Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

 «Yangi O‘zbekiston» universiteti rasman ochildi (foto)

 «Yangi O‘zbekiston» universiteti rasman ochildi (foto)

Foto: «Xabar.uz»

«Yangi O‘zbekiston» universitetining rasman ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Taqdimotdan so‘ng o‘quv binosi hamda talabalar turar-joyi bo‘ylab press-tur tashkil etildi.

Universitetda ilk o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan 18-23 oktyabr kunlari tanishtiruv haftaligi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur hafta davomida talabalarga oliygohda yaratilgan shart-sharoitlar, fan o‘qituvchilari, dars jadvallari, baholash mezoni, universitetning ichki tartib-qoidasi, shuningdek, «Yangi O‘zbekiston» ta’lim portali bilan (Intranet) tanishtiriladi.

2021-2022 o‘quv yilida Mexanika muhandisligi, Kimyo muhandisligi hamda Dasturiy ta’minot muhandisligi yo‘nalishlariga qabul bo‘lib o‘tdi. Kirish imtihoni Cambridge Assessment tashkiloti bilan hamkorlikda joriy yilning 6 sentyabr kuni o‘tkazildi. Unda saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan 1213 nafar nomzod ishtirok etdi.  Imtihon natijalariga ko‘ra 200 nafar yigit-qizlar talabalikka qabul qilindi.

— Qoraqalpog‘istonning Nukus shahridagi Prezident maktabini oltin medalga bitirib «Yangi O‘zbekiston» universitetiga hujjatlarimni topshirdim va muvaffaqiyatli o‘tib ushbu universitetning talabasi bo‘ldim, — deydi biz bilan suhbatda Nursultan Duysenbayev. – Bu universitet menga keng imkoniyatlarni ochadi. Chunki bizga xorijdan kelgan yuqori malakali o‘qituvchi-professorlar ta’lim berishadi.

«Yangi O‘zbekiston» universiteti o‘z yo‘nalishida «Dunyoning eng yaxshi 100 universitetlari» reytingida 1-o‘rinda turadigan Massachusets texnologiya universiteti bilan hamkorlik qiladi. Universitetga mahalliy mutaxassislar bilan bir qatorda xorijiy pedagog kadrlar ham jalb etilgan. Oliygohdagi barcha 10ta fundamental fanlar bo‘yicha ilmiy dasturlarni ishlab chiqish va o‘quv jarayoniga tatbiq qilish uchun TUM International bilan hamkorlik olib borildi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident ta’lim muassasalari agentligi delegatsiyasi Agentlik rahbari Hilola Umarova boshchiligida Germaniyaning Myunxen shahrida bo‘lib, TUM International rahbari Friyederika Hettinger, universitetning faxriy rektori Volfgang Herrmann, shuningdek, Bavariya davlat kanselyariyasi Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik boshqarma boshlig‘i doktor Marten Shlotter, «Siemens Energy» kompaniyasining o‘quv markazi loyiha boshqaruvchisi Ferdinand Pinzer va yana bir qator mas’ullar bilan uchrashgandi. Tomonlar universitet faoliyati doirasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha bir qancha amaliy ishlar yuzasidan kelishib olishgandi.

Solijon Zoirov,
muallif olgan suratlar

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring