TATUga o‘tgan yilga nisbatan 40 foiz ko‘p abituriyent hujjat topshirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga joriy yildagi Murojaatnomasida taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar hamda zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz zarur va shartligi, bu bizga yuksalishning eng qisqa yo‘lidan borish imkoniyatini berishi, zero, bugun dunyoda barcha sohalarga axborot texnologiyalari chuqur kirib borayotganligiga alohida e’tibor qaratgandi.
Har bir yangi sohada bo‘lgani kabi raqamli iqtisodiyotga o‘tish jarayonida ham malakali kadrlar masalasi ustuvorlik kasb etadi. Ushbu masalada ya’ni kadrlar tayyorlashda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining o‘rni beqiyosdir.
Mana shu dolzarb masalalarni amalga oshirish uchun Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bu yilgi 2020/2021 o‘quv yilida bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha «Raqamli iqtisodiyot» (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha) ta’lim yo‘nalishi, magistratura ta’lim shaklda «Kompyuter grafikasi va dizayn», «Kompyuter ilmlari va dasturlash texnologiyalari (yo‘nalishlar bo‘yicha)», «Geoaxborot tizimlari va texnologiyalari», «Ma’lumotlar ilmi (Data Science)», «Sun’iy intellekt», «Optik tolali tarmoqlar texnik ekspluatatsiyasi», «Multiplikatsion filmlar texnologiyalari», «Sun’iy yo‘ldoshli aloqa tizimlari» kabi yangi va zamonaviy ta’lim yo‘nalishlari ochildi hamda abituriyentlar qabuli amalga oshirildi.
O‘tgan 2019/2020-o‘quv yilida universitetga jami 15 843 nafar abituriyent hujjat topshirgan bo‘lsa, bu yil 25 957 nafar abituriyent o‘qishga kirish uchun hujjat topshirgan. Ya’ni o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 10 114 nafar yoki qariyb 40 foiz ko‘p hujjat qabul qilindi. Yoshlar orasida TATUda o‘qish istagi ortib bormoqda.
Bugungi kunda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida kunduzgi bakalavr ta’lim shaklida 6 486 nafar, maxsus sirtqi bakalavr ta’lim shaklida 261 nafar, ikkinchi mutaxassislik ta’lim shaklida 112 nafar, sirtqi ta’lim shaklida 1068 nafar, magistratura ta’lim shaklida 390 nafar, jami 8 317 nafar talaba tahsil olmoqda.
So‘nggi yillarda universitetda bir qancha yangi ta’lim yo‘nalishlari tashkil etilib, talabalarga jahon standartlariga mos bilimlar berilmoqda. Xususan, TATUda 2019/2020-o‘quv yilida bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha «AKT sohasida iqtisodiyot va menejment» fakulteti negizida «Elektron tijorat» ta’lim yo‘nalishi tashkil etildi va talabalarga ushbu yo‘nalish bo‘yicha ta’lim berilmoqda. Shuningdek, 2019/2020 o‘quv yilida magistratura ta’lim shaklida «Tibbiyotda kompyuter tizimlari», «Intellektual axborot-kommunikatsiya tizimlari» kabi yangi, zamonaviy yo‘nalishlar ochildi va ushbu yo‘nalishlarga ham kadrlar tayyorlanmoqda.
Bu yil abituriyentlarning hujjatlarini qabuli jarayonida universitet tomonidan bir qancha amaliy ishlar qilindi. Xususan, abituriyentlar va ularning ota-onalari qulaylik yaratish, ularda mavjud savollarga tezda javob berish uchun maxsus «Call-markaz» ishga tushirilgan bo‘lib, ayni vaqtda ham ushbu markaz ishlab turibdi. Shuningdek, universitetning rasmiy veb-saytida «Qabul-2020« bo‘limi ochildi. Ushbu bo‘limda abituriyentlar uchun zarur bo‘lgan barcha ma’lumotlar, kerakli yo‘riqnomalar berilgan.
TATUda nafaqat qabul jarayonida, balki sentyabr oyining boshida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Davlat test imtihonlari uchun ham bir nechta amaliy ishlar qilmoqda.
Xususan, universitet talabalari tomonidan 2020-2021-o‘quv yili qabulida oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun test sinovlarini o‘tkazish rejalashtirilgan binolarning geomanzilini ko‘rsatib beradigan «ImtihonGo» nomli maxsus mobil ilova ishlab chiqildi. Mobil ilovaga Davlat test markazi tomonidan e’lon qilingan 2020−2021 o‘quv yili qabulida oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun test sinovlarini o‘tkazish rejalashtirilgan joylarning geomanzillari asos qilib olingan hamda shu manzillar ilovaga kiritilishi rejalashtirilgan. Ilova Google Playga joylashtirilgan bo‘lib, dasturni quyidagi havola orqali yuklab olish mumkin.
Bundan tashqari, universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan Davlat imtihonlari shaffofligini ta’minlash maqsadida barmoq izi identifikatsiyasi yordamida pasport egasi haqiqiyligini aniqlaydigan maxsus uskuna yaratildi.
Tizim shaxsiy pasport ma’lumotlarini tekshirish va ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Regula 7024M.111 skanerlarini, pasport chipidagi barmoq izlari bilan murojaat etuvchining barmoq izlarini solishtirish uchun BioLink U-Match 3.5 skanerlarini (ariza beruvchiga tegishli pasportni tekshirish) o‘z ichiga oladi. Maxsus dasturiy ta’minot biometrik ma’lumotlarni olish, qayta ishlash va saqlash imkoniyatiga ega.
Oddiy so‘z bilan aytganda, Regula pasport chipidagi ma’lumotlarni o‘qiydi va dastur barcha ma’lumotlarni ko‘rsatadi, keyin barmoq izi skaneri abituriyentning barmoq izini skanerlaydi va dastur uni pasport chipidagi barmoq izi bilan taqqoslaydi.
Universitet talabasi bo‘lish orzusida hujjat topshirgan barcha abituriyentlarga omad tilagan holda shuni aytmoqchimizki, axborot texnologiyalari sohasi shiddat bilan taraqqiy etib borayotgan yo‘nalish, bu yo‘lni tanlagan inson esa doimiy ravishda o‘z ustida ishlashi, innovatsion texnologiyalarini o‘zlashtirib borishi lozim. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bu yo‘lni tanlab, sinovlardan muvaffaqiyatli o‘ta olgan barcha bo‘lg‘usi talabalar uchun ulkan imkoniyatlar eshigidir.
Manba: mitc.uz
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter