Qorako‘lda o‘rinbosarini kaltaklagan direktorga jazo e’lon qilindi

Qorako‘lda sud hukmi bilan o‘rinbosarini kaltaklagan maktab direktori ham, kaltaklangan o‘rinbosarning o‘zi ham ozodligi 1 yilga cheklandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati, Qorako‘l tumanidagi 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori o‘z xodimini do‘pposlagani haqidagi xabar shov-shuvga aylangandi. Bu haqda «Xabar.uz» muxbiri tomonidan surishtiruv o‘tkazilgandi.
Kuni kecha Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumani sudi tomonidan holat yuzasidan olib borilgan sud-tergov harakatlari yakunlanib, aybdorlarga nisbatan sud hukmi e’lon qilingan.
«Olib borilgan sud-tergov ishlari jarayonida sudlanuvchilar, jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatuvlari eshitildi. Holat bilan bog‘liq boshqa muammolar ham borligi, to‘g‘rirog‘i, jabrlanuvchi, ya’ni maktab direktori o‘rinbosarining o‘zi ham ikkinchi shaxsga tan jarohati yetkazgani aniqlandi»,—dedi manbaa.
Sud hujjatlariga ko‘ra, joriy yilning 1 avgust kuni Qorako‘l tumanidagi «Darg‘ali» mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 10-maktab binosida oldindan bo‘lgan kelishmovchilik natijasida direktor O‘lmas Fayzullayev hamda o‘rinbosari Oybek Fozilovlar o‘zaro janjallashib qolishgan. Shu janjal vaqtida maktab direktori qo‘lida yog‘och bilan o‘rinbosarini qasddan urib, unga tan jarohati yetkazgan. Sud tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, Oybek Fozilovga «bosh miya chayqalishi bilan davom etgan boshni chap tomon chakka teppa sohasidagi yarasi, chap yonbosh va chap tirsak sohalaridagi qontalashlari» kabi sog‘lig‘ining buzilishiga sababchi bo‘lgan yengil shikast yetkazgan.
Sud-tergov ishlari davomida aniqlanishicha, maktab direktori o‘rinbosari O‘lmas Fayzullayev tomonidan kaltaklanguniga qadar, uning shu maktabda faoliyat yuritadigan akasi Ali Fayzullayevni stul bilan urib, unga «peshona tepa sohasidagi yarasi, chap qo‘ltiq sohasidagi qontalashi, burun va chap boldir sohalaridagi shilinmalari peshona tepa sohasidagi yarasi, chap qo‘ltiq sohasidagi qontalashi, burun va chap boldir sohalaridagi shilinmalari» kabi yengil shikast yetkazgan.
«Boshim yorilgach, ukam O‘lmas Fayzullayev meni tuman «Tez tibbiy yordam» bo‘limiga olib bordi. Shifokor jarohatni tikish kerakligini, ammo ayni vaqtda unda jarohat izi qolmaydigan ipi yo‘qligini, zudlik bilan Buxoro shahridagi kasalxonaga borishimizni bildirdi. Xuddi shunday qildik, shahar kasalxonasida menga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatildi. Boshimning jarohat olgan joyini tikishdi. Bu tibbiy ekspertiza xulosalarida ham mavjud»,—deya sudga hujjatlarni taqdim etdi Ali Fayzullayev.
Biroq, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtiroki ham ta’minlangan ushbu sud jarayonida tomonlar eshituvida maktab o‘rinbosari direktorning akasini urmaganligini, maktab direktori esa o‘z o‘rinbosarini kaltaklamaganini iddao qilishdi. Har ikki tomon ham ayblariga iqror bo‘lishmadi.
«Ularning bu vajlari, ya’ni o‘z ayblarini tan olmasliklari yoxud iqror bo‘lmaganliklari - bu ularning aybsizligimas. Sud jabrlanuvchi hamda guvohlarning ko‘rsatuvlari, maktab videokuzatuv kamerasidagi yozuvlar, sud tibbiy ekspertiza xulosalari hamda boshqa ob’yektiv dalillar bilan to‘liq isbotlangan, deb hisoblaydi hamda ularning bu vajlari javobgarlikdan qutilib qolishga qilingan harakat, deb baholanadi»,-dedi manbaa.
Sud tomonidaye sudlanuvchi O‘lmas Fayzullayev va Oybek Fozilovlar o‘z aybiga iqrorlik bildirmagan bo‘lsalar ham, sud majlisidagi jabrlanuvchi hamda guvohlarning ko‘rsatuvlaridan tashqari, jinoyat ishida to‘plangan hamda sud majlisida muhokama qilingan ariza, ekspertiza xulosalari, fotosuratlar hamda jinoyat ishida yig‘ilgan boshqa dalillar bilan o‘z tasdig‘ini to‘liq topgan, deb hisoblangan.
Sud hukmiga ko‘ra, sud-tergov ishlariga aybdor sifatida jalb qilingan O‘lmas Fayzullayev va Oybek Fozilovning har ikkisi ham O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topilgan. Har ikkisiga ham bir yildan muddatga ozodlikdan cheklash jazosi qo‘llanilgan.
Ma’lumot o‘rnida: Ayni paytda Qorako‘l tumanidagi 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori O‘lmas Fayzullayev o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. O‘rinbosar Oybek Fozilov esa «Xabar.uz» muxbiriga ayni paytda davolanish ta’tilini o‘tayotgani, so‘ngra mehnat ta’tili olishini bildirgan.
«Jinoyat kodeksi turli moddalari bilan sudlangan shaxslar - maktab direktori va uning o‘rinbosarining o‘z vazifasini davom ettirishi mumkinligini yoxud mumkinmasligini sud tomonidan kiritiladigan taqdimnomadan so‘ng ko‘rib chiqamiz»,-dedi Qorako‘l tuman bo‘limi mudiri Hamza Eliyev.
Buxoro viloyati maktab va maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Farrux Qurbonov ham ushbu masala e’tiborda ekani, sud taqdimnomasiga tayanib, masala ko‘rilishini bildirdi.
Maktab va maktabgacha ta’lim vaziri matbuot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova esa ushbu holat yuzasidan sud hukmi viloyat boshqarmasiga yetib borgani va hozir shu masala ular tomonidan ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter