Janubiy Koreya bilan hamkorlikda yangi fakultet ochilmoqda
Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kollejida «AKT konvergensiyasi» va «Elektron biznes» yo‘nalishlarida o‘zbek-koreys fakulteti ochiladi. Loyiha Toshkent axborot texnologiyalari KHK va Koreya Respublikasining Ulsan kolleji hamkorligida yo‘lga qo‘yilmoqda.
Toshkent axborot texnologiyalari KHK da ertaga, 20-sentyabr kuni bo‘lib o‘tadigan taqdimotda yangi fakultet haqida batafsil ma’lumot beriladi.
Kollej direktori Dmitriy Lining aytishicha, qo‘shma ta’lim haqidagi memorandum 2018-yilning 1-avgustida imzolangan edi. Hamkorlik aloqalari oldindan rivojlanib kelgan.
Yangi fakultetga kollej binosining oltinchi qavati ajratilgan. Ta’mirlanib, keraklicha jihozlangan. Qurilmalarni koreyaliklar yetkazib berishdi. Tashqi ko‘rinishi va ta’minlanishi jihatidan o‘zbek-koreys fakulteti Ulsan kolleji fakultetlari bilan bir xil.
Qo‘shma ta’lim ikki bosqichli ta’limni ko‘zda tutadi. O‘zbek-koreys fakulteti o‘quvchilari birinchi yil Toshkentda o‘qishadi: maxsus fanlarni o‘zlashtirib, koreys va ingliz tillarini chuqurlashtirilgan holda o‘rganishadi.
Birinchi kursni tugatgan o‘quvchilarga mahalliy kollejlarniki bilan bir diplom beriladi. Ikkinchi kursga a’lo darajada o‘tgan o‘quvchilar o‘qishni Janubiy Koreyada, hamkor kollejda davom ettirishadi.
U yerdagi kollejni ham tugatishgach, ularga xalqaro andozalardagi diplom beriladi. Bu diplom xohlovchilarga Ulsan universiteti yoki Koreyadagi istalgan oliy o‘quv yurtining bakalavriati uchinchi kursiga kirish imkonini beradi.
Yangi fakultetdagi mutaxassisliklar ham yangi — o‘quv dasturlari Ulsan kolleji o‘quv-metodikasi asosida ishlab chiqilgan.
Ta’lim shakli — shartnoma asosida. 2018-yili yangi fakultetga Toshkent axborot texnologiyalari KHK va boshqa turdosh kollejlarning bitiruvchilari qabul qilinadi. Shuningdek, ikkinchi kasbga o‘qishni istagan o‘rta maxsus va oliy ma’lumotga ega shaxslar ham yangi fakultetga kirib o‘qishlari mumkin.
Taqdimot kuni mehmonlar yangi fakultetning auditoriyalari va laboratoriyalari bilan tanishtiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter