Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida yangi sirtqi bo‘lim ochiladi

Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida yangi sirtqi bo‘lim ochiladi

Foto: «Darakchi»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 14-mart «Qorako‘lchilik sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA saytida berilgan.

Unga ko‘ra, Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot institutining Buxoro filiali, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markaziga qarashli Buxoro cho‘l-yaylov ozuqabop o‘simliklar urug‘chiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi tashkil etiladi.

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi bosh direktoriga, zarur hollarda, Filialning va Markazning tuzilmalariga xodimlarning tasdiqlangan umumiy cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash jamg‘armasi doirasida o‘zgartishlar kiritish huquqi berildi.

Buxoro viloyati hokimligiga bir oy muddatda quyidagi vazifalar yuklatildi:

— O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Respublika «Qorako‘lchilik» uyushmasi bilan birgalikda Markaz tomonidan cho‘l ozuqabop o‘simliklar urug‘larini yetishtirish maqsadida Buxoro viloyatining tuproq va iqlim sharoitidan kelib chiqib 4 ta uchastka tashkil etib, ularga jami 1 000 gektar yaylov yer maydonlari ajratib beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda Filial va Markaz bir binoda joylashtiriladi.

Markazning cho‘l-yaylov o‘simliklarning urug‘liklarini yetishtirish va ularni cho‘l hududlarda ekish bilan bog‘liq xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan, shu jumladan, 2018-yilda 2,5 milliard so‘m miqdorda ajratiladigan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi inqirozga uchragan yaylov maydonlarining tiklanish davrida yaylov sifatida foydalanilmasligi ustidan doimiy nazorat o‘rnatadi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarida 2018/2019-o‘quv yilidan boshlab qorako‘lchi seleksioner va cho‘l o‘simliklari yaylovshunosi yo‘nalishida sirtqi bo‘limni tashkil etish yuzasidan asoslantirilgan takliflar, shuningdek, Institut tuzilmasini maqbullashtirish va uning faoliyati samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha Hukumat qarori loyihasi tayyorlanadi.

2023-yil 1-yanvarga qadar qorako‘lchilik bilan shug‘ullanayotgan sub’yektlar va qorako‘lchilik mahsulotlarini qayta ishlash korxonalari qorako‘lchilik uchun zarur bo‘lgan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha import qilinadigan materiallar uchun bojxona to‘lovlari to‘lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etiladi.

Qoraqo‘lchilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun yagona yer solig‘i stavkalari 2023-yil 1-yanvarga qadar o‘zgarishsiz qoldiriladi hamda respublika hududida qorako‘l terisi va junini tayyorlash hamda xarid qilish «O‘zbekcharmpoyabzal» va «Qorako‘lchilik» uyushmalari tizimidagi korxonalar tomonidan oldindan 50 foiz bo‘nak to‘lash orqali amalga oshiriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring