Eskalatorlar qanday ishlaydi?
«Aylana bo‘ylab harakatlanadigan zina» shaklidagi birinchi eskalator 1859-yilda amerikalik ixtirochi Natan Eyms tomonidan patentlangan, biroq hech qachon foydalanilmagan. Oradan 30 yil o‘tgach, 1892-yilda Jess Reno «og‘ma ko‘targich»ni patentlagan. Uning dunyodagi ilk eskalatori oradan ikki yil o‘tgach Nyu-Yorkning Koni-Aylend bog‘ida joylashgan turistlar atraksionida paydo bo‘lgan. Yana 4 yil o‘tgach esa Londondagi «Xarrods» do‘koniga ham o‘rnatilgan. Savdo uyiga tashrif buyurgan mijozlar undan foydalanishga qo‘rqqan. Shunda do‘kon direktori eskalator orqali yuqoriga ko‘tarilgan har bir «dovyurak»ka bir piyoladan brendi quyib berishni va’da qilgan. Dastlabki eskalatorlar pillapoyasiz, silliq yo‘lak ko‘rinishida edi. Zamonaviy, biz o‘rgangan eskalatorlar 1921-yilga kelibgina paydo bo‘lgan. Bu haqda «Hi-News.ru» xabar berdi.
Demak, eskalator lentasi qoplama ustiga o‘rnatilgan, o‘zaro bog‘langan zinalardan iborat. Har bir zina ikkita uzun zanjir orqali bog‘langan va roliklarda harakatlanadi. Dvigatel vallar yordamida zanjirlarni ma’lum bir tezlikda harakatga keltiradi. Yetakchi val eskalatorning yuqori qismidagi pol ostiga o‘rnatiladi, pasti qismidan esa qaytarma val joy oladi. Yo‘lovchilarning eskalator ustidagi barqarorligi zinalar harakatining tezligiga bog‘liq. Eskalator pastga qarab harakatlanganida uning tezligi dastlab 0,6 metr/sekunddan va qolgan vaqtda 0,75 metr/sekunddan oshmasligi kerak.
Eskalatorning yuqori va pastqi qismiga lentaning harakati boshlanuvchi qo‘zg‘almas «taroq»lar o‘rnatilgan. Eskalator lentasi «taroq» ichidan chiqqanida tekis yuzali bo‘ladi, keyinroq zinaga aylanadi.
Eskalatorning yana bir ajralmas qismi harakatlanuvchi tutqichlardir. Biroq tutqichlar tezligi zinalar tezligidan biroz farq qiladi. Bunga sabab tutqichlarni harakatga keltiradigan disklarga rezin qismlar kiydiriladi, u esa vaqt o‘tishi bilan yemiriladi. Shuning natijasida tezlikda o‘zgarish sodir bo‘ladi, biroq zina va tutqich tezligi o‘rtasidagi farq 3 foizdan oshmasligi kerak.
Eskalatorning og‘ish burchagi uning uzunligidan kelib chiqib 30-35 darajani tashkil etadi. 6 metrdan balandroqqa mo‘ljallangan eskalatorlarda og‘ish burchagi 30 daraja bo‘lishi kerak, boshqa holatlarda 35 darajaga teng bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari eskalatorga xavf tug‘ilishi mumkin bo‘lgan holatlarda uning harakatini to‘xtatishga mo‘ljallangan qurilma ham o‘rnatilgan. Ular tezlik to‘satdan o‘zgarganida, tutqichlar to‘xtab qolganida ishga tushadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter