«Zamonaviy maktab»: sifatli ta’lim, namunali boshqaruv, malakali mutaxassis, qulay infrastruktura

Bugun har bir ota-ona farzandining ta’lim sifati va shart-sharoiti yuqori maktabda tahsil olishini istaydi. Qolaversa, so‘nggi yillarda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga mos ravishda ta’lim muassasasi ham har tamonlama rivojlangan, qisqacha aytganda, zamonaviy qiyofada bo‘lishi lozim. Shu o‘rinda maktablar o‘zi qanday ahvolda, qaysi biri qay jihatdan kuchliroq yoki aksincha, qay darajada orqada qolayapti, degan savollar tug‘ilishi tabiiy. Ya’ni bugun o‘ziga xos umumta’lim muassasalari reytingiga ehtiyoj bor.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Zamonaviy maktab»larni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi (2019-yil 26-noyabrdagi PQ-4537-son) qarorida aynan shunday reyting tizimini yaratish vazifasi qo‘yilgan edi. Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida, Ofsted tajribasini o‘rganib va Jahon banki ekspertlarini jalb qilgan holda hamda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan hamkorlikda «Zamonaviy maktab»larga qo‘yiladigan talablar va ular asosida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini baholash mezonlari hamda metodikasi» ishlab chiqildi.
Dastlab «Zamonaviy maktab»larga qo‘yiladigan talablar haqida so‘z yuritamiz. Talablar asosiy 4 ta soha, 11 ta bo‘lim va 38 ta mezonga bo‘lingan bo‘lib, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari to‘plashi mumkin bo‘lgan jami ball – 1000 ball deb belgilangan. Har bir mezon alohida indeks sifatida hisoblanib, yakunda to‘plagan ballga qarab muassasalar reytingi tuziladi.
«Zamonaviy maktab»larga qo‘yiladigan talablarning asosiy sohalari va ularga ajratilgan ballar
1-jadval
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini «Zamonaviy maktab»larga qo‘yiladigan talablar asosida baholash elektron platforma orqali hamda ekspert baholash metodlari yordamida aniqlanib, ma’lumotlarni maxsus yaratilgan elektron platformaga kiritish, mutaxassislar tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganish orqali amalga oshiriladi.
«Zamonaviy maktab»larga qo‘yiladigan talablar asosida baholash metododikasi»da asosan 3 turdagi ball hisoblash mavjud. Bular – ko‘rsatkichli (bunda belgilangan ko‘rsatkichlarning mavjudligi va holatiga qarab ballar yig‘iladi), foizli (bunda baholanayotgan mezonlar nisbat orqali aniqlanib, natijaga qarab ballar taqsimlanadi) va proporsiyali (bunda ko‘rsatkichlar formula orqali hisoblanganda, eng ko‘p ball to‘plagan muassasaga ko‘rsatkich uchun ajratilgan maksimum ball beriladi, qolgan maktablar birinchi o‘rindagi maktab to‘plagan ballga nisbatan o‘z to‘plagan ballariga muvofiq proporsiyada maksimumga nisbatan kamayish tartibida baholanadi).
Bundan tashqari, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini «Zamonaviy maktab»larga qo‘yiladigan talablar asosida baholash tartibi ham belgilangan bo‘lib, unda ish jarayonini tashkil etishning barcha bosqichlari batafsil yoritilgan.
«Zamonaviy maktab»larga qo‘yiladigan talablarning bo‘limlari va ularga ajratilgan ballar
2-jadval
Umuman olganda, belgilangan mezonlar umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini kompleks baholashga, ularni «Zamonaviy maktab»ga qo‘yilgan talablarga qanchalik mosligini aniqlashga qaratilgan. Baholash natijalari «Zamonaviy maktablar»ga qo‘yiladigan talablarga mos keladigan muassasalarga tegishli darajadagi muvofiqlik sertifikati berish, shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini «Zamonaviy maktab» talablariga muvofiqlashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish uchun ham asos bo‘lib xizmat qiladi.
Loyihaning amalda tatbiq etilishi
Belgilangan talablar 2 bosqichda tajriba-sinovdan o‘tkazildi. Dastlabki bosqichda respublikamizning turli hududlaridan 11 ta maktab tanlab olinib, qo‘yilgan talablar asosida baholandi. Aprabatsion baholash natijalariga ko‘ra, «Zamonaviy maktab»larga qo‘yiladigan talablar takomillashtirildi. Keyingi bosqichda Shayxontohur tumanidagi 4ta maktabda baholash amalga oshirildi. Bunda anketa-so‘rovnoma, dastlabki o‘rganishdan o‘tkazish hamda «Ekspertlar guruhi» tuzgan holda joyida o‘rganish kabi bosqichlar asosida natijalar tahlil qilindi.
Birinchi baholashni o‘tkazish uchun barcha hududlardan 3 tadan turli kattalik va turli holatdagi jami 42 umumta’lim muassasalari tanlab olindi, bu orqali ishlab chiqilgan metodika barcha turdagi maktablarda qo‘llanishi mumkinligi ham sinovdan o‘tkazildi.
Natijada, ushbu 42 ta maktabdan 8 ta (19%) maktab «Zamonaviy maktab» maqomiga ega bo‘ldi, 34 tasi (81%) esa mezonlarga to‘liq javob bermagani aniqlandi.
«Zamonaviy maktab» maqomiga erishgan maktablar va ularning natijalari quyidagicha:
– 1 ta maktab – «2-darajali «Zamonaviy maktab» maqomi;
– 7 ta maktab – «3-darajali «Zamonaviy maktab» maqomi.
Baholash natijasida har bir maktabga 38 ta mezon bo‘yicha ko‘rsatkichlarni yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar beriladi va «Zamonaviy maktab» darajasiga olib chiqish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar belgilanadi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, yangi reyting tizimi anologi mavjud bo‘lmagan, maktab faoliyatining barcha yo‘nalishlarini qamrab olishga qaratilgan. Joriy etilganda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kamchiliklarni bartaraf etish mexanizmlari ham belgilab berilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, «Zamonaviy maktab»larga qo‘yiladigan talablar hamda ular asosida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini baholash metodikasi va tartibi»ni amaliyotga joriy etish orqali yurtimizdagi umumta’lim muassasalarini hozirgi holatini to‘liq o‘rganish, ularni «Zamonaviy maktab»larga qo‘yiladigan talablarga moslashtirish bo‘yicha amaliy ishlarni aniq belgilab olish imkoni tug‘ilganligidan kelib chiqib, yil yakuniga qadar respublika bo‘ylab 751 ta umumta’lim maktablari «Zamonaviy maktab»lar mezonlari asosida baholanishi rejalashtirilgan.
Xulosa o‘rnida...
Ushbu tizim ota-onalar uchun farzandlarini umumiy o‘rta ta’lim muassasasiga berishda o‘zlariga mos maktabni tanlashda ko‘makchi bo‘ladi, degan umiddamiz. Zero, yaratilayotgan maxsus platformada maktablar haqida barcha kerakli ma’lumotlar jamlanishi ko‘zda tutilmoqda. Yurtimizda zamonaviy maktab maqomiga sazovor maktablar soni esa yildan-yilga ko‘payib, kelajak avlodlarimiz yurtga munosib farzand bo‘lib ulg‘ayishsa ajab emas.
Sardor Rahimboyev, Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi Zamonaviy maktablarni baholash va sertifikatlash xizmati boshlig‘i
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter