Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

5 milliard dollar jarima undirishmoqchi: «Google»ning aybi nima?

5 milliard dollar jarima undirishmoqchi: «Google»ning aybi nima?

Foto: «Ferra.ru»

Kaliforniya (AQSh) sudiga foydalanuvchilar haqida pinhona ma’lumot to‘plagan «Alphabet» xoldingiga qarshi («Google» shu xolding tarkibida) jamoaviy da’vo kiritildi. Har bir jabr ko‘rgan foydalanuvchi uchun 5 ming dollardan (jami 5 mlrd. dollar) undirib olish ko‘zlanmoqda, deyiladi «Reuters» xabarida.

Ma’lumotlarni noqonuniy yig‘ishda statistika servisi, reklama menejeri va smartfonlarga o‘rnatilgan boshqa ilovalardan foydalanilgan. Hatto saytlarni anonim ko‘rish rejimida ham foydalanuvchilarning ma’lumotlari kompaniyaga kelib turgan.

Dunyodagi eng yirik internet-qidiruv tizimi qonunbuzarlikda ilk marta qo‘lga tushayotgani yo‘q.

Biroq kompaniyaning ham o‘z vajlari bor, masalan, ma’lumot chiqib ketishi faqat qidiruv tizimiga emas, balki foydalanuvchilar kiruvchi saytlarga ham bog‘liq.

Ekspertlar tomonlar tinchlik bitimi tuzadi degan fikrni bildirishyapti — kompaniya jarimaga tortilgan taqdirda ham uning miqdori uncha katta bo‘lmaydi.

«Kaliforniya qonunchiligida ma’lumotlarni to‘plash va ishlov berish qoidalarini buzganlik uchun jarima miqdori uncha katta emas, — deydi intellektual mulk bo‘yicha yurist Andrey Mironov. — Har bir foydalanuvchi uchun 750 dollar bilan chegaralanadi. Biroq shu ma’lumot to‘plashda yetkazilgan zarar miqdori bundan oshib ketgan bo‘lsa, ana shu yetkazilgan zararni qoplashga umid qilish mumkin. «Google», albatta, buni to‘laydi, biroq jarima miqdori bundan-da yirik bo‘lishi haqiqatdan yiroq».

Shaxsiy ma’lumotlarga qiziqishning ortida katta pullar yashiringan. «Google» asosiy daromadni reklamadan oladi. O‘tgan yili ishlab topgan 165 milliard daromadining 135 milliardini aynan reklama yo‘nalishi keltirdi. Foydalanuvchilar, ularning qiziqishlari, qayerdaligi, qayerga borishlari to‘g‘risidagi batafsil ma’lumot — bularning barchasi reklama e’lonlari samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring