«Google» xodimlariga kasaba uyushmasi nega kerak?..
«Google», «Waymo» kabi «Alphabet» tarkibidagi kompaniyalar xodimlari o‘z kasaba uyushmasiga asos solishdi. Bu haqda «New York Times» yozmoqda.
«Alphabet Workers Union» nomini olgan kasabaqo‘m noqonuniy ishdan bo‘shatishlar, kompaniyada g‘irrom bitimlar tuzilishiga qarshi kurashmoqchi.
Kasaba uyushmasiga hozirgacha xoldingning qariyb 200 xodimi a’zo bo‘lgan, 2020-yilning sentyabridagi ma’lumotga ko‘ra, «Alphabet» qanoti ostida 132 mingdan ortiq inson ishlamoqda.
IT-soha nashrlari «Alphabet» rahbariyati va xodimlari o‘rtasidagi ziddiyatlarni bot-bot yoritishgan. Xususan, «Google» kompaniyasi xatti-harakatlaridan norozi xodimlar bir necha marta bosh ko‘tarishgan: korporatsiyani o‘z menejerlarini jinsiy zo‘ravonlik bo‘yicha ayblovlardan himoyalashda ayblashgan, qolaversa, AQSh Mudofaa vazirligining ayrim loyihalariga kompaniyaning sherikligini qoralashgan.
Bunday aksiyalar natijasini bergan paytlar ham bo‘lgan. Masalan, 2019-yil yozida «Google» videokuzatuvli dronlar bo‘yicha Pentagon bilan hamkorlikni to‘xtatdi, o‘sha yilning oktyabrida esa Pentagon bilan o‘rtadagi bulutli xizmatlar bo‘yicha 10 milliard dolarlik shartnomaning bahridan o‘tdi. Ayni shu xodimlarning noroziligi ortidan Xitoy bozoriga mo‘ljallangan senzurali «Dragonfly» qidiruv tizimini ishlab chiqish ham to‘xtatildi. Ammo korporatsiya isyonkor xodimlarni ishdan haydashi borasida misollar bundan ham ko‘p.
Shunday voqealar bilan bog‘liq mojaro AQSh Mehnat munosabatlari milliy boshqarmasigacha yetib bordi. 2020-yilning dekabrida boshqarma «Google»ni ikki nafar xodimasini ishdan bo‘shatishda mehnat qonunchligini buzishda va ularni kuzatishda aybladi. Yangi tuzilgan «Alphabet Workers Union» kasaba uyushmasi xolding bilan jamoat shartnomasi tuzish va korporatsiyani «yovuzliklardan qaytarish»dan umidvor.
Ta’kidlash o‘rinliki, Kremniy vodiysida an’anaviy kasaba uyushmalari harakati shu paytgacha bo‘lmagan. «Ezilgan, xo‘rlangan ishchilar» — faqat bu yerda emas... O‘sha «yovuz» «Google»ning o‘zida o‘rtamiyona dasturchi yiliga $200 ming topadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter