Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vobkent: maktab va maktabgacha ta’lim tizimida nima gap?

Vobkent: maktab va maktabgacha ta’lim tizimida nima gap?

Foto: Xabar.uz

Buxoro viloyati, Vobkent tumani maktab va maktabgacha ta’lim tizimida olib borilgan o‘rganishlar natijasi bo‘yicha o‘tkazilgan tanqidiy va tahliliy yig‘ilishda ko‘plab rahbarlar xayfsan oldi,  mas’ullar ishdan bo‘shatildi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Vobkent tuman hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, Vobkent tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli qator umumta’lim maktablari hamda maktabgacha ta’lim tizimida chuqur o‘rganishlar olib borilgan. O‘rganuvlar natijasida aniqlangan og‘riqli masalalar tuman hokimi o‘rinbosari Sherzod Husenov tomonidan tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tkazilgan yig‘ilishda muhokama qilingan.

Ma’lumot o‘rnida: Tumanda jami 43 ta ta’lim muassasalari mavjud bo‘lib, shundan 41 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablari, 1 ta matematika faniga yo‘naltirilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi ixtisoslashtirilgan agentlik maktabi hamda 1 ta «Barkamol avlod» bolalar maktabi mavjud. Ushbu maktablarda jami 21484 nafar o‘quvchilar ta’lim olishadi.

Ta’mirlangan, ammo tozalanmagan...

Vobkent tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbari Murod Farmonovning so‘ziga ko‘ra, joriy o‘quv yili boshlanishida maktablarda o‘quvchilarni kitobga bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida 100 million so‘m mablag‘lar evaziga badiiy kitoblar xarid qilingan. 200 million so‘m mablag‘lar evaziga kameralar o‘rnatish ishlari amalga oshirilgan. 2023-2024 o‘quv yilida umumiy o‘rta ta’lim maktablarining ta’mirlanishi uchun 12 milliard so‘m mablag‘lar sarflangan. 

«Shunga qaramasdan, bajarilishi lozim ishlarga e’tiborsiz yondoshganlar ham yo‘q emas. Talay kamchiliklar mavjud. Tumandagi 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabining o‘yingoh qismi open budjet mablag‘lari hisobidan 550 million so‘m mablag‘ asosida to‘liq ta’mirlangan bo‘lsa-da, maktab maydonlarni obodonlashtirilmagan. Hududni begona o‘t va tikanlar bosib yotgani maktab ma’muriyatini ajablantirmagan, hatto. Undan tashqari, o‘quvchilar davomati talab darajasida emas, dars taqsimotida noroziliklar tufayli maktabda nosog‘lom muhit shakllangan. Xuddi shuningdek, 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabi investitsiya dasturi asosida 9.4 milliard so‘m mablag‘lar asosida to‘liq ta’mirlangan. Biroq, maktab hududidan qurilish materiallari, chiqindilari hanuzgacha tozalanmaganini qanday izohlash mumkin? Maktab o‘quvchilari  tomonidan turli huquqbuzarliklar sodir etilayotgani xususida gapirmasa ham bo‘ladi. Maktabdagi qishki mavsum uchun yig‘ib qo‘yilgan o‘tinlarni yonib ketishini hech qanday so‘z bilan izohlab bo‘lmaydi. Bu mas’uliyatsizlik emasmi?»-degan tuman hokimi o‘rinbosari.

Ma’lum bo‘lishicha, 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari ko‘rilmagan. Maktabda obodonlashtirish ishlari nomigagina amalga oshirilgan, begona o‘tlar chopilmagan, maktab chiqindixonasi axlatga to‘lib ketgan, tozalanmagan. Achinarlisi, tuman IIB tomonidan tungi qorovullarni nazorat qilish tadbiri o‘tkazilganda, maktab qorovuli o‘z o‘rniga begona shaxsni qo‘yib ketgani, xuddi shu vaziyatda qorovul va maktab direktori holat joyiga chaqirilganda, ular turli bahonalarni ro‘kach qilishgan. Oradan bir hafta o‘tgach, yana shu tadbir o‘tkazilganda, o‘sha qorovul bu gal uxlab yotgani aniqlangan.

«Sog‘lom ovqatlanishni tashkil etish va sanitariya me’yor va qoidalari asosida o‘quvchilar uchun taomlar tayyorlash, tayyorlangan taomlarning sifati yaroqliligi bo‘yicha maktab ma’muriyati javobgar.  Afsuski, tumandagi 7-, 9-, 12-, 14-, 20-, 21-, 26-, 30-, 35- umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ushbu qoidalarga amal qilinmagan. Tuman sanepidemologiya bo‘limi tomonidan o‘rganish ishlari davom etmoqda»,deya davom etgan o‘z so‘zida Sherzod Husenov.

Mudiralarga «hayfsan», xo‘jalik mudirlariga «qizil kartochka»

Tumandagi maktabgacha ta’lim tashkilotilari ham qattiq tanqid ostiga olingan. Bir qator mudiralarga «hayfsan» berilgan, xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlarga esa «qizil kartochka» ko‘rsatilgan, ya’ni so‘zsiz ishdan bo‘shatilishgan.

Tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbari Murod Farmonovning bildirishicha, viloyat hamda tuman hokimligi mahalliy budjet mablag‘lari asosida mavjud maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun 250 million so‘m mablag‘lar hisobiga turli o‘lchamdagi gilamlar, 145 millon so‘mga idish-tovoq buyumlari, 494 million so‘mga ko‘rpa-to‘shaklar, 150 million so‘mga bo‘yoqlar va qurilish materiallari va 400 million so‘mga mebel jihozlari yetkazib berilgan. Jami 6 milliard so‘m mablag‘lar hisobiga qator maktabgacha ta’lim tashkilotlari infratuzilmasi yaxshilangan.

Biroq, hujjatlarga ko‘ra, 142 million so‘mga sotib olingan 2 837 tup ko‘chatlarning 200 tupi  o‘tqazilmagani aniqlangan. 7-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida ekilishi kerak bo‘lgan 128 tup ko‘chatdan atigi 27 tupi o‘tqazilgan bo‘lsa, 5-son bog‘chada 95 tup ko‘chatdan 57 tupi o‘tqazilmagani ochiqlangan.

10-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti o‘rganilganda, ombor daftari, brokeraj daftari, tez aynuvchi mahsulotlarni ro‘yxatga olish daftarlari yuritilmagani, mahsulotlarning sifatli saqlanishiga rioya qilinmagani aniqlangan. Hatto, bolalarga oziq-ovqat mahsulotlari me’yor talablari asosida berilmagan. Bir bolaga 80 gramm mol go‘shti berilishi o‘rniga 70 gramm mol go‘shti berilgan. Quyiltirilgan sut, murabbo va meva qiyomini qayta ishlov bergan holda bolalarga yedirilishi o‘rniga tayyor holda bolalarga non bilan berilib kelingan. O‘rganish natijasida muassasa mudirasi hamda xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosarga «hayfsan» jazo chorasi qo‘llanilgan. Xuddi shunday holat tumandagi 16- hamda 19-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida ham kuzatilgan.

«30-DMTT o‘rganilganda,  ta’minotchi korxonalar orqali yetkazib berilgan mahsulotlarda nomutanosiblik aniqlandi. Mol go‘shti, shakar va un mahsulotlarida kamomad kelib chiqdi. Mahsulotlar sifatli saqlanishiga rioya qilinmagan. Xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosar vazifasidan ozod qilindi. 29-DMTTda esa mudira hamda xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlarning ish joyida yo‘qligi, bolalar qatnovi qamrovga nisbatan past ekani aniqlandi. Bundan tashqari, mahsulotlarning sifatli saqlanishiga rioya qilinmagan, bolalarga me’yor asosida oziq-ovqat mahsulotlari berilmagan. Ushbu muassasa mudirasi va o‘rinbosariga ham «Hayfsan» jazo chorasi qo‘llanildi»,— deb o‘tilgan yig‘ilishda.

Ma’lum bo‘lishicha, tumandagi 100 o‘ringa mo‘ljallangan 31-davlat maktabgacha ta’lim muassasida bolalar qamrovi o‘rganilganda, 67 nafar tarbiyalanuvchi mavjudligi aniqlangan.  Hisobxona ma’lumotlari bilan omborxonadagi oziq-ovqat mahsulotlari qoldiqlarida kamomad chiqqan.

Kamomadlar joyiga qo‘yildi. Belgilangan muddatda qo‘shimcha chora ko‘riladi, tibbiyet, seminar tashkil etilgan. Ota-onalar qo‘shimcha guruhlar oqvkatlanish va tadbirlar telegramm guruhlar

«Tumanda jami 35 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari mavjud bo‘lib, jami 8165 nafar bola tarbiyalanadi. Shuningdek, 4 ta xususiy sherikchilik asosidagi hamda 1 ta xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti bor. Barcha muassasalar chuqur va tahliliy o‘rganildi. Mudir va o‘rinbosalariga yuqoridagi singari jazo choralari qo‘llanildi. E’tiborsizlik va mas’uliyatsizlik ortida yuzaga kelgan kamomadlar joyiga qo‘yildi. Bunday reyd tadbirlari yana davom etadi. Belgilangan davrgacha muassasalardagi mavjum kamchiliklar bartaraf etilmasa, mas’ullarga nisbatan qat’iy choralar ko‘riladi»,— dedi Vobkent tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbari Murod Farmonov «Xabar.uz»ga bergan intervyusida.

Laylo Hayitova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring