O‘zbekistonda o‘smir qizlar o‘rtasidagi tug‘ruq holatlari kamaygani sababi ma’lum qilindi
O‘zbekistonda voyaga yetmagan qizlar o‘rtasidagi erta tug‘ruq holatlari tahlil qilinganda, 2017-yildan boshlab 11 yillik umumta’lim tizimiga o‘tilishi bilan erta tug‘ruq holatlarining soni pasayishi kuzatilgan. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi ma’lumotida so‘z boradi.
Misol uchun 2016-2017-yillar davomida 15-17 yoshdagi qizlar o‘rtasida jami 429 tug‘ruq holati qayd etilgan bo‘lsa, 2018-2019-yillar davomida ushbu ko‘rsatkich 34 foizga kamayib, 284 tani tashkil qilgan.
Erta tug‘ruq holatlari sodir etilishi ko‘rsatkichining kamayishi holatini umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan qizlar soni nisbatiga taqqoslaganda ham ko‘rish mumkin:
- 2017-yilda Xalq ta’limi tizimida tahsil olayotgan har 12995 nafar qizga 1 ta tug‘ruq (umumiy qizlar soniga nisbatan 0,0076%);
- 2018-yilda tizimda tahsil olayotgan har 15169 nafar qizga 1 ta tug‘ruq (umumiy qizlar soniga nisbatan 0,0066%);
- 2019-yilda tizimda tahsil olayotgan har 23666 nafar qizga 1 ta tug‘ruq to‘g‘ri kelgan (umumiy qizlar soniga nisbatan 0,0042%).
«11 yillik ta’lim tizimining qaytgani mazkur muammoning mamlakatimiz miqyosidagi asosiy yechimi sifatida baholash mumkin, sababi maktabni tark etgan o‘quvchi kollej yoki litseyga borganda o‘zining axloqini bemalol, ijtimoiy nazoratsiz transformatsiya qilishi (o‘zgartirishi), o‘smir muayyan submadaniyatga osongina immitatsiya (taqlid) qilishi mumkin bo‘lgan va bu jarayonda uni yangi ijtimoiy guruh shundayligicha qabul qilgan», keltiriladi ma’lumotda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter