O‘zbek tili va adabiyoti universiteti pedаgoglariga Sergelidan uy-joy berildi
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil topganiga ikki yil to‘ldi.
Mazkur universitet o‘zbek tili va adabiyotining zamonaviy ilm-fan taraqqiyotida tutgan o‘rni va roli bilan bog‘liq dolzarb mavzularda muhim ilmiy tadqiqotlar olib borish, ko‘plab lug‘at va qomuslar, risola va darsliklar nashr etish, soha mutaxassislari, ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashni yanada takomillashtirish maqsadida tashkil etilgan.
Universitetning uchta – o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish, o‘zbek filologiyasi, o‘zbek-ingliz tarjima fakultetlarida bakalavr, adabiyotshunoslik, lingvistika, matnshunoslik va manbashunoslik, o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishlaridagi magistratura bosqichlarida 1 ming 200 dan ziyod yigit-qiz til va adabiyot yo‘nalishida o‘z bilimini mustahkamlamoqda.
Mazkur oliy ta’lim muassasasi o‘zbek tili va adabiyoti, uning o‘ziga xos xususiyatlari, ilmiy-nazariy, falsafiy-estetik asoslari, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini chuqur o‘zlashtirgan, davr talablariga javob beradigan yuksak malakali ilmiy va pedagog kadrlar tayyorlashda yetakchi ta’lim muassasasi hisoblanadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 23-dekabrda universitetga tashrifi chog‘ida pedagoglarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga keng imkoniyat va qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni uy-joy bilan ta’minlash borasida ko‘rsatmalar bergan edi. O‘zA xabariga ko‘ra, shu asosda universitetning yuksak salohiyatli, bilimli, muvaffaqiyatlarga erishgan, fidoyiligi bilan o‘zini ko‘rsata olgan 20 nafar pedagogiga poytaxtimizning Sergeli tumanidan uy-joylar berildi. Shular qatorida universitetning magistratura bo‘limi boshlig‘i Eldor Shermanov ham bor.
– O‘n to‘rt yildan buyon talabalarga dars berib kelaman, – deydi E.Shermanov. – Ammo uzoq yillar davomida to‘rt farzandim bilan ijarada yashadik. Qiyinchiliklar bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan biz, pedagoglarga keng imkoniyat berildi. Uy-joyli bo‘ldik. Bundan buyon ham o‘z ishimda yuksak natijalarga erishishga harakat qilaman.
Universitetda 12 kafedrada bir yuz ellikka yaqin fan doktori va PhD darajasiga ega yuqori malakali mutaxassislardan iborat o‘qituvchilar jamoasi faoliyat yuritib kelmoqda.
Ta’lim jarayoni to‘liq axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan holda tashkil etilgan. Universitet videokonferensiya zali, sinxron tarjima va ovoz yozish xonalari, axborot-resurs markazi zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter