Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘onadagi maktab rahbari Yaponiya TIV tomonidan taqdirlandi

Farg‘onadagi maktab rahbari Yaponiya TIV tomonidan taqdirlandi

Farg‘ona viloyatidagi «Noriko Gakkyu» yapon tili maktabi direktori G‘anisher Nazirov Yaponiya tashqi ishlar vazirining Faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi. Mukofot Kunchiqar o‘lkaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Takashi Hatori tomonidan topshirildi.

Diplomat G‘.Nazirovga Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasida ta’lim sohasidagi do‘stona munosabatlarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.

O‘z navbatida, Yaponiya TIV Faxriy yorlig‘i sohibi «Yapon tili bepul maktabi, Noriko sinfi – bolalar orzu-istaklari ushaladigan maskan» g‘oyasi butun hayoti davomida unga hamrohlik qilgani, kelajakda ham ikki xalq o‘rtasida do‘stlik ko‘prigini mustahkamlash yo‘lidagi loyihani davom ettirishini ta’kidladi.

Ma’lumot o‘rnida, G‘anisher Nazirov avvalroq O‘zbekiston Respublikasining «Do‘stlik» ordeni bilan ham taqdirlangan.

«Noriko Gakkyu» yapon tilini o‘rganish bo‘yicha bepul maktab Farg‘ona viloyati Rishton tumanida joylashgan. G‘.Nazirov 1998 yildan hozirgi qadar yapon tilini o‘rgatish, shuningdek, Kunchiqar o‘lka ta’lim tizimini joriy etishga ko‘maklashmoqda.

To‘garak darslari yapon ko‘ngillilari tomonidan ham onlayn, ham oflayn tarzda o‘tkaziladi. «Noriko Gakkyu» talabalari va bitiruvchilari yapon tili notiqlik san’ati tanlovida sovrinli o‘rinlarni egallagan. Ushbu maktabda o‘qigan ko‘plab yoshlar keyinroq Kunchiqar yurt oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olgan. Ularning ayrimlari Yaponiyaning yirik kompaniyalarida faoliyat yuritmoqda.

2022 yilda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, xalq rassomi Akmal Nur ham Yaponiya TIVning Faxriy yorlig‘i bilan taqdirlangandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring