Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

BuxDUning «duxi». 40 kun «chilla saqlagan» xat va «ichki nizom» quvvati haqida ikki og‘iz...

BuxDUning «duxi». 40 kun «chilla saqlagan» xat va «ichki nizom» quvvati haqida ikki og‘iz...

Kollaj: «Xabar.uz»

Taqdir – turmush  qurganimiz bois rafiqamning tahsilini Jizzax pedagogika institutidan Buxoro davlat unversitetiga (BuxDU)  ko‘chirishga to‘g‘ri keldi. Kimga qanday bo‘lgan bilmadim-u, o‘qishni ko‘chirishdagi sansalorlik tinka-madorimizni quritgan. BuxDUning o‘qish ko‘chirilganini tasdiqlovchi xatini naqd 40 kun kutdik-yey... Vaholanki, bugungi zamonda bitta xatni yuborish uchun 40 soniya ham vaqtingiz ketmaydi. 40 kun «chilla saqlagan» xat, nihoyat, Jizzaxga yetib borgach, ayolim BuxDUda o‘qishini davom ettira boshladi.

O‘shanda ko‘rgan-bilganlarimiz shu bo‘lsin, dedik. Oddiy bir xat qirq kun «chilla saqlagani» haqida hech kimdan izoh talab qilmadik. Ko‘ngilni keng qo‘ydik. Yana bir tomoni — universitet rahbariyati bilan tushunmovchilik kelib chiqishini xohlamadik, rosti.

Ammo BuxDUning «syurprizlari» kundan-kunga ko‘payib boraverdi.

Kunlarning birida ayolim oktyabr va noyabr oylari uchun stipendiya olganini aytib qoldi. Hayron bo‘ldik: sentyabr oyining stipendiyasi qayerga «g‘oyib» bo‘ldi? Ma’lum qilishdiki, universitet ichki nizomiga ko‘ra (bu nizomni birov ko‘rsatgani yo‘q, bu og‘zaki aytilgan gap), o‘qishi ko‘chirilgan talabalarga bir oylik stipendiyasi to‘lanmas ekan?! Bu qanaqasi?

Aytgancha, stipendiyadan «voz kechgan» bitta biz emasmiz. O‘qishi rus filologiyasi fakultetiga ko‘chirilgan yana uch nafar tanishimiz ham sentyabr oyi uchun stipendiya olmabdi. Ammo ular ham xuddi biz kabi birinchi yarim yil uchun shartnoma pulini tiyin-tiyinigacha to‘laganidan xabarim bor. Bu o‘yindan kim manfaatdor bilmadik-u, ammo shartnoma puli to‘liq to‘langanda, stipendiya ham to‘liq berilishi shart emasmi? Bu endi katta savol.

...Yetar-yetmovchilik kimning uyida yo‘q. Xarajatlar daromaddan ikki hissa ko‘p bo‘lib turganda, bir so‘m ham pul ekan-da. Ayniqsa, bizga o‘xshagan yosh oila uchun! Sessiyani «yopishda»gi «uzat-uzat»lar, bu jarayondagi baholar «narxi» xususida gapirmoqqa sabablar yetarli, biroq isbotlashning iloji yo‘q darajada. Bunda «oluvchi» hech narsani tan olmaydi, «beruvchi» ikki endik ariza yozishga jur’at qilmaydi. Shu bois, tomonlarga insof tilashdan boshqa iloj yo‘qdek. Ammo BuxDUning «ichki tartibi»ga oid yana bir aqlga sig‘mas holat haqida gapirmasak bo‘lmaydi.

Yuqorida aytdim: yosh oilamiz. Xursandmizki, ayolim «yukli» bo‘lgan. Bunday holatdagi yosh, bo‘lajak onaning ahvoli ma’lum: sog‘ kunidan mazasi qochgan kuni ko‘proq. Shu sabab rafiqam bir necha kun darsga borolmay qolgani bor gap. Uning dars qoldirgan kunlari uchun berilgan «bolnichniy»larni olib, kafedraga bordim...

– Bu qog‘ozlaringiz bizga o‘tmaydi, – dedi rus tili kafedrasi mudiri Otabek Nosirov qishloq vrachlik punktining «spravka»sini ko‘rgach. – Bu ma’lumotnomani shahardagi 11-sonli poliklinikadan tasdiqlatib kelishingiz kerak. Bizga faqat shu poliklinikaning «spravkasi» o‘tadi.

–  Nega?

– Universitetning ichki nizomida shunday deb yozilgan.

O‘sha sirli va qonunlardan quvvatli «ichki nizom»ni ko‘rsating, degan gapim muallaq qoldi. Xo‘p, shunaqa nizom borligiga ishondik ham. Biroq u  mavjud qonularga nechog‘li mos? Shu savolga javob topilsa, unversitet rahbariyatining qulog‘i tinch, ko‘pgina talabalarning ko‘ngli xotirjam bo‘ladi, nazarimda. Shuningdek, o‘rtada tug‘ilayotgan shubha-gumonlarga ham oydinlik kirarmidi, deyman-da.

Hasan Salomov, jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring