Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh O‘zbekistonda 25 million dollarlik loyiha boshladi

AQSh O‘zbekistonda 25 million dollarlik loyiha boshladi

AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) 20 fevraldan O‘zbekistonda «Barcha bolalar muvaffaqiyatli» deb nomlangan loyihani ishga tushirdi. Dastur doirasida besh yil davomida 25 million dollar ajratiladi.

AQSh elchixonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, loyiha Creative Associates International, Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashlari, AQShning Sirakuz universiteti qoshidagi nogironlik va inklyuziya markazi, Praxis Plus va «Yuksalish» umummilliy harakati hamkorligida amalga oshiriladi. 

Loyihaning rasman boshlanishiga bag‘ishlangan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov,  USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi direktori  Devid Hoffman hamda Creative Associates tashkiloti prezidenti Liland Kruvant qatnashdi va nutq so‘zladi.

Notiqlar har bir bolaning muvaffaqiyatini ta’minlash, salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda hamkorlik, fidoyilik va jamoaviy mas’uliyat muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.

O‘zbekiston hukumati nogironligi bo‘lgan bolalar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qat’iy choralar ishlab chiqdi. USAIDning «Barcha bolalar muvaffaqiyatli» loyihasi inklyuziv ta’lim bilan bog‘liq quyidagi muhim yo‘nalishlarni qo‘llab-quvvatlaydi: qulay  o‘quv-metodik materiallar, o‘qituvchilar uchun amaliyot va maktab muhitini yaratish, asosiy manfaatdor tomonlar, ya’ni o‘qituvchilar va nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan birgalikda ishlab chiqilgan barqaror siyosatni rivojlantirish. 

Tadbir yakunida milliy va xalqaro tuzilmalar o‘rtasida sifatli inklyuziv ta’limni tashkil etish va O‘zbekistondagi bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan hamkorlik kelishuvi imzolandi.  U ta’lim tizimini yanada inklyuziv bo‘lishiga asos soladi va o‘quvchilar, jumladan nogironligi mavjud o‘quvchilarning tayanch ko‘nikmalarini  rivojlantirishga ko‘maklashadi.

Avval xabar berganimizdek, 2023 yil oxirida O‘zbekiston adliya vazirligi va USAID o‘rtasida mahalliy davlat hokimiyatini rivojlantirishga doir hujjat imzolandi.

2023 yil noyabr oyida AQSh agentligi «Sildan xoli O‘zbekiston» deb nomlangan besh yillik tashabbusga start berdi.

2023 yil 23-24 oktyabr kunlari yurtimizda mehmon bo‘lgan USAID administratori Samanta Pauer O‘zbekiston xalqini qo‘llab-quvvatlash uchun 14,2 million dollar ajratilishini ma’lum qilgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring