Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

To‘lov-kontrakt miqdori oshganiga izoh berildi

To‘lov-kontrakt miqdori oshganiga izoh berildi

Foto: Xabar.uz

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi yangi o‘quv yili uchun respublika OTMlarida bakalavriat va magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha to‘lov-kontrakt miqdorlari yuzasidan sharh berdi.

Vazirlik izoh berishicha, 2020/2021 o‘quv yili boshida koronavirus pandemiyasi davrida aholini ijtimoiy himoya qilish, xususan, aholining to‘lov qobiliyati pasayishini hisobga olib, talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorlariga (ya’ni stipendiyasiz summaga) 10 foiz miqdorda chegirma qilingan edi.

Ya’ni 2021-yil 1 fevraldan ish haqi miqdorlari 10 foizga oshirilgan bo‘lsa-da, o‘quv yili uchun chegirma berilgan bazaviy kontrakt miqdori saqlab qolindi.

Misol tariqasida oladigan bo‘lsak, pedagogika, texnika, gumanitar fanlar ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kunduzgi shaklda to‘lov-kontrakt miqdori chegirma hisobiga 5 771 349 so‘m etib belgilangan edi. Aslida esa mazkur yo‘nalishlarda kontrakt miqdori 2020 yil 1 sentyabrdan 6 412 610 so‘m, 2021 yil 1 martdan boshlab esa o‘quv yili uchun belgilangan miqdorga nisbatan 16 foiz yuqori, ya’ni 6 733 555 so‘m miqdorida bo‘lishi kerak edi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, belgilangan tartibga muvofiq, 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab 2021/22 o‘quv yili uchun (stipendiyasiz) bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorlari ta’lim yo‘nalishlariga qarab 7 759 440 so‘mdan 11 869 440 so‘mgacha belgilanib, 34,4 foizga oshirilishi lozim edi.

Shunga qaramasdan, Davlat komissiyasining qabul qilgan qaroriga asosan, bugungi kunda respublikadagi pandemiya sharoitini inobatga olib, bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorlari haqiqatda o‘rnatilishi lozim bo‘lgan miqdorlarga nisbatan kamaytirilgan miqdorlarda tasdiqlandi, ya’ni 2021/22 o‘quv yilida to‘lov-kontrakt miqdorlari 10 foiz oshirilmagan, balki o‘rnatilishi lozim bo‘lgan miqdorga nisbatan 21,1 foizga kam etib belgilangan.

E’tiborlisi, bunda koronavirusga qarshi ixtiyoriy ravishda emlangan kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalar uchun kontrakt miqdori o‘zgarishsiz qoladi.

Misol uchun, pedagogika, texnika, gumanitar yo‘nalishlarida o‘qiyotgan talabalar stipendiyasiz bazaviy to‘lov-kontrakt summasi 10 foiz miqdorda chegirma bonusi berilgandan so‘ng 5 771 349 so‘mni tashkil etadi.

Shuni ham alohida ta’kidlab o‘tish lozimki, bugun belgilangan to‘lov-kontrakt miqdorlari talabani o‘qitish xarajatlarining o‘rtacha 68,4 foizini qoplaydi xolos.

Rasmiy bayonotda aytilishicha, yangi tartibni joriy etishda hukumatimiz pandemiya sharoitida respublika aholisining to‘lov qobiliyati pasayganligini hisobga olib, farzandi to‘lov-kontrakt asosida o‘qiydigan oilalarga yengillik yaratish va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadlarini ko‘zda tutgan.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring