Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

2019-yili «rahmatli» bo‘lgan sakkizta texnologiya (video)

2019-yili «rahmatli» bo‘lgan sakkizta texnologiya (video)

Yakuniga yetayotgan yilda ko‘plab yangi gadjetlar taqdim etildi, yangicha servislar ishga tushirildi, texnologiya yangi yutuqlarga erishdi. Biroq shu yili tarix qatlariga «dafn etilgan»lari ham bor, deb xabar bermoqda «Terabayt».

  1. AirPower

Apple o‘z devayslari uchun AirPower simsiz quvvatlovchi stansiyasini hali 2017-yiliyoq e’lon qilgan edi. Joriy yilning mart oyida hatto Apple Store onlayn do‘konining Avstraliya versiyasida AirPower suratini topib olishgan ham edi. Biroq oxir-oqibatda korporatsiya mazkur mahsulotini chiqarmasligini rasman ma’lum qildi.

  1. iTunes

Kupertinoliklar kompyuterlari uchun macOS Catalina operatsion tizim talqini chiqishi bilan iTunes ilovasi g‘oyib bo‘ldi. Uning funksiyalari Music, TV va Podcasts ilovalariga taqsimlab berildi, iPhone yoki iPadni kompyuter bilan sinxronlash esa Finder orqali amalga oshiriladi.

Apple aslida iTunes ilovasini iPod pleyerida musiqani boshqarish utilitasi sifatida 2001-yili taqdim etgandi. Orada o‘tgan 18 yil mobaynida u musiqa va video bilan bevomita aloqador bo‘lmagan ko‘plab imkoniyatlar bilan boyitildi. 2019-yilga kelib esa «olmali» kompaniya uni o‘z kompyuterlaridan olib tashladi; iOS tizimida esa iTunes Store qolgan, shuningdek, Windows tizimida iTunes dasturining desktop versiyasi o‘zgarishsiz saqlanib qolgan.

  1. Coolest Cooler

Bu loyiha 2014-yili Kickstarter kraudfandingida 13 million dollardan oshiq mablag‘ to‘plab, ushbu platformada barcha rekordlardan oshib ketgandi. Coolest Cooler portativ xolodilnik bo‘lib, uning o‘zida yana blender, akustika tizimi va smartfonlarni quvvatlash porti ham mavjud.

Unga oldindan buyurtma rasmiylashtirgan minglab kishilarga mazkur mo‘’jizaviy qurilma baribir yetkazib berilmadi, chunki uni ishlab chiqqan startap o‘zining yopilishini e’lon qildi.

  1. 3D Touch

Apple smartfonlaridagi eng ilg‘or, ammo yetarlicha qadr topmagan funksiyalardan biri 3D Touch bo‘ladi. Uning mohiyati – ekranga bosish kuchiga qarab turli opsiyalar bajarilishidadir. Dastlab iPhone 6s modelida paydo bo‘lgan bu texnologiya to iPhone XS va XS Maxgacha barcha ayfonlarda qo‘llangan. iPhone XR hamda 2019 yili namoyish qilingan Apple smartfonlarida esa 3D Touchdan voz kechilgan.

  1. Google+

Qidiruv gigantining ijtimoiy tarmog‘i bo‘lgan Google+ uning blogerlik platformasi – Google Buzz o‘rniga 2011-yili taqdim etilgandi. O‘tgan yillar mobaynida bir necha evrilishlar bilan jon saqlab kelgan bu servis baribir o‘zini oqlamadi va yopildi.

  1. 12 dyuymlik MacBook

MacBookning ushbu ixcham modelini, garchi kamchiliklari bo‘lsa-da, ko‘pchilik yaxshi qabul qilgandi. 2015-yili taqdim etilgan bu noutbuk MagSafe va boshqa ko‘plab odatiy portlardan mahrum edi. Aftidan, Apple uni ixchamligi bilan ilg‘or planshet – iPad Pro bilan raqobatlashgani uchun chiqarmay qo‘ygan.

  1. Windows 10 Mobile

Ushbu operatsion tizim boshqaruvi ostidagi smartfonlar 2016-yildan beri ishlab chiqarilmayotgan bo‘lsa-da, Microsoft baribir hozirgacha uni yangilab kelyapti. Kompaniya yaqinda uning butkul to‘xtatilishini e’lon qilgan.

  1. Google Inbox

Bu – qidiruv gigantining pochta servisi bo‘lib, Gmail o‘rnini egallashi mumkin edi, biroq foydalanuvchilar uni juda murakkab, deb hisoblashdi. Natijada uning ko‘plab funksiyalari Gmailga o‘tkazildi va Inbox servisi ham Google qabristonidan joy oldi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring