Facebook ma’muriyati prezident rasmiy sahifasiga qo‘yilgan postni o‘chirib tashladi
Facebook AQSh prezidenti Donald Trampning rasmiy sahifasida joylangan postni o‘chirib tashladi. Ijtimoiy tarmoq Oq uy yetakchisi postini soxta ma’lumot deb malakalagan.
O‘chirib tashlangan post orqali prezident Trampning «Fox & Friends» dasturiga bergan intervyusidan parcha taqdim etilgan. Fox News telekanali efirida namoyish etilgan telefon orqali suhbatda AQSh prezidenti mamlakatdagi maktablarni tezroq ochish hamda mashg‘ulotlarni qayta boshlash lozimligini uqtiradi. Trampga ko‘ra, bolalar koronavirusga qarshi kuchli immunitetga ega va ota-onalarning kasallikdan xavotiri asossizdir.
«Fikrimga qanday munosabat bo‘lasiz – bilmadim, ammo men bolalarning immun tizimi biz kattalardan kuchliroq deb hisoblayman. Ayniqsa, (koronavirus) borasida. (Bolalarda) bu bo‘yicha muammo bo‘lmaydi» deya ishonch bilan mulohaza yuritgan D.Tramp.
Facebook ma’muriyati sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislariga tayanib «ayrim insonlar guruhi koronavirusdan immunitetga ega» degan xulosani yolg‘on ma’lumot deb baholagan. Ijtimoiy tarmoq ma’muriyati postning o‘chirib tashlangani dezinformatsiyaga qarshi kurash chorasi ekanini urg‘ulagan.
Ushbu videolavha Tramp saylovoldi shtabining Twitter mikroblogidagi rasmiy sahifasida ham chop etilgan edi. Twitter ma’muriyati Facebook rahbariyatidan ham keskinroq chora qo‘llagan: saylovoldi shtab o‘z sahifasiga yangi ma’lumot kiritish huquqidan mahrum qilingan.
Kompaniya vakili Liz Kelliga ko‘ra, koronavirusga doir yolg‘on ma’lumot o‘chirilsa, prezident shtabiga yangi axborot kiritish huquqi qayta taqdim etilishi mumkin.
Prezident D.Tramp hamda yetakchi ijtimoiy tarmoqlar, xususan, Twitter o‘rtasidagi ziddiyat bir necha oydan buyon davom etmoqda.
Avvalroq D.Tramp Twitter tarmog‘idagi sahifasida Kaliforniya shtatida pochta orqali ovoz berish jarayonida aldovga qo‘l urilgani haqida yozuv qoldirgan. Ijtimoiy tarmoq prezidentning qaydlarini «ishonchsiz axborot» deb baholagan.
Twitter ma’muriyati, shuningdek, D.Tramp tomonidan Minneapolisdagi norozilik namoyishlari yuzasidan berilgan bayonotga (Oq uy rahbari marodyorlik qilganlar o‘qqa tutilishi mumkinligiga ishora qilgan) zo‘ravonlikni oqlash deya e’tiroz bildirgan.
Avval xabar berganimizdek, o‘tgan hafta Twitter ma’muriyati AQSh prezidenti Donald Trampning o‘g‘li – kichik Donald Trampning sahifasini blokladi. Oq uy yetakchisining o‘g‘li ham noto‘g‘ri axborot tarqatishda ayblandi.
5 milliondan ziyod obunachiga ega kichik Donald Tramp o‘z sahifasida koronavirusni gidroksixloroxin preparati yordamida davolash camaradorligi xususida videolavha e’lon qilgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra esa, COVID-19ga chalingan bemorlarni davolashda gidroksixloroxin vositasidan antibiotiklar bilan birgalikda foydalanish o‘lim xavfini oshiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter