Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ta’lim muassasalari akkreditatsiya sertifikatlarining amal qilish muddati uzaytirildi

Ta’lim muassasalari akkreditatsiya sertifikatlarining amal qilish muddati uzaytirildi

Foto: Navoiy viloyat hokimligi

Ma’lumki, barcha ta’lim muassasalarini attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish vazifasi idoraviy mansubligi va mulkchilik shaklidan qat’i nazar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Akkreditatsiya bu ta’lim muassasalari faoliyati davlat ta’lim standartlariga muvofiqligining davlat tomonidan e’tirof etilishi hamda ularning bitiruvchilariga tasdiqlangan namunadagi ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlarni topshirish huquqini beradi.

Mazkur qarorga ko‘ra maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining ta’lim sifatiga bo‘lgan hisobdorligini oshirishga va har bir ta’lim muassasasida sifat madaniyatini shakllantirishga yo‘naltirilgan ichki baholash tizimi joriy etildi. Ularni attestatsiyadan o‘tish davriyligi 9 yildan 5 yilga, attestatsiya davomiyligi esa 10 kundan 3 kungacha qisqartirildi.

Shuningdek, maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazish mezonlari va ularni baholash texnologiyalari ishlab chiqildi. Ta’lim muassasalarini tashqi baholash uchun tuman (shahar)larda fanlar kesimida 64 nafardan, jami 12553 nafar ekspertlar reyestri shakllantirildi.

Ta’lim inspeksiyasi tashkil etilgandan buyon 4849 ta umumiy o‘rta ta’lim muassasalari attestatsiyadan o‘tkazilib, ularning 4480 tasi (92,4%) akkreditatsiyalandi.

Ta’lim sifati qoniqarsiz deb baholangan 369 ta maktablarda ta’lim sifatini yaxshilash choralari ko‘rildi. Natijada, ularning 154 tasida o‘qitish va ta’lim olish sifati ko‘rsatkichlari yaxshilanib, qaytadan akkreditatsiyalandi, 215 ta maktablar bir yildan so‘ng qayta attestatsiyadan o‘tkazilishi belgilandi.

Dunyodagi koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barcha sohalar qatorida ta’lim tizimiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi. Xususan, barcha ta’lim muassasalarida 2020 yil 16 martdan boshlab ta’lim faoliyati vaqtincha to‘xtatilib, ta’til e’lon qilindi.

Joriy yilning 30 aprelidan barcha umumta’lim maktablarida o‘qish masofaviy ta’lim shaklida yo‘lga qo‘yilib, fanlarni o‘qitish videodarslar asosida amalga oshirilmoqda.

Karantinga oid choralar amal qilish davrida umumiy o‘rta ta’lim maktab jamoasi o‘z faoliyatini masofaviy tarzda amalga oshirishi belgilandi.

Karantin sharoitidan kelib chiqib Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ham o‘z faoliyatini mamlakatimiz aholisining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash maqsadida belgilangan chora-tadbirlar doirasida amalga oshirmoqda.

Maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim muassasalari faoliyatini baholash vositalari va mexanizmlari soddalashtirilib, attestatsiyadan o‘tkazish va akkreditatsiyalash jarayonlari raqamli texnologiyalar asosida masofaviy tashkil etilishi yo‘lga quyildi. Ta’lim muassasalarining attestatsiyasi va davlat akkreditatsiyasi jarayonini onlayn monitoring qilish bo‘yicha «ONACS» – elektron platformasi yaratildi. Shuningdek, onlayn akkreditatsiya reyestri (http://reestr.tdi.uz) ishga tushirildi.

Mazkur platforma qisqa vaqt ichida maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim muassasalari to‘g‘risida tahliliy ma’lumotlarni to‘plashda qulaylik yaratish bilan birga, attestatsiya jarayonidagi byurakratik to‘siqlarni olib tashlash, korrupsiyani oldini olish, mutaxassislarning vaqti va yo‘l xarajatlarini tejash hamda tezkor axborot almashish imkonini beradi.

Shunga qaramasdan, maktabgacha va umumiy ta’lim muassasalarining attestatsiya va davlat akkreditatsiyasi jarayonida tashqi baholash komissiyasi tomonidan muassasaning o‘ziga borgan holda amalga oshiriladigan tadbirlarni tasdiqlangan nizom talablari asosida tashkil etish imkoniyatlari cheklanmoqda.


Ushbu holat natijasida Respublika bo‘yicha 1000 ta maktabgacha, 731 ta umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining davlat akkreditatsiyasi to‘g‘risidagi guvohnomasini amal qilish muddati tugab, maktab bitiruvchilariga davlat namunasidagi attestat berish vakolati yo‘qolishi kutilayotgan edi.
Maktab bitiruvchilarining ta’lim olish huquqlarini ta’minlash maqsadida yuqoridagi ta’lim muassasalarining davlat akkreditatsiyasi to‘g‘risidagi sertifikatlarining amal qilish muddati joriy yilning 31 dekabriga qadar uzaytirildi.

Shu munosabat bilan maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 2020 yilda attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish grafigiga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Unga ko‘ra karantin munosabati bilan joriy yil 16 martdan 28 maygacha o‘tkazilishi lozim bo‘lgan 1000 ta maktabgacha va 731 ta umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining tashqi attestatsiya jarayonlari respublikadagi epidemiologik vaziyat barqarorlashgandan keyin o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Amaldagi tartibga ko‘ra ta’lim muassasalarining attestatsiya va akkreditatsiya jarayonlarida ichki va tashqi baholashdan o‘tkazish tartibi joriy qilingan.

Xususan, ta’lim muassasasi faoliyatini ichki baholash muassasa tomonidan o‘zini o‘zi baholash hisoblanib, uning asosiy maqsadi muassasani tashqi baholashdan o‘tkazishga tayyorlashdan iborat. Ichki baholash jarayonida muassasa faoliyati attestatsiya ko‘rsatkichlari va mezonlari asosida baholanib, ta’lim sifati va mazmunining davlat ta’lim standartlari va davlat talablariga muvofiqligi aniqlanadi hamda mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘riladi.

Maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini tashqi baholashdan o‘tkazish jarayoni 3 kun muddatda amalga oshirilib, unda ta’lim muassasasi tomonidan o‘tkazilgan ichki baholash natijalari tahlil qilinadi.

Shuningdek, o‘quvchi va tarbiyalanuvchilarning yetarlicha bilim olishlari uchun muassasada yaratilgan sharoitlarga baho beriladi. Xususan, o‘quvchilarning bilim darajasi, o‘qituvchilarning salohiyati, ish hujjatlarining yuritilishi, o‘quv va laboratoriya xonalarning jihozlanishi o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish choralari ko‘riladi.

Bu borada ota-onalarning fikrlari va o‘quvchilarning talablarini inobatga olgan holda muassasani rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xarita»lari belgilanib, amalga tatbiq etiladi. Pirovardida ta’lim muassasasidagi sharoitlar yaxshilanib, ta’lim sifati oshishiga erishiladi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, karantin sababli tashqi baholash muddati kechiktirilgan muassasalarda ta’lim sharoitlarini yaxshilashga qo‘shimcha imkoniyat yaratilmoqda. Ushbu muassasalar jamoasi bu imkoniyatdan unumli foydalangan holda attestatsiya jarayonlariga yana ham puxta tayyorgarlik ko‘rishlari maqsadga muvofiq.

RAVShAN ERGAShEV
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi
bo‘lim boshlig‘i

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring