Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abbosbek Mahamadaminov: «Ayti» sohasi uzluksiz rivojlanishni talab qiladi

Abbosbek Mahamadaminov: «Ayti» sohasi uzluksiz rivojlanishni talab qiladi

Bugun dasturchilik sohasiga qiziqadigan yoshlar juda ko‘p. Zamon talabi ham shunday. Kimdir buning uchun oliy ta’lim olyapti, kimdir maxsus kurslarda o‘rganyapti. Bu sohaning qirralari ham ko‘pki, ba’zan yoshlar nimadan boshlashni ham bilmay qoladi.

Ayni damda EPAM Systems kompaniyasida dasturchi-muhandis bo‘lib ishlayotgan Abbosbek Mahamadaminov bilan quyidagi suhbatimiz aytiga qiziquvchi yoshlarga o‘ziga xos motivatsiya bo‘lib xizmat qilishiga ishonamiz.

– Dasturlash sohasini tanlashingiz sababi va bu sohada ishlashning mashaqqatlari nimada?

– Oltinchi sinfdaligimda MS Excel 2003 dasturida katakchalarni dinamik to‘ldirish va formulalarni yozishni o‘rganganman. Shundan keyin ayti sohasiga qiziqib ketganman. Maktabimizda informatika, matematika va fizika fanlari interaktiv tarzd+a o‘tkazilardi. Ayniqsa, turli formulalar, raqamlar bilan ishlash, hisoblash va kompyuter texnikasiga oid ishlarni katta qiziqish bilan bajarardim. Keyinchalik universitetga topshirish jarayonida hech ikkilanmay shu sohani tanladim, chunki kelajagimni IT sohasida ko‘rgandim. Hozirda EPAM Systems kompaniyasida dasturchi-muhandis sifatida ishlayapman.

Inson o‘zi yoqtirgan ishni qilsa, bu orqali har ikki tomonlama, ya’ni ham kompaniya, ham shaxsiy rivojlanishda yuqori natijalarga erishish mumkin. Bu bilan aytmoqchimanki, kasb tanlashda, albatta, shaxsiy qiziqishlarni inobatga olish kerak. Ba’zan uzoq vaqt kompyuter qarshisida o‘tirish, aqliy mehnat sabab charchoqni his qilish tabiiy, ammo qilayotgan ishingiz, uning natijasini olish, loyihalarda ishlash va sizning ham hissangiz qo‘shilgan mehnat mahsulining insonlar hayotini yengillashtirayotganini ko‘rib, o‘zingizdan mamnunlikni his qilasiz.

– Dasturlash sohasida yaxshi mutaxassis bo‘lish uchun qanday fundamental bilimlar kerak va oliy ta’limda o‘qish qanchalik muhim?

– O‘ylaymanki, eng birinchi o‘rinda maqsadni aniq qilib olish kerak. IT mutaxassisi bo‘lishni istovchilardan barcha sohalar qatori, o‘z navbatida, ishtiyoq talab qilinadi. Bundan tashqari, matematika, informatika va mantiqni yaxshi bilish dasturlash tillarini tezroq o‘rganishda qo‘l keladi. Xususan, kompyuter ilmlarini yaxshi bilish zarur. Xorijiy tillarni bilish esa dasturchiga yanada ko‘proq imkoniyatlarni taqdim yetadi, masalan, xorijda ta’lim olish, nufuzli universitetlarning bepul onlayn kurslarida malaka oshirish va hatto xorijiy kompaniyalarda ishlash ham mumkin. Shaxsiy qarashlarimga ko‘ra, kuchli mutaxassis bo‘lishda ta’lim eng muhim omillardan biri – u xoh oliy ta’lim bo‘lsin, xoh ustoz-shogird an’analari asosida. Muhimi, o‘rganish va tajriba orttirish, deb hisoblayman.

– Keling, suhbatimizni siz tahsil olib qaytgan oliygoh, ya’ni Koryo universiteti haqida davom ettirsak. O‘qishga kirish jarayoni qanday bo‘lgan?

– Rostini aysam, universitetga qabul qilinishim nisbatan oson bo‘lgan, lekin bu universitetda o‘qish juda ham mashaqqatli. Janubiy Koreyaning Seul shahrida joylashgan Koryo universiteti ushbu davlatdagi eng nufuzli universitetlardan biri bo‘lgani sababli ham o‘qishga qabul qilish jarayonida bilimi kuchli chet ellik talabalarni saralab oladi. Birinchi bosqichda talab qilingan barcha hujjatlar va tavsiyanomalarni topshirganman va bu bosqichdan o‘tgach, meni suhbatga taklif qilishgan. Intervyu jarayonida ularning savollariga imkon qadar kreativ javob berishga harakat qilganman. Bu bosqichdan ham muvaffaqiyatli o‘tib, universitet talabasiga aylangandim.

– IT sohasi bo‘yicha o‘qitishda Koreya universitetlari qanday metodlardan foydalandi? Nima deb o‘ylaysiz, mamlakatimizda ham ularni qo‘llash mumkinmi?

– Koreyada IT sohasi bo‘yicha ta’limga keladigan bo‘lsak, bakalavr darajasida O‘zbekistondan tubdan farq qilmaydi. Ya’ni, IT sanoatida Koreya bozorida nimaga talab bo‘lsa, shuni o‘rgatishadi. Koreyadagi sanoatdan kelib chiqadigan bo‘lsak, u yerda IoT (Internet of Things) yarim o‘tkazgichlar bozori rivojlangan va ta’lim ham ko‘proq shunga ixtisoslashgan. Men o‘qigan universitetda ham shunga oid fanlar ko‘p bo‘lgan. Darslarni ingliz va koreys tillarida pedagog jihatidan kuchli professorlar emas, balki ilmiy tadqiqotlarga moslashgan professorlar o‘tgani uchun ulardan o‘rganish qiyin bo‘lgan. Koreys kursdoshlarim qatori men ham ma’ruzalardan keyin baribir o‘zim o‘rganishimga to‘g‘ri kelgan. O‘ylaymanki, IT sohasini o‘rganishda amaliyot eng muhimi, har bir olinayotgan bilim amaliyotda qayta va qayta sinab ko‘rish orqali mustahkamlanishi lozim.

– Qanday dasturlash tillarini bilasiz?

– Turbo Pascal dasturlash tilini o‘rganishdan boshlaganman. Keyinchalik boshqa dasturlash tillarini ham o‘rgandim. Eng ko‘p foydalaniladigan dasturlash tillaridan Java, SQL, Python, TypeScript kabilarni bilaman.

– IT-Park va EPAM Systems hamkorlikda talabalar uchun IT laboratoriyasi yaratildi. Xo‘sh, natijalar bo‘lyaptimi?

– EPAM Systems buyurtma asosida dasturiy ta’minot ishlab chiqarish hamda konsalting sohasi bo‘yicha Markaziy va Sharqiy Yevropadagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Ayni damda kompaniyaning filiallari dunyoning 20dan ortiq davlatlarida faoliyat ko‘rsatmoqda. EPAM Systems laboratoriyasi yoshlarni IT sohasiga o‘qitish va tajriba orttirishlarida eng samarali loyihalardan biri deb bilaman. Kompaniyaga kirganimdan keyin ko‘pchilik hamkasblarim aynan shu laboratoriya yoki unga aloqador bo‘lgan o‘quv dasturlarini tugatishganini bildim. Ish jarayonida ularning ancha yaxshi tajribaga ega ekanliklari o‘z ishlarini aniqlik va kreativlik bilan bajarishlarida yaqqol ko‘rinib turadi. O‘ylaymanki, bu kabi loyihalar dasturlash sohasida kuchli mutaxassislarni tarbiyalashda o‘z natijasini yaqin yillarda yaqqol ko‘rsatishni boshlaydi.

– Ish va shaxsiy hayot o‘rtasidagi balansni saqlash uchun nimalar qilasiz?

– Eng muhimi, oltin o‘rtalikni topish. Imkon qadar loyihalarni vaqtida tugatishga harakat qilaman. Yaqinlarim bilan vaqt o‘tkazish, do‘stlar bilan tez-tez uchrashib turish orqali fikr almashishni yaxshi ko‘raman. Bu ko‘pincha ish jarayonida bo‘ladigan charchoq va turli stresslarni oson engishda ko‘maklashadi. Kun davomida faol bo‘lishga urinaman, chunki ko‘pincha kompyuter qarshisida uzoq o‘tirish tanada qonning yaxshi aylanishiga salbiy ta’sir qiladi. Doimiy ravishda dam olish kunlarimda sevimli sport turim – stol tennisi bilan shug‘illanib turaman.

– Ko‘pchilik o‘ylaydi, dasturchilarda kitob mutolaasiga vaqt yoki qiziqish har doim ham bo‘lavermaydi? Sizga kitob o‘qish yoqadimi?

– Albatta kitob o‘qib turaman, sababi inson ma’naviy ozuqani va ruhiy tarbiyani ko‘pincha mutolaa qilishdan oladi. Bundan tashqari, davomiy kitob o‘qishni odat qilish inson miyasi faoliyatini ham yaxshilaydi. Eng ko‘p o‘qiydigan kitoblarim XIX-XX asr Amerika klassik adabiyoti, ma’rifat davri yozuvchilari – Volter, Immanuel Kant, David Hume asarlari, hozirgi kungi psixologiya sohasidagi olimlar Jordan Peterson, Noam Homski, Mixay Chiksentmixayi va boshqa bir qator yozuvchilar asarlarini o‘qib turaman.

– Kelgusi yillar davomida o‘zingiz uchun qanday maqsadlar qo‘ygansiz?

– O‘ylaymanki, inson har doim o‘z ustida ishlashi kerak, ayniqsa, IT sohasi har bir mutaxassisdan uzluksiz rivojlanishni talab qiladi. Birinchi navbatda, o‘z sohamda ko‘proq tajriba orttirish va xorijlik kuchli mutaxassislardan yangi bilimlar o‘rganishni reja qilganman. Bundan tashqari, nufuzli xalqaro tashkilotlarga ishga kirish va dasturlash sohasida muvaffaqqiyatli karera qilish o‘z oldimga qo‘ygan maqsadlarimdan biridir.

Mashhura RAHMONOVA suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring