Har yili 100 nafar xotin-qizning to‘lov-kontrakti to‘lab beriladi
Hukumat qarori (577-son, 17.09.2021 y.) bilan Ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollar oliy ta’lim olishlarini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab har yili o‘zlarining hududlaridan o‘qishga kirgan 25 nafardan hamda 2-4-kurslarda o‘qiyotgan 75 nafar (har bir kursdan – 25 nafardan), jami 100 nafar xotin-qizlar uchun to‘lov-kontrakt summasini to‘rt o‘quv yilining yakunlanishiga qadar to‘lab beradi.
Moliyaviy barqaror davlat OTM tomonidan ularning kengashlari qaroriga muvofiq, 50 nafargacha xotin-qizlar birinchi o‘quv yilida bepul o‘qitiladi.
Bunda talabgorlarning keyingi o‘quv yillari uchun ta’lim kreditlari rasmiylashtiriladi. Hokimliklar o‘z hududlaridagi talabgorlar uchun uchinchi shaxs kafilligini beradi hamda o‘qishni tamomlagandan so‘ng ularni ish joyi bilan ta’minlaydi.
Talabgorlarni tanlab olish quyidagi mezonlar asosida amalga oshiriladi:
- otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan muhtoj qizlar;
- boquvchisi yo‘q ehtiyojmand yolg‘iz ayollar.
Bunda yuqoridagi mezonlarga mos keluvchi xotin-qizlar test natijalari e’lon qilingan kundan boshlab ijtimoiy holati to‘g‘risidagi ma’lumotnomani har yili 10 kun ichida OTM qabul komissiyasiga taqdim etadi.
Davlat OTM 5 kun mobaynida ro‘yxatni shakllantirib, hokimliklarga yozma ravishda ma’lumotlarni yuboradi.
Shunga ko‘ra, Ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollar oliy ta’lim olishlarini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash komissiyasi 15 kunda (lekin har o‘quv yilida 15 sentyabrdan kech bo‘lmagan muddatda) talabgorlar ro‘yxatini hamda shartnomani imzolash bo‘yicha xulosalarni davlat OTMga yozma ravishda kiritadi va belgilangan tartibda shartnomalarni rasmiylashtiradi.
Mazkur tartib to‘lov-kontrakt asosida davlat OTM bakalavriatiga (kunduzni, sirtqi, kechki ta’lim shaklidan qat’i nazar) talabalikka tavsiya etilgan hamda 2-4 kurslarda tahsil olayotgan talabgorlarga qo‘llaniladi.
Quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi:
➖ ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim olish uchun tanlovda ishtirok etgan talabgorlarga;
➖ O‘zbekistonda joylashgan xorijiy OTM yoki ularning filiallari, nodavlat ta’lim xizmatlari bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlariga;
➖ oliy harbiy ta’lim muassasalariga.
Talabgorlar joriy o‘quv yili davomida OTMni yoki ta’lim yo‘nalishini o‘zgartirsa yoxud talabalar safidan chetlashtirilsa mazkur imtiyozdan foydalanib bo‘lmaydi.
Talabgorlarni tanlab olish natijalari «Aziz-ayol.uz» Yagona interaktiv milliy platformasi orqali e’lon qilinadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter