«Navoiy vorislari» ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichi o‘tkazildi (foto)
2019-yil 12-13-fevral kunlari O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy kengashi tomonidan Navoiy shahrida buyuk o‘zbek shoiri Navoiy tavalludining 578 yilligiga bag‘ishlab «Navoiy vorislari» ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi o‘tkazildi.
Ikkinchi bor o‘tkazilayotgan ko‘rik-tanlov Xalq ta’limi vazirligi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi xamda Navoiy viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan.
Unda ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichlarida g‘olib bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari ishtirok etdilar.
Ishtirokchilar to‘rt shart — eng ko‘p g‘azal yod olish, g‘azalni bexato va ifodali o‘qish, g‘azal matnining nasriy bayonini yarata olish, undagi so‘zlar mazmun-mohiyatini izohlab berish kabi shartlar bo‘yicha bahslashdi.
Ko‘rik-tanlov davomida ishtirokchilarning ulug‘ shoir g‘azallaridan kamida 70 tasini yod olgani va ularning nasriy bayonini taqdim eta olish qobiliyatiga e’tibor qaratildi.
Tanlovda birinchi o‘rin Yuqori Chirchiq tumani 33-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Shukrullo Zikriyayevga, ikkinchi o‘rin — Navbahor tumanidagi 34-umumta’lim maktabining 6-sinf o‘quvchisi Lobar Davronovaga, uchinchi o‘rin esa — Boyovut tumanidagi 29-sonli umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Xurshida Akbarqulova, Nurobod tumanidagi 1-sonli umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Durdona Isarovalarga nasib etdi.
Tadbir so‘ngida ko‘rik-tanlov g‘oliblari va ishtirokchilarga Navoiy viloyati hokimligi hamda O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy kengashining diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Marusa Hosilova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter