimlar bor edi? Siz va boshqa ishtirokchilar o‘rtasidagi raqobatni his qildingizmi? Hayajonchi?
Anastasiya Badyan: Albatta hayajon bor edi. Tanlovda biz boshqa nominatsiyalar bo‘yicha ishtirokchilar bilan tanishdik. Ularning loyihalari ham juda qiziqarli va ahamiyatli edi: kar-soqovlar uchun so‘zlarni harakatga aylantirib berardi.
Yuliana Lutsenko: Biz hech qanday raqobatni his qilmadik, chunki hammamiz do‘stlashdik, tajriba almashdik. Do‘st bo‘lib, bir-birimizga yordam berdik.
– Musobaqaning o‘ziga qancha vaqt tayyorgarlik ko‘rdingiz?
Anastasiya Koroleva: Belgilangan vaqt qisqaligi sababli, ikki-uch haftada topshiriqni bajardik. Moskvaga borganimizdan so‘ng, Rossiyaning birinchi shaxslari qarshisida o‘z yechimimiz taqdimoti uchun bir hafta tayyorgarlik ko‘rdik...
Yuliana Lutsenko: Taqdimotda so‘zlarni to‘g‘ri ishlatishni o‘rgatgan murabbiyimiz bor edi, ammo notiqlik tajribamiz yo‘q edi. Murabbiyimiz bizga sahna qo‘rquvini yengishda ko‘p yordam berdi. Yuqori martabali shaxslar oldidagi chiqish juda hayajonli bo‘ldi. Lekin biz murabbiylarimiz bilan ishlash orqali bu hayajonni yengdik.
– Ushbu musobaqadan olgan eng katta tajribangiz?
Lana Nasrullina: Har qanday kishi, agar unda dasturlash bo‘yicha xohish va bilim bo‘lsa, sun’iy intellekt sohasida shug‘ullana oladi. Qo‘rqmaslik va kuchni sinab ko‘rish kerak.
– Jamoangiz haqida gapirib bering: uni qanday tuzdingiz, qanday tanishdingiz?
Anastasiya Badyan: Biz o‘quv markazida uchrashdik. U yerda bizga ushbu tanlov haqida ma’lumot berildi va informatika o‘qituvchisi eng yaxshi o‘quvchilar jamoasini to‘pladi.
– Ota-onangiz sizning AyTi sohasida o‘qiyotganingizga va uni muvaffaqiyatli bajarayotganingizga qanday qarashadi?
Anastasiya Koroleva: Shaxsan men o‘zimni hech qachon gumanitar yoki texnik soha vakili deb hisoblamaganman. Chunki hamma narsaga qiziqardim. Ammo bittasini tanlashim kerak bo‘lgan paytda, avvaliga gumanitar yo‘nalishga boraman, deb o‘ylardim. Ota-onam «AyTiga bor, chunki u hozir tez rivojlanmoqda, bu juda zo‘r va senga ko‘p tajriba beradi» deyishdi. Shuning uchun ota-onam meni qo‘llab-quvvatlashadi. Sun’iy intellekt juda tez rivojlanayotgan sohadir.
Kseniya Badyan: Men har doim texnik yo‘nalishni tanlaganman, ota-onam buni bilishgan va hech qachon e’tiroz bildirishmagan, aksincha, meni qo‘llab-quvvatlashgan.
Yuliana Lutsenko: Menga iqtisodchi bo‘l deyishadi, bobom esa haligacha shifokor bo‘lishimni xohlaydi. Ammo bu sohaga qiziqib qolganimda, onam nega bunday qaror qilganimni tushunolmadi, chunki men doim adabiyotga qiziqardim. Ammo onam meni hamma narsada qo‘llab-quvvatlaydi.
– AyTi sohasida o‘qish qiyin emasmi? Chunki ko‘pchilik qizlar bu sohani qiyin, u erkaklar uchun deb bilishadi.
Anastasiya Koroleva: Agar istak bo‘lsa, unda mutlaqo hamma narsaga erishish mumkin, hatto AyTi sohasida ham. Agar siz matematikada yaxshi poydevorga ega bo‘lsangiz, kompyuter fanlari matematikaga asoslangan, unda ulkan cho‘qqilarni zabt etishingiz mumkin. Erkakmi, ayolmi, farqi yo‘q, juda oddiy narsadan boshlasangiz va maqsad sari qadamlar qo‘ysangiz, ajoyib natijalarga erishiladi.
– AyTini o‘rganishga arziydigan sabab?
Anastasiya Koroleva: Bu talabgir va ajoyib soha.
Kseniya Badyan: Hozir bu yo‘nalish tez rivojlanmoqda va juda ahamiyatli. Barcha universitetlar shu yo‘nalishda ko‘proq o‘rin ajratishga harakat qilmoqda, chunki axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt barcha sohalarda kerak.
Yuliana Lutsenko: AyTi sohasida chegara yo‘q, uni istalgancha o‘rganish mumkin, bunda qiz yoki o‘g‘il bola bo‘lishning farqi yo‘q.
Lana Nasrullina: Hozir ta’lim sohasida, hatto qurilishda ham jarayon to‘liq avtomatlashtirilgan. Robotlar odamlar uchun xavfli bo‘lgan joylarda ham qo‘llaniladi.
– «Artificial Intelligence Journey» tanlovida taqdim etilgan loyihangiz ustida ishlashni davom ettirmoqchimisiz yoki har kim o‘z yo‘lidan borib, o‘z loyihasini yaratadimi?
Kseniya Badyan: Bu loyiha chuqurroq o‘ylashga arziydi, biz jamoani saqlab qolishni va sun’iy intellekt bo‘yicha boshqa musobaqalarda o‘zimizni sinab ko‘rishni ham xohlardik.
— Kelajakdagi rejalaringiz haqida gapirib bersangiz, qanday loyihalar yaratishni rejalashtiryapsiz?
Lana Nasrullina: Men robototexnika bilan shug‘ullanmoqchiman, odamlarga o‘xshash bo‘lgan va muloqot qila oladigan robotlarni dasturlamoqchiman.
Anastasiya Badyan: Kelajakda men axborot texnologiyalari va dasturlash, ayniqsa sun’iy intellektni o‘rganishni davom ettirmoqchiman.
Yuliana Lutsenko: Hozir hammamiz OTMga kirish haqida o‘ylayapmiz, chunki 11-sinfni bitiramiz. Albatta, kelajagimizni AyTi bilan bog‘lamoqchimiz.
– Axborot texnologiyalari sohasida o‘qishni boshlamoqchi bo‘lgan, lekin jazm qila olmayotgan qizlarga qanday maslahat bera olasiz?
Yuliana Lutsenko: Hech narsadan qo‘rqmang, chunki hamma narsa nimadandir boshlanadi. Asosiysi, oldinga harakat qilish. Agar harakat qilmasangiz, bu sizning sohangizmi yoki yo‘qmi, hech qachon bila olmaysiz.
Lana Nasrullina: Faqat hech narsa qilmaydiganlar adashishmaydi.
Kseniya Badyan: Mashqlar orqaligina kelajakda sizga yordam beradigan tajriba to‘plashingiz mumkin.
Anastasiya Koroleva: Asosiysi, axborotlar oqimini saralay olish, chunki agar siz mustaqil o‘rganmoqchi bo‘lsangiz, internetda juda ko‘p keraksiz ma’lumotlar ham bor. Shuning uchun siz ko‘plab manbalarni ko‘rib chiqishingiz va qaysi ma’lumotlar ishonchliroq ekanini taqqoslashingiz kerak. Va, albatta, amaliyotda hamamsini tekshiring va hech qachon xato qilishdan qo‘rqmang.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter