Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda ilk bor Milliy malakalar ramkasi tasdiqlandi

O‘zbekistonda ilk bor Milliy malakalar ramkasi tasdiqlandi

Joriy yilning 15 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida Kasbiy malakalar, bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish milliy tizimi faoliyatini tashkil etish choralari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Milliy malakalar ramkasi hamda Kasbiy malakalar, bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish milliy tizimi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Ma’lumki, o‘tgan yillar mobaynida mamlakatimizdagi professional ta’lim dasturlari YuNESKO tashkiloti tomonidan qabul qilingan Ta’limning xalqaro standart tasniflagichi (MSKO) darajalari bilan uyg‘unlashmaganligi, o‘quv jarayoniga O‘zbekistonning Milliy kvalifikatsiya tizimi to‘laqonli joriy etilmaganligi tayyorlanayotgan kadrlarning mehnat bozorida munosib o‘rin egallashlariga to‘sqinlik qilib kelayotgan edi.

Bu esa o‘z navbatida kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarini tugallagan yoshlarimiz xorijiy davlatlarda o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ishlashlariga ham imkon bermayotgan edi.

Ayni kamchiliklarni bartaraf etish, mavjud kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan isloh qilish, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan holda mutlaqo yangi professional ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 6 sentyabrdagi «Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-5812-son Farmoni qabul qilingan edi.

Mazkur farmonda belgilangan vazifalar ijrosi ta’minlash maqsadida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston-Shveysariya «O‘zbekistonda kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish» loyihasi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar, shuningdek O‘zbekistonda samarali faoliyat yuritayotgan xorijiy loyihalar ekspertlari bilan birgalikda 20 dan ortiq xorijiy davlatlarning (Germaniya, Fransiya, Rossiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Qozog‘iston, Belorus Respublikasi, Moldovo) tajribalari o‘rganilib, O‘zbekistonda ilk bor Milliy malakalar ramkasi ishlab chiqildi.

Shuningdek, bugungi kunda tarmoq kvalifikatsiya ramkalari, kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha professional standartlar hamda tabaqalashtirilgan ta’lim dasturlarini yaratish va yangi o‘quv yilidan joriy etish ishlari amalga oshirilmoqda.

Milliy malakalar ramkasining tasdiqlanishi mehnat bozorida noformal tarzda ta’lim olgan minglab hamyurtlarimizni kvalifikatsiyalarini tan olinishiga imkon beradi va ular o‘z bilim, ko‘nikma va malaka darajasiga mos kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha ishlay olishlariga imkoniyat yaratadi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Milliy malakalar tarmoqlar malakalar ramkalari, kasb va ta’lim standartlari, milliy va xalqaro darajada malakalarni tan olishning kasbiy ta’limning barcha darajalari uchun yagona mexanizmlarni nazarda tutuvchi, malakalarni tarmoqlararo va xalqaro taqqoslashni ta’minlovchi kompetensiyani baholash tizimi Kasbiy malakalar, bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish milliy tizimining institutsional komponenti va asosi hisoblanadi.

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi
Matbuot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring