«Tajriba» va «o‘rganish», 4 yil tekinga o‘qish...» – AQSh va Koreyadagi vatandoshlar hikoyasi
Bugungi kunda chet elda muvaffaqiyatga erishayotgan yoshlarimiz ko‘plab topiladi. «Xorijdagi vatandoshlar» loyihamiz orqali quyida ana shunday yoshlar haqida hikoya qilamiz.
Qahramonimiz Abdurahim Shodmonov 2000-yil Buxoro viloyatida tug‘ilgan. 2013- yil oilasi bilan Qo‘shma Shtatlarga ko‘chib o‘tishgan.
O‘z kuchingiz bilan natijaga erishishingiz mumkin
Bolalik yillarim ajoyib xotiralarga boy. Yoz vaqtlarini qishloqda bobomning uylarida o‘tkazardim. 8 sinfgacha Buxorodagi Alisher Navoiy nomli 4-maktabda o‘qiganman. Baholarim juda yaxshi bo‘lgan va har xil sport mashg‘ulotlarida ham ishtirok etardim.
2013-yil Green Card dasturida yutuq chiqib, oilaviy AQShga ko‘chib o‘tganmiz. Dastlabki yillar yashash oson kechmagan. Ota-onam ingliz tilini yaxshi bilmaganliklari tufayli qiyinchiliklar bo‘lgan. Ammo, ular astoydil harakat qilib, bu yerning muhitiga moslashdik. O‘sha yillari 13 yoshda edim, ulg‘ayib albatta yaxshi ishga kirishni niyat qilardim.
Bu yerga kelish va chetdan amerikaliklarni ko‘rib, qanday hayot kechirishi va aksariyat hollarda ularning qo‘lida ko‘p imkoniyatlar bo‘la turib befarqligi ko‘zimni ochgan. Ya’ni, o‘zingiz va atrofingizdagi mavjud imkoniyatdan maksimal foydalanish kerakligini tushunganman.
AQShda nima sohani tanlasangiz o‘z kuchingiz bilan harakat qilib natijaga erishishingiz mumkin. Men shu narsani 2018 yil maktab vaqti tushunib yetdim va biznesga kirishni xohladim.
«Tajriba» va «o‘rganish» deb hisoblaganman
Hozirgi vaqtda asosiy loyihalarimdan biri – Organics Nature (organicsnature.co) deb ataladi. 2020-yilda boshlangan loyiha juda yaxshi o‘sib bormoqda. Loyiha AQSh bozorida onlayn faoliyat yuritadi, aniqrog‘i, odamlar uchun ozuqaviy qo‘shimchalar sotamiz. Jamoamda 10 ga yaqin xodimlar ishlaydi.
Organics Nature’ni boshlamasimdan oldin, bir qancha boshqa loyihalarga harakat qilib vaqt va pul yo‘qotganman. Biroq, bu narsalarga umuman «muvaffaqiyatsizlik» sifatida qaramaganman. Balki, uni faqat «tajriba» va «o‘rganish» deb hisoblaganman.
Yana bir qiziqarli loyihalarimdan biri «Primal Queen» deb, nomlanadi. Biznes hamkorim bilan buning ustida qariyb bir yildan beri ishlayapmiz. Mahsulot faqat ayollar uchun mo‘ljallangan. Loyihaning sayti hali tayyor emas, sentyabr oyidan sotuvni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganmiz.
Qanchalik ko‘p raqobatchi bo‘lsa shuncha yaxshi
AQShda hayot tarzini ham murakkab, ham oson deyish mumkin. Qay birini boshdan o‘tkazish bu faqat o‘zingizga bog‘liq.
Savolingizning ikkinchi qismiga to‘xtaladigan bo‘lsam, raqobatchilarim ko‘p bo‘lishi meni cho‘chitmaydi. Qanchalik ko‘p raqobatchi bo‘lsa shuncha yaxshi. Bu 2 ta narsani bildiradi:
Birinchisi, ko‘p raqobatchi bozorning kattalashishini bildiradi. Bu degani siz yaxshi bozordasiz va faqat savdo bor degani. Lekin savdo kimniki bo‘lishini harakatingiz belgilaydi.
Ikkinchisi, raqobatchilar borligi yaxshiroq bo‘lishingizga undaydi. Chunki, raqobatchi sizdan o‘tishni xohlaydi va siz undan o‘tishni. Bu degani siz sotadigan «mahsulot» yoki «xizmat»ning faqat rivojlanishiga turtki beradi. Agar, bozorda raqobatchi bo‘lmasa siz «GM Uzbekistan» avtomobillarini majburlikdan minib yurasiz.
Yana bir qahramonimiz Sardor Habibullayev 1997-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Janubiy Koreyadagi Incheon milliy universitetini tamomlagan. Hozirda koreys yurtida bolalarga ingliz tilidan dars beradi. Qolaversa, onlayn ravishda til o‘rganuvchilarga koreys tilidan ham saboq berib kelmoqda.
Rahmatli otamning maslahatlari sabab bo‘lgan
Ziyolilar oilasida tug‘ilib o‘sganman. Bolalik davrim, aniqrog‘i 3-sinfgacha ajoyib o‘tgan, lekin otamning bizneslari pastga qarab ketgach turli qiyinchiliklarga uchraganmiz. Maktabni 3 ta joyda o‘qiganman, dastlab Yashnoboddagi 227-maktabda 5-sinf yarmigacha, keyin Yunusobod tumanidagi 58-maktabda 6-sinfgacha va oxiri Qibray tumanida 7, 8, 9-sinflarni o‘qidim. So‘ng Toshkent davlat agrar universtiteti qoshidagi akademik litseyda tahsil olganman.
Janubiy Koreyada o‘qishni rahmatli otam maslahat berganlar. Ular tufayli 8-sinfimdan koreys tilini o‘rganishni boshlaganman. Qolaversa, o‘sha vaqtlari O‘zbekistondagi aksariyat oliygohlarga kirishdagi adolatsizliklar sabab ham xorijga ketishni xohlaganman.
Faqat yaxshi baho olinsa 4 yil tekinga o‘qish mumkin
Bu yerga kelib bir yil davomida koreys tili kursida o‘qidim. Keyin 2018-yil Incheon milliy universitetining «Biznes boshqaruvi» yo‘nalishiga o‘qishga kirdim. Universtitetda o‘qish o‘ylaganimdan oson kechmadi. Mamlakatda o‘qish tizimi juda tez va ko‘pligi, yana darslar 70 foiz koreys tilida bo‘lishiga moslashish qiyinroq kechdi. Chunki darslarni tushunish kerak, bo‘lmasa kamida baholaringiz past yoki imtihonlardan o‘tolmasligingiz mumkin. Boisi, yilda har bitta fandan to‘rttadan imtihon, undan tashqari koreyslar bilan turli loyihalar ustida ishlash ham, hamma narsaga ulgurish uchun vaqtni to‘g‘ri rejalashtirishni talab qilinadi. Lekin, buning ijobiy tomoni shunda bo‘ldiki, ko‘plab koreys va boshqa chet ellik do‘stlar orttirdim. Undan tashqari, ingliz tili va koreys tilini ancha yaxshi o‘rgandim.
Koreya universitetlarining menga eng ma’qul kelgan yana bir tomoni, siz baholaringizga qarab grant va stipendiyalar olish imkoniga egasiz. Ya’ni, siz bu yerga 1 semestr kontrakt asosida kelgan bo‘lsangiz, 4 yil davomida ham to‘lov qilishni anglatmaydi. Har semestr baholarga qarab kontrakt narxlari o‘zgaradi, faqat yaxshi baho olinsa 4 yil tekinga o‘qish mumkin.
Pulsiz, och qolgan kunlarim ko‘p bo‘lgan
Xorijda yashash, ayniqsa, yolg‘iz yashash odamni har tomonlama chiniqtirarkan. Ham o‘qishni, ham ishlashni eplash, oilasiga qo‘ldan kelgancha yordam berish kabilar menimcha, vatandoshlarimizga tanish holat. Boshida kelganimda menda ham qiyinchilik kunlarim, ya’ni pulsiz, och qolgan kunlarim ko‘p bo‘lgan. Balog‘atga yetganim uchun shunday paytlar uydigilarimdan yordam so‘rashga uyalardim. Ba’zida koreys o‘rtoqlarim yordam berib turardi. Shuning uchun ko‘p vaqtimni koreyslar bilan o‘tkazdim. Koreys xalqi juda tirishqoq va mehnatkash xalq. Shu xislati uchun bu xalqqa mehrim o‘zgacha va haligacha ulardan ko‘plab saboqlar olaman.
Universitetga kirishimdan oldin otam saraton tufayli vafot etgan. Shu narsa katta yo‘qotishlarimdan biri. Otamning o‘limi menga qattiq ta’sir qilgan va yana ham kuchliroq odam bo‘lishga undagan.
70 foizi darslarni sevib bajarishadi
Hozir koreys bolalariga ingliz tilidan dars berib kelaman. Chunki yosh bolalarni juda yaxshi ko‘raman. Bolalarga dars o‘tish jarayoni juda qiziq. Ayniqsa 3, 4 yoshlilar hali o‘z tilini yaxshi bilmasdan ingliz tilini o‘rganayotganligi havasingizni keltiradi. Ularning 70 foizi darslarni sevib bajarishadi. Bolalar o‘ta zehnli bo‘lgani sabab darsda deyarli qiyinchiliklar bo‘lmaydi. Yana har oyda har bir ota-onaga alohida vaqt ajratib, bolalarini ingliz tili darajasi qay tarzda bo‘layotgani, nimalarga e’tibor qaratish kerakligi haqida gaplashiladi. Shuningdek, haftada 2-3 marotaba darsdan keyin nimalar o‘tganligimiz haqida ota-onalarga maxsus dastur orqali rasmlar va yozuvlar orqali xabar yuboramiz.
Qolaversa, onlayn ravishda koreys tilidan ham dars mashg‘ulotlari olib boryapman. Maqsadim, o‘zbekistonlik yoshlar xorijiy tillarni mukammal o‘rganib, nufuzli oliygohlarda tahsil olishlariga ko‘maklashish.
Hozirda internet orqali bizneslar rivojlanmoqda va bu ko‘zni quvontiradi. Fikrimcha, bu borada O‘zbekistonda ham deyarli hamma sharoitlar mavjud. Bundan unumli foydalanish kerak.
Fursatdan foydalanib, barcha vatandoshlarimizni Mustaqilligimizning 32 yilligi bilan tabriklayman.
Nurillo To‘xtasinov tayyorladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter