Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Skripka chalishdan shifokorlikkacha» — AQShdagi jarroh Qudrat Rahimxodjayev hikoyasi

«Skripka chalishdan shifokorlikkacha» — AQShdagi jarroh Qudrat Rahimxodjayev hikoyasi

«Xorijdagi vatandoshlar»da bu safargi suhbatdoshimiz AQShda joylashgan «St. Francis Memorial Hospital Dignity Health Group» klinikasi jarrohlik bo‘limi mudiri Qudrat Rahimxodjayev bo‘ldi. Qahramonimiz Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. 2004- yil Qo‘shma Shtatlarga ko‘chib o‘tgan.

3 yil skripka chalish bo‘yicha darslar olganman

Marg‘ilon shahrida ziyolilar oilasida tug‘ilganman. 7 yoshimdan 15 yoshgacha Marg‘ilondagi, aniqrog‘i Yovqochar mahallasi qoshidagi o‘rta ta’lim maktabida ta’lim olganman. Biz ta’lim olgan paytlar o‘quvchilar uchun ikki imkoniyat berilardi, ya’ni siz sakkizinchi sinfni bitirib mahalliy 2-3 yillik texnikumlarga kirib kasb o‘rganishingiz yoki o‘ninchi sinfni bira to‘la tamomlab OTMga kirishingiz mumkin edi.

Men sakkizinchi sinfni a’lo bahoga bitirib 1988-yil Marg‘ilon tibbiyot bilim yurtiga o‘qishga kirdim. U yerni 3 yilda qizil diplom bilan tamomladim. O‘sha vaqtlar shifokor bo‘lish orzuim bo‘lib, 1991-yil Andijon davlat tibbiyot instituti talabasiga aylandim.

Yodimda bola paytlarim 3 yil skripka chalish bo‘yicha darslar olganman, lekin bu yo‘nalishda o‘z ilhomimni topmadim, skripka chalishimdan ko‘ra oddiy o‘zbek g‘ijjagining kuyi odamlarga ma’qulroq edi. Maktab yillari, ayniqsa yoz fasli 2 yoki 3 oy Shohimardondagi Atlas firmasiga qarashli bolalar oromgohida dam olardim, otam rahmatli ana shu yillar va keyingi yillar Farg‘ona Ipak ishlab chiqarish instituti direktori bo‘lib ishlardi, onam esa umrlari uzoq bo‘lsin, farmakolog bo‘lib, Farg‘ona viloyati sil kasalligi dispanseri dorixonasi mudiri lavozimida mehnat qilgan.

Onam, 4 tog‘am farmakolog, yana bir tog‘am stomatolog bo‘lgan

Tibbiyot yo‘nalishini tanlashimda onam va tog‘alarim ijobiy ta’sir ko‘rsatishgan. Aniqrog‘i, onam, 4 tog‘am farmakologlar, yana bir tog‘am esa stomatolog bo‘lgan. Yoshligimda har birlarining ishxonalariga borar, mehnat faoliyatlarini o‘rganardim. Bemorlar bilan birgalikda muloqotda bo‘lishlari, og‘irlarini yengil qilishlari va bemorlarning bundan juda mamnun qiyofalarini ko‘rib xursand bo‘lardim. Shu tariqa, shifokor bo‘lish, bemorlarni davolash va eng asosiysi oila a’zolari bag‘riga sog‘lom bo‘lib qaytishlarini ta’minlash men uchun juda oliyjanob maqsadga aylangan.

2004-yil AQShga ko‘chib keldik

AQShga kelishimiz, o‘ziga xos tarixga ega. 2002-yil rafiqam Nozimaxon Tojimatova bilan turmush qurdik. Turmush o‘rtog‘im 2004-yil AQShning Kaliforniya shtatidagi kompaniyalaridan biriga ishga taklif qilindi va ana shu yil biz oilaviy 3 kishi (unda katta qizim 1,5 yashar edi) AQShga keldik.

Qo‘shma Shtatlarga kelib shuni bildimki, olgan bilimlarimni mamlakatda qo‘llashim mumkin. Shunday qilib tibbiyot sohasida ish boshladim.

2007-yildan hozirga qadar «St. Francis Memorial Hospital Dignity Health Group» jarrohlik bo‘limi mudiri lavozimida ishlab kelmoqdaman. Shifoxonamiz zamonaviy uskunalar va texnologiyalar bilan jihozlangan, 10 ta jarrohlik xonalariga ega.

Jarrohlik bo‘limi mudiri sifatida vazifalarimga quyidagilar kiradi:

Jarrohlikdagi tartib va qoidalarni rejalashtirish, intizomiy masalalarga rasmiy javoblar tayyorlash, shuningdek, litsenziyalash, akkreditatsiya, tartibga solish standartlariga muvofiqligini nazorat qilib boraman va baholayman.

Qiyinchiliklarni ko‘pincha oldindan aytib bo‘lmaydi

Chet elga chiqish yoki ko‘chib borish uchun fikrimcha qandaydir jasoratga ega bo‘lish kerak. Chunki odam noma’lum yerga, mamlakatga qadam qo‘yadi va bunday holatlarda noaniqliklar paydo bo‘lishi ham tabiiy. Sizning kundalik odatlaringiz qiyinlashadi, qiyinchiliklarni ko‘pincha oldindan aytib bo‘lmaydi.

Xorijda yashash o‘zingizga nisbatan va atrofingizdagi hayotga yangi dunyoqarashlaringizni shakllantiradi. O‘zingizni begonadek his etish – bu, chet elda yashashning asosiy qiyinchiliklaridan biri.

Yangi taomlar – AQShning, ayniqsa sharqiy va g‘arbiy qirg‘oqdagi shaharlarda turli millat vakillari istiqomat qilishadi. Shu bilan birga mana shu har bir millat vakillari o‘zlarining turfa taomlariga boy restoran va kafelari odamlarga xizmat qiladi.

Boshqa mehnat madaniyatiga moslashish va qog‘ozvozlik – men buni shunday aytishim mumkin: Xorijiy davlat - Yangi ish - Yangi madaniyat.

O‘zga yurtda yashashni boshlar ekansiz, eng asosiy qiyinchiliklardan biri bu moddiy holatingizni muntazam ushlab turishni ta’minlash. Agar chet tilini yaxshi bilmasangiz, daromadli ishga kira olmaysiz, chet tili zaifligi sizning maoshingizga ham juda qattiq ta’sir qiladi. Qog‘ozbozlik borasida - sizga vizalar, ishlash uchun ruxsatnomalar, samolyot chiptalari, sug‘urta, tibbiy ko‘rikdan o‘tganlik to‘g‘risida guvohnoma va boshqa narsalar zarur bo‘ladi.

Meni hayratda qoldirgan narsa – bu yerda oylik maosh haqida so‘rash noo‘rin ekanligi bo‘lgan. Maoshni bir yil ichida qancha olish taxminan raqamlarda aytiladi. Ishga doim o‘z vaqtida borish lozim, yil mobaynida faqat 7 marotaba kasallik bo‘yicha ishga bormasangiz bo‘laveradi. E’tiborlisi, ish kuni belgilangan vaqtdan ortiqcha ishlasangiz, avtomatik ravishda 1,5 baravar ko‘p haq to‘lana boshlaydi.

Yana bir muhim jihat AQShda imkon qadar tibbiy sug‘urtaga ega bo‘lish kerak. Boisi mamlakatda tibbiy xizmat juda qimmat. Tibbiy sug‘urtalar odatda ish beruvchilar tomonidan xodimlarga taqdim etiladi.

Xorijda yashashning ham ijobiy jihatlari bor. Masalan, yangi do‘stlar orttirasiz, til o‘rganasiz, notanish bo‘lgan turli xil yangi taomlardan bahramand bo‘lasiz, o‘zingizga bo‘lgan ishonch yanada kuchayadi, ko‘proq sayohat qilish imkoniyatlari paydo bo‘ladi, mustaqil bo‘lishga erishasiz, har bir kuningiz yangi bir sarguzashtdek o‘tadi.

Kechagi kundan saboq ol...

Savolingiz albatta o‘rinli, qayerda istiqomat qilishingizdan qat’iy nazar hayotda yutuqlar va muvafaqqiyatcizliklar uchraydi va o‘ylaymanki har bir inson o‘z muvafaqqiyatcizliklarining yechimini topishda alohida yondashadi. Men ham hayotimda uchraydigan muvafaqqiyatcizliklarimni hal qilishda quyidagicha yondashishga harakat qilaman. Birinchidan, aslida nima xohlayotganimni aniqlab olishim va o‘zim uchun rostgo‘y bo‘lishim kerak bo‘ladi. O‘zimning muammolarimni hal qilish uchun boshqa odamlarga qaram bo‘lmaslik, qilgan harakatlarim haqida o‘ylayman va qayerda xato qilganimni o‘rganaman. O‘ylashimcha, g‘azablanganda yoki xafa bo‘lganda qaror qabul qilmaslik, hech qachon o‘z qobiliyatingizga shubha qilmaslik, agar odamlar sizga yordam qo‘lini cho‘zar ekan rad qilmaslik lozim. Quyidagi, yapon maqolini yoqtiraman: «Kechagi kundan saboq ol, bugun uchun yasha, ertangi kunga umid qil».

 Milliy bayramlarimizni nishonlaymiz

2004-yili AQShning San Fransisko shahriga ko‘chib kelganimizda, shahar va unga yaqin shaharlarda o‘zbekistonlik yurtdoshlarimiz sanoqli edi. Yillar o‘tib, vatandoshlarimiz soni orta boshladi, nafaqat AQShning sharqiy qirg‘og‘i, balki Kaliforniya, Vashington va Oregon shtatlarida ham hamyurtlarimiz ko‘paydi.

2019-yili fevral oyida San Fransisko va ko‘rfaz atrofidagi shaharlararo o‘zbekistonliklar jamiyati markazi tashkil qildik va hozirgacha mana shu jamiyat markazi rahbari sifatida ishlab kelmoqdaman.

Jamiyatimizning asosiy maqsadi can’at, ta’lim va sport orqali o‘zbek madaniyati, tili va qadriyatlarini o‘sib borayotgan avlodlarimiz o‘rtasida saqlash, targ‘ib qilish va mustahkamlashdir. Budan tashqari, yurtdoshlarimiz bilan ko‘plab boshqa sohalarda, jumladan tibbiyot, tibbiy sug‘urta, axborot texnologiyalari borasida yuzma yuz yoki onlayn uchrashuvlar qilamiz. Ijtimoyiy tarmoqlarda ham fikrlar va yangiliklar almashib boramiz, milliy bayramlarimizni nishonlaymiz.

Shaxsiy tibbiy sug‘urta paketlariga ega

Qo‘shma Shtatlardagi sog‘liqni saqlash modeli to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘lov tizimiga tayanadi. Milliy tibbiy sug‘urta modellari mavjud G‘arb davlatlarining aksariyatidan farqli o‘laroq, AQShda odamlar shaxsiy tibbiy sug‘urta paketlariga ega. Aksariyat hollarda odamlar o‘zlarining ish beruvchilari orqali tibbiy sug‘urta olishlari ham mumkin. Albatta to‘lovlarni bemorlar o‘z cho‘ntaklaridan emas, balki tibbiy sug‘urta tomonidan amalga oshiriladi. Masalan, bemor shifokor qabuliga bordi yoki jarrohlik muolajalarini oldi. Shifokor oficida sug‘urta kompaniyalari bilan ishlaydigan maxsus xodim bemorga ko‘rsatilgan tibbiy ko‘rik yoki muolaja xizmati summa miqdori haqidagi ma’lumotni sug‘urta kompaniyasiga taqdim etadi. Ular ana shu to‘lovlarni shifokor oficiga jo‘natadi.

AQSh tibbiyot tizimining ijobiy tomonlari

- Sifatli tibbiy xizmatlar – agar premium tibbiy sug‘urta paketini to‘lash imkoniyatingiz bo‘lsa, sog‘lig‘ingiz bilan bog‘liq muammoga duch kelganingizda sizga yuqori darajadagi tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.

- Muhim va shoshilinch muolajalar uchun minimal kutish vaqti –sizning sog‘lig‘ingiz holati juda jiddiy bo‘lsa mutaxassis bilan ko‘rishish uchun uzoq vaqt kutishingiz shart emas. Bundan tashqari, AQShda tez yordam xodimlari tomonidan birlamchi tibbiy ko‘rik 20 yoki 15 daqiqa ichida amalga oshiriladi va birlamchi ko‘rikdan so‘ng sizni umumiy holatingizni baholab kerakli mutaxassis bor shifoxonaga olib boradi. Qizig‘i shundaki, agar bemor tez yordamni telefon orqali chaqirsa va bemorning manziliga tez yordam xodimlaridan tashqari o‘t o‘chiruvchilar yoki politsiya xodimi yaqinroq bo‘lsa, shulardan biri yetib boradi va birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatadi. O‘t o‘chiruvchilar va politsiya xodimlari doimiy ravishda shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha tayorgarlik o‘tashadi.

Yetarli resurslar – dunyo bo‘ylab aksariyat mamlakatlarda bemorlar uchun tibbiy vositalar etarli emas. Qo‘shma Shtatlarda tibbiy sug‘urtasi bo‘lgan har bir bemor zaruriy tibbiy yordam olishi uchun etarli resurslar mavjud.

Farmakologiya tizimi juda qattiq nazoratda – AQShda aholiga shifokor ko‘rsatmalari orqali beriladigan dori-darmonlar qattiq nazoratda olib boriladi. Yaqinda O‘zbekistonga borib shuni guvohi bo‘ldimki, ko‘plab antibiotiklar dorixonalarda shifokor ko‘rsatmalarisiz aholiga sotilar ekan, albatta antibiotiklarni narxi qimmat emas, lekin bunday yo‘l ijobiy natijalarga olib kelmaydi.

Tushuntirib berishga harakat qilaman, O‘zbekistonda, umuman MDH davlatlarida tug‘ilib yashab kelayotgan aholi ko‘p holatlarda o‘zlariga o‘zlari shifokorlik qilishadi. Ya’ni, oilada kimdir betob bo‘lsa, virus infeksiyasi yoki mikrob qo‘zg‘atuvchilari bo‘lishidan qat’iy nazar, odamlar bir biriga o‘zlari bilgan yoki ichgan antibiotiklarni tavsiya qilishadi. Birinchi navbatda bunday holda organizmda laboratoriya usulida antibiotiklarga sezuvchanlikka tekshiruv qilinishi lozim. Misol uchun, nafas yo‘llari kasalligiga bo‘g‘im kasalliklari antibiotiklari ichiladi. Yoki oddiy guruhdagi antibiotik emas, birdaniga kuchli antbiotik iste’mol qilinadi. Bu odam organizmidagi bakteriya, viruslarga qarshi yanada kuchliroq antibiotiklar ichish zaruriyatini paydo qiladi. Natijada odam organizmidagi asosiy tana a’zolari sekin-asta ishdan chiqadi.

AQShda esa, shifokor qabuliga borsangiz u sizni tekshirib, antibiotik tavsiya qilsa, albatta oddiy guruhga xos antibiotik tavsiya qiladi. Bu ko‘rsatmani sizning yashash joyingizga yaqin bo‘lgan dorixonaga elektron faks orqali jo‘natadi. Umuman, dorixona xodimi shifokor ko‘rsatmasisiz hech qanday antibiotik bermaydi. Shifoxonalarda ayrim yuqori nazoratdagi dorilarni bemorlarga berishdan oldin ham 2 hamshira dorining nomi, dozasi va amal qilish mudattini qaytadan tekshirib keyin bemorga beradi.

Shuhratparastlik tufayli oilasini yo‘qotadi

Savolingizdan kelib chiqib quyidagi kitoblarni kitobxonlarga tavsiya qilgan bo‘lar edim. Saymon Sinekning «The Infinite Game» («Abadiy o‘yin»), Kris Vosning «Never Split the Difference: Negotiating As If Your Life Depended On It» («Hech qachon farqlikni ajratmang: hayotingiz bunga bog‘liq bo‘lgandek muzokaralar olib boring»), Mel Robinsning «The 5 Second Rule: Transform your Life, Work, and Confidence with Everyday Courage» «Besh daqiqa qoidasi: hayotingizni, ishingizni va ishonchingizni jasorat bilan o‘zgartiring»).

Kinolarga to‘xtaladigan bo‘lsam, rejissyor Taylor Xakfordning «The Devil’s Advocate» («Shayton advokati») filmini tavsiya bera olaman. Film axloqiy saboqlarga o‘rgatadi. Unda shuhratparastlik tufayli bosh qahramon xotini, do‘stlari va oilasini yo‘qotadi.

Kelajakdagi rejalarim haqida shuni ayta olamanki, qayerda yashasam ham o‘zbekistonlik ekanimni yodda saqlayman. O‘zim rahbarlik qilayotgan o‘zbek jamiyati orqali mamlakatimiz, tilimiz va madaniyatimiz to‘g‘risida Qo‘shma Shtatdagilarga ko‘proq ma’lumot berish, bu yerga kelib qiyinchilikka uchragan hamyurtlarimizga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatish borasidagi ishlarimni davom ettirmoqchiman.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring