O‘zbekistonga AQShdan 40 nafar ekspert keldi. Ular muhim jabhada ko‘maklashadi
O‘zbekiston maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda AQSh elchixonasi yurtimizga ingliz tili o‘qitish bo‘yicha 40 nafar ekspertni olib keldi. «English Speaking Nation: English Summer Excellence Training» dasturi doirasida kelgan mutaxassislar umumta’lim maktablarining 520 nafar ingliz tili o‘qituvchisi uchun 120 soatlik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazadi.
16 kunlik trening davomida amerikalik o‘qituvchilar Nukus, Navoiy, Zarafshon, Shahrisabz, Denov, Jizzax, Guliston, Angren, Qo‘qon va Farg‘ona shaharlaridagi hamkasblariga har tomonlama ko‘maklashib, amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazadi. Treninglar kundalik faoliyatda ingliz tilidan foydalanish, shuningdek, sinfda dars berish va o‘quvchilar bilan muloqot qilishda o‘zaro ishonchni mustahkamlashga qaratilgan. Amerikalik mutaxassislar mahalliy muallimlar bilan birgalikda o‘quvchilarga dars ham beradi. Bundan tashqari, dastur mahalliy o‘qituvchilarning o‘quv jarayonini yanada kuchaytirib, ularni kelajakda o‘z sinflarida foydalanishi mumkin bo‘lgan zarur vositalar bilan ta’minlaydi.
«English Speaking Nation: English Summer Excellence Training» dasturi O‘zbekistondagi ingliz tili o‘qituvchilarining malakasini oshirishga yo‘naltirilgan «English Speaking Nation: Secondary Teacher Training Program» dasturining tarkibiy qismidir. Dastur uch yil davomida O‘zbekistondagi 15 ming nafar ingliz tili o‘qituvchisini qamrab olishni ko‘zda tutadi.
«English Speaking Nation» AQSh elchixonasi hamda O‘zbekiston maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan ta’lim sohasidagi islohotlar bo‘yicha dasturdir. Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashlari nodavlat notijorat tashkiloti esa dasturni amalga oshirishda hamkor bo‘lib xizmat qiladi.
Avval xabar berganimizdek, AQShdan kelgan bir guruh pedagoglar O‘zbekiston ta’lim muassasalarida dars berishni boshlagan.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 28 sentyabr kuni ikki mamlakat o‘rtasida ta’lim taraqqiyotiga ko‘maklashish bo‘yicha muhim kelishuv imzolangan. Unga ko‘ra, AQSh hukumati kelgusi besh yil davomida mamlakatimiz ta’lim tizimini qo‘llab-quvvatlash uchun 50 million dollar mablag‘ ajratadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter