Namangandagi institut Gollandiyaning Groningen universiteti bilan hamkorlik o‘rnatdi
Namangan muhandislik-texnologiya institutida ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik o‘rnatish maqsadida institut rektori Odiljon Mamatkarimov va xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Nurullo Umarxonov bir haftalik amaliy tashrif bilan Niderlandiya qirolligida bo‘lib qaytdi, deb xabar bermoqda OTM matbuot xizmati.
Safar davomida oliygoh delegatsiyasi jahon miqyosida katta nufuz qozongan Groningen Universitetida bo‘ldi. Qayd etilishicha, 400 yillik tarixga borib taqaladigan, «QS» reytingi bo‘yicha dunyoda 110 o‘rinda turadigan ushbu universitet qit’aning obro‘li oliy ta’lim muassasalaridan hisoblanadi. Universitetda 30 mingdan ziyod talaba bakalavriat bosqichida 60 ta, magistratura bo‘yicha 200dan ortiq mutaxassisliklar bo‘yicha tahsil oladi.
Universitet qoshida Tyuning akademiyasi tashkil etilgan bo‘lib, institut vakillari akademiya rahbari Robert Vagenaar va loyihalar bo‘yicha menejer Ingrid Van Der Miyer bilan uchrashib, hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish hamda uni yangi bosqichlarga ko‘tarish masalalarini muhokama qilishdi.
Muloqot davomida, shuningdek, Yevropa Ittifoqining «Erasmus Plyus», O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «El-yurt umidi» jamg‘armasi dasturlarida, shuningdek oliy ta’lim muassasalarining o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib, professor-o‘qituvchi va talaba almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha hamkorlik qilish borasida ham fikrlar almashildi.
Tyuning akademiyasi ekspertlarining NamMTI va O‘zbekistonning boshqa oliy o‘quv yurtlariga malaka oshirish kurslarini tashkil etish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi. O‘zaro muloqot samarasi o‘laroq, Tyuning akademiyasi rahbariyati shu yilning aprel-may oylarida Namanganga tashrif buyurishi rejalashtirildi.
Ma’lum qilinishicha, Groningen universitetiga Namangan muhandislik-texnologiya instituti tomonidan bu uchinchi tashrif bo‘lib, 2014 yilda institut vakillari «Erasmus Plyus» dasturi orqali «TuCAHEA» loyihasi bo‘yicha ishchi yig‘ilish va treningda ishtirok etgan.
Ayni vaqtda institut tomonidan Rossiya, Malayziya, Janubiy Koreya, Italiya, Portugaliya, AQSh, Gollandiya kabi o‘ndan ziyod xorijiy davlatlarning oliy ta’lim muassalari hamda ilmiy tadqiqot markazlari bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter