Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mustahkam Tangriyorova

Oqqan daryo oqaveradi. 

«Tez tibbiy yordam»da ishlash osonmi: tig‘iz payt, rahmat va kaltaklar, tirbandlik va boshqalar haqida

«Tez tibbiy yordam»da ishlash osonmi: tig‘iz payt, rahmat va kaltaklar, tirbandlik va boshqalar haqida

Foto: Xabar.uz

«Xabar.uz» muxbiri tibbiy brigada bilan navbatchilikda bo‘ldi.

Anomal issiq Samarqandda ham o‘z kuchini ko‘rsatdi. Jazirama kunlarda «masjidda kimdir hushidan ketibdi», «bozorda birov yiqilib qolibdi» degan gaplar quloqqa chalindi. Shunda, Respublika «Tez tibbiy yordam» markazi Samarqand viloyati filiali ma’muriyatiga bog‘landik.

«Ko‘p hollarda hushdan ketganda «tez yordam» chaqirishmaydi, suv sepib yoki novshatir spirt bilan o‘ziga keltirib olishadi. Lekin, bunday kishilarning aksariyatida surunkali kasalligi bo‘ladi. Ob-havo va boshqa omillar natijasida sutkaning turli vaqtlarida ham qo‘zg‘alaveradi. Siz istagan paytingizda xodimlarimiz bilan birga chiqishingiz mumkin» deyishdi.

Tig‘iz payt

«Tez yordam»dagi  tig‘iz payt oqshom hisoblanadi. Aniqrog‘i, soat 18 lardan yarim tungacha «tez yordam»chilarning holini ko‘rmabsiz — chaqiriq ustiga chaqiriq. «Xabar.uz» navbatchilikda ishtirok etish uchun aynan shu pallani tanladi. Nega aynan bu soatlarda chaqiriqlar ko‘payadi? «Tez tibbiy yordam» markazi Samarqand filiali bosh vrachi o‘rinbosari Bekzod Sobirov savolimizga shunday izoh beradi.

— Tig‘izlik cho‘qqiga chiqqan payt 21-22 lar oralig‘i. Sabab bu paytda ishlaydiganlar ishdan qaytgan, boshqalar ham anchayin bo‘shashgan va qornini to‘ydirgan bo‘ladi. Qolaversa, kunning tunga almashinuv vaqti va och qorinning to‘ldirilishi bilan organizmda o‘ziga xos o‘zgarish bo‘ladi. Bu paytda asosan qon bosimi ko‘tariladi. Bundan tashqari, oqshomda poliklinikalar yopilgan, ularga murojaat qilish  imkonsiz, deydi u.

Chaqiriqlar nisbatan kamaygan soatlar esa tungi 2 dan 7 lar oralig‘iga to‘g‘ri kelarkan. Shikoyatlarning asosiy qismi ham tig‘iz payti bilan bog‘liq.

—Deylik, 10 ta murojaatdan 2 tasida minnatdorchilik bildirishsa, qolgan 8 tasida shikoyat bilan «siylashadi» — so‘zini davom ettiradi Bekzod. — Shikoyatlarning asosiy mazmuni «Kech keldingiz». Stansiyamizda bir vaqtning o‘zida 20 ta brigada ishlayapti. Har bir chaqiriqni bajarishda kamida 40 daqiqa vaqt ketadi. O‘sha 40 daqiqa ichida bizlarga 20 ta emas, kamida 60, 70 yoki 80 ta chaqiriq tushadi. Shuning hisobiga birinchi chaqiriqda bo‘lgan brigada, borgan joyida ishini tashlab ikkinchi manzilga o‘tolmaydi.

Suhbatdoshimiz «40 daqiqa» iborasi minimal hisoblagandagi me’yor ekanini ta’kidlaydi. U bemor transportirovka qilinsa, jarayon bir yarim soatgacha cho‘zilishini uqtiradi.  

Shunda sizlardagi kuch real emasmi?

— Bizda brigada aholi soniga qarab belgilanadi. Har 13 ming aholiga bitta brigada to‘g‘ri kelishi — bu standart. Samarqand shahrining aholisi 500 mingdan sal oshadi. Shunga moslab 43 ta brigada ishlaydi, – qayd etadi bosh vrach o‘rinbosari.

«Tez tibbiy yordam»ning tez yetib borishi ularga berilgan mashina va yo‘llarning holatiga ham bog‘liqligi haqida fikrlashayotgan edik, chaqirishdi. «Brigadangiz yo‘lga chiqayapti!». Qolgan savollar borasida chaqiriqlar oralig‘ida, yo‘l-yo‘lakay gaplashadigan bo‘ldik.

«Qo‘rqmang, biz yoningizdamiz» 

Shunday qilib, shifokor Zokir Ibrohimov, hamshira Nilufar Abdusalomova, haydovchi Abdurahmon Abdullayev uchligidan iborat tibbiy brigadaga yana bir hamroh qo‘shildi. «Jurnalist opa, qani, ketdik!»

Sartepa massivi, **-uy, 5-qavatdagi xonadon. Kvartira eshigi ochiq edi. Yoshi ulug‘roq ayol to‘shakda yotardi.

— Daleniyam baland.

— O‘lchadingizmi?

— Ha. O‘zi, ishchi davleniyam 115-120ga 75 bo‘lardi. Keyin, ikki yildan buyon aritmiya paydo bo‘lgan. Bugun ham yuragim ko‘p urayapti, svet o‘chdi-ku, shunday issiq bo‘lib ketdi. Yuz-qo‘llarimni yuvdim, davleniyam chiqib ketmasin deb. Baribir, ko‘tarildi-da. Svet ikki soatcha bo‘lmadi, bu yer 5 etaj-ku, yonib ketadi.

Vrach qon bosimini o‘lchaydi: 160 ga 100.

— Aritmiyangiz hozir qo‘zg‘agani yo‘q. Qon bosimingiz ozgina ko‘tarilgan, biroz hayajonlanganingiz yoki ob-havo ta’sirida ko‘tarilgandir.

— Dorimni ertaroq bo‘lsa ham ichdim.

— Qanaqa dori?

— Lizinokor. Aslida soat 8 da (20 da) ichishim kerak edi. Duxtirimga qo‘ng‘iroq qilib qon bosimim oshayotganini aytdim, ular hozir iching dedilar. Besh yarimlar edi. Lekin tushmadi.

— Hozir papaverin, dibazol qilamiz sizga. Keyin bitta analgin va dimedrol ham.  

Ayol analgin, dimedrolni istamaydi, allergiyasi borligini aytadi.

— Men qo‘rqoqman-da jonim.

— Qo‘rmang xola, biz shu yerdamiz.

Rad etilgan dorilar o‘rniga korvalol beriladigan bo‘ldi.

Hamshira shu gapdan keyin, chaqqonlik bilan shpritsga dorini tortadi... Ayol «Qo‘lingiz yengil ekan, sezmay qoldim» deb alqaydi.

Bemor ayol 68 yoshda, bir umr o‘qituvchilik qilgan, kasbini sevgan. Ish joyi, fani haqida so‘ralganda ko‘zlari yarqirab ketgandek bo‘ldi, boshini sekin yostiqdan ko‘tardi. Uning ota-onasi, avlodida qon bosimi oshishi hech qachon kuzatilmaganini ta’kidlaydi. Poliklinikada kunduzgi statsionarda tomchi dori olayotgan ekan. Go‘shtli ovqat yeyishini, lekin ozib ketayotganini aytadi. Dorining ta’sirini kutish va qaytadan qon bosimini o‘lchash uchun hali vaqt bor edi.

Ikki xonali mo‘’jazgina, ozoda xonadon. «Opamnikiga hovliga borsam, 4-5 kun turaman, u yerda hech kasal bo‘lmayman... » deydi ayol samimiyat bilan. «Farzandlaringiz bormi» deb so‘rolmayman. Farzandini manguga yo‘qotgan yoki oila qurmagani sabab o‘g‘il-qizi bo‘lmagan, bo‘lganida ham bolalari uzoqda ishlayotgani uchun yog‘liz qolayotgan ota-onalar kam emas ekan (navbatchilikning jurnalist hamrohligidagi qismi natijasi: 8 ta chaqiruvda bemorlarning 3 tasi yolg‘iz, yonida biror yaqini bo‘lmagan holatda edi).

Qaytadan tekshirildi, qon bosimi me’yorga kela boshlagan edi...

Sirena: «Yo‘l bering, yo‘l bering!»

Pastga tushdik hamki, vrachning qo‘lidagi planshetda yangi chaqiruv paydo bo‘ldi. Biz turgan joyga nisbatan yaqinroq bo‘lgan (yaqinroq degani ham 8-10 chaqirimcha) BAM deb ataluvchi hududdan murojaat bo‘lgan. 87 yoshli otaxonga chaqirishgan. Ikki qatordan, jami to‘rt qator kenglikdagi yo‘lda tirbandlik. Kamiga ana shu yo‘l chetida mashinalar qoldirilgan. Shag‘al yoki tuproq uyulgan joylar ham bor.

«Viu, viu... » Sirena yo‘l berishni so‘raydi. Bir qora Jentra o‘zi chetga o‘tib yo‘lni bizga ochib bergandi, boshqasi g‘izillab oldimizga o‘tib oldi...

«Yo‘l-yo‘lakay suhbatlar»dan

Bekzod Sobirov, bosh vrach o‘rinbosari: «O‘tgan yil sentyabr oyida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitiga xizmat qilish uchun Samarqandga 30 ta «Ford» reanimobillari keltirilgandi. Tadbirlar tugagach, eng so‘nggi tibbiy texnologiyalari bilan jihozlangan ambulanslar Samarqandda qoldirildi. Kechikishlar sodir bo‘lsa, bu mashinalar bilan bog‘liq holat emas. Biroq, yo‘llarimizdagi tirbandlik ishimizga ta’sir qilmay qolmaydi. Oqshomlari temiryo‘l vokzalining narigi tomoniga o‘tib ko‘rganmisiz? Yo‘li tor, bir qatorli, hammasi bo‘lib ikkita mashina sig‘adigan yo‘l. Shahardan chiqadigan barcha transport odatda shu yo‘ldan yuradi. Bugundagi tez tibbiy yordam bemorlarini qabul qilib kelgan «Xavasi» shifoxonasiga yopilayapti. Uning o‘rnida erta-indin Qorasuvdagi yangi «Tez yordam» kasalxonasi ish boshlash arafasida. Qorasuvga Mikrarayon yoki Samarqand tumanidan yuqorida aytilgan bir qatorli yo‘l orqali boriladi. To‘g‘ri, yangi yo‘l qurilishi haqida gapirilayapti. Ammo qachon? Aslida shifoxona qurilayotganda parallel tarzda yangi yo‘lga ham kirishish kerak edi».

...Daraxt ostida o‘tirib bizni kutayotgan yigit «Tez yordam»ni ko‘rib o‘rnidan turdi. Hovli salqinlatib suv sepilgan, chorpoyadagi kichrayibgina qolgan chol salomga dadil ovozda alik oldi. Qizi tushuntirgan bo‘ldi.

— Bobo boshi aylanib turolmayapti bugun. Hojatga ham borolmay, o‘tirib qolayapti. Qon bosimi tushdimi, chiqdimi bilmadik.

Otaxon esa «qarichilik-da» deb qo‘ya qoladi avvaliga. Shifokor otaxonning yonida o‘tirib uni gapga soladi. Terisida qichish bor ekan. Undan keyin, to‘rt yil muqaddam jarrohlik amaliyoti o‘tagandan so‘ng siydigi tabiiy holda emas, qorin qismida o‘rnatilgan naycha orqali chiqadi. Qon bosimi me’yorda ekan. Shu joyning o‘zida subrastin va natriy tiosulfat dorilari yuborildi. Shifokor Ibragimov ertaga tor mutaxassislikdagi vrachlarga uchrashish va davolanish zarurligini o‘g‘liga qayta-qayta tayinlaydi.

«Qo‘limga tushsin o‘sha vraching... »

Qaytsak, stansiya binosiga kiraverishda, koridorda qiy-chuv. 30 yoshlar atrofidagi yigit «Topib beringlar o‘sha vrachni» deb baqirib-chaqirayapti.

Anglashilishicha, yigitning onasiga tez tibbiy yordam mashinasi kechikmay yetib borgan. Birinchi yordam ko‘rsatilgan. Qonida qand miqdori me’yordan ancha yuqori bo‘lgan bemorni Samarqand shahar markaziy shifoxonasiga olib borishgan. Bu shifoxona onaxonni qabul qilmagan, hamshiraning aytishicha, yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib borishni tavsiya qilishgan.

Bemor ham, qizi ham bunga rozi bo‘lmagan, qizi bilan kelishilgan holda uyiga qaytib olib ketishgan. Ayolning o‘g‘li qandaydir vaqtdan keyin Toshkentdan qaytgach, «Tez tibbiy yordam» xizmati stansiyasiga kelib janjal qilayapti.

«Sizlar bilan ishim yo‘q, o‘sha borgan vrachni topib beringlar» derdi u o‘rlik bilan. So‘ralgan shifokor esa navbatdagi chaqiriqda. Yigitning da’vosi «Nega meni kutmadi, Toshkentdan kelayotgan edim-ku. Nega kasalni hovliga qoldirib ketgan?»

Bemorning xonaga kiritib qo‘yilmagani asosiy e’tirozdek yangrardi. Xizmat qilgan brigada hamshirasi aytishicha, bemor ayol toza havoda qolishni istagan, qizi shu yerda qoldiringlar degan...

«Xabar.uz» «Tez yordam»ga hamrohlik qilgan kun —27 iyuldan Samarqand shahridagi, xalq orasida Xavasi deb ataluvchi, Tez tibbiy yordam xizmatiga ixtisoslashgan shifoxonada bemor qabul qilinmadi. Yangi shifoxona esa hali ishga tushmagan. Shu sababdan bemorlar shahardagi boshqa shifoxonalarga olib borilgan.  

«Yo‘l-yo‘lakay suhbatlar» dan

Fazliddin Shukurov, shifokor: «Tibbiy xodimlarga qo‘l ko‘tarish hollari hamon uchramoqda. Hatto vrach yoki feldsherga bog‘liq bo‘lmagan holatlar uchun ham kaltaklashadi.

So‘nggi voqea, kuni kecha Urgutning Jartepasida sodir bo‘ldi. Brigada murojaatga vaqtiga borib yordam berib qaytgandan 4 soat o‘tib bemorning o‘g‘li ichib kelib tibbiy xodimni urib jarohat yetkazgan.

Feldsher Akbar Pardayev hozir shifoxonada yotibdi. Unga chap yuz, bo‘yin, ko‘krak va bosh qismi yumshoq to‘qimalari lati, bosh miya chayqalishi tashxisi qo‘yilgan. Tishlari ham sindirilgan. Dalil sifatida planshetda yozilgan muolajalar ko‘rsatilayotganda planshetni ham chilparchin qilgan».

Tibbiyot darsidek go‘yo

Soat 20:30. Rudakiy xx manziliga chaqiriq bo‘ldi. Oyog‘ini shisha kesgan yigit murojaat qilgan.

Yigit 28 yoshda. Ijara uyda oshpazlik qilib, yetkazib berish xizmati orqali savdo qilarkan. Aytishicha, hammomda oynani almashtirayotganda, oyna tushib ketib chap oyog‘ini jarohatlagan. Oyog‘i yuzasida oqqan qon qotib qolgan. Boshi aylanayotgan, ko‘ngli ko‘tarilayotgan ekan. Shifokor avvalo bemorning qon bosimini o‘lchadi. Bunda muammo yo‘q ekan. So‘ng, qaynatib sovutilgan iliqroq suv va tog‘oracha so‘raydi.

— Qop-qora qon ketdi, bir yarim kosacha. Nega buncha qora? O‘zi qondan qo‘rqaman. Keyin uxlab qolibman. Yarim soatlardan keyin tursam boshim aylanayapti. O‘zi, jigarning rangidek qora qon xavfli emasmi?

— Shisha bo‘lagi biror urush-janjal vaqtida uchib kelib tushmadimi?

— Yo‘g‘-e, vannaga kirib ko‘ring...

Qo‘lpoq kiygan vrach yigitchaning oyog‘ini obdon yuvadi. Keyin spirt bilan ishlov beradi. «Tanada shisha parchasi qolmagan, yengil jarohat bu, xotirjam bo‘ling». Malham surtib, yarani bint bilan o‘raydi. Jarohatga vaqtida malham bilan ishlov berishni qattiq tayinlaydi. Bemor esa jarohatdan oqqan qonning rangidan xavotirini yana aytadi.

— Oyoq venalari yuzada joylashgan. Kislorodsiz, ya’ni tarkibida karbonat angidrid bo‘lgani sababli vena qoni qora bo‘ladi. Qon arteriyadan oqsa qip-qizil, och pushti rangda bo‘ladi — tushuntiradi vrach. Nilufar esa buyurilgan ineksiyani qiladi.

«Yo‘l-yo‘lakay suhbatlar»dan

Zokir Ibragimov, shifokor: «Chaqiriqlar oqshomda ko‘paygani bilan, dard, o‘lim yoki boshqa favqulotda holatlar vaqtni tanlab o‘tirmaydi. Bugun kunduzi soat 2 da ish boshlaganmiz. Kelguningizcha ham bir necha manzilda birinchi yordam ko‘rsatib bo‘lgandik.

Tibbiyot ojiz bo‘lgan holatlar ham kam emas. Bugun ko‘z o‘ngimizda jon taslim etgan ayol yetmishdan oshgan. Bir necha surunkali kasalliklari bo‘lgan. Garchi kirib borganimizda, ayol hali gapirib turgan bo‘lsa ham, u yaqin vaqtlarda ko‘z yumishi sezilardi.

Baxtimizga bugungi onaxonning qizlari vrach ekan. Vaziyatni sokin va og‘ir-vazminlik bilan qabul qildi, atrofdagilarni ham shunga undadi.

O‘zi umri tugayotgan odamning belgilari bo‘ladi. Lekin farzandlar hamma vaqt ham buni tan olmaydilar. Goho, so‘nggi daqiqalarini yashayotgan bemorni shifoxonaga olib borishni talab qilishadi. Keyin qabul bo‘limida, liftda, mashinada, har qanday joyda, inson joni uzilgani qayd etilgan hollar bor...

Uyda qolganda, goho eng yaxshi holatda biz qilgan ukollar yarim soat, boringki, bir soat umrini uzaytirishi mumkin. Yaqinlari ayriliqni oldindan bilganda o‘zini yo‘qotib qo‘yadiganlari bor. Shunda bemor qolib ular bilan ishlaymiz. Tilovat qilishni, rozi-rizochilik so‘rashni maslahat beramiz.

Ba’zan otaxon-onaxonlar so‘nggi daqiqasida kimgadir ilhaqdek tuyulaveradi. O‘zaro gaplaridan anglaymiz — o‘g‘li (qizi) necha yildan beri falon mamlakatda. Odamlar majburlikdan chetga ishlayapmiz desalar tushungandek bo‘laman. Lekin, saroydek hovlida ko‘z yumayotgan otaning to‘rt o‘g‘lidan birortasi yonida bo‘lmaganiga ham guvoh bo‘ldik. Bu sal avvalroq bo‘lgan voqea. Shunda ham o‘zimizni sovuqqonlikka solib, ishimizni bajarib chiqib ketamiz. Yoki deylik, izolyatorga borib 3 ta farzandi qotiliga aylangan otaning yarasiga ishlov bergan vrach unga nafratini bildirishga haqqi yo‘q. Bemorga faqat bemor deb qarash burchimiz. Lekin, shu vrach uyiga borib tinch uxlashiga ishonasizmi? Kelgusi haftadan ta’tilga chiqmoqchiman. Ayolim ham shifokor. Biz asli Kitobdanmiz. Nasib bo‘lsa, ta’tilni oilaviy Kitobda o‘tkazamiz».

Maxsus brigada

Stansiyadagi qaytib endi xonaga kirgan ham edikki, yangi chaqiruv. Bemorning qon bosimi ko‘tarilib ketayapti! Yo‘llarda hamon tirbandlik. Boyadan beri kuzatganim yo‘lda ikkita «Tez tibbiy» yordam mashinasi duch kelib qolsa, yengilgina singal berib o‘tishadi. «Qalaysizlar?» degandek. Lekin, bu gal oynalariga ajabtovur qilib ichkaridan to‘rsim tutilgan «Damas» singal berib burilib ketdi.

Old oynasidan ko‘rinib turibdi —ular ham «Tez yordam» degan yozuvli kiyimdagi kelbatli-kelbatli yigitlar. Qiziqib surishtirdim. Bu ruhiy kasalliklar xurujida boradigan maxsus brigada ekan. Men ana shu brigada bilan bormoqchi ekanimni aytdim. «Opa, e’tibor berdingizmi, jamoada faqat erkaklar va ular maxsus tayyorgarligi bor xodimlar! Ularning bemorlari ko‘pincha agressiv kayfiyatda, qo‘lida pichoq bilan kutib olishi ehtimoli ham bor» deya tushuntirishdi.  

«Yo‘l yo‘lakay suhbatlar»dan

Narimon Mamutov, reanimatolog vrach: «Biz reanimatologiya brigadasi hisoblanamiz. Eng tezkor yordamlarga boramiz. Necha kunki, bir onaxon ayni tig‘iz paytda vahima qilib chaqiradi va davolanish doirasidagi ukolini qildirib oladi. Vaholanki, poliklinikada navbatchi xodimlar soat 8 gacha ishlashi, rejali davolanishlarni ular amalga oshirishi kerak. Onaxon 7-oilaviy poliklinikaga qarashli hududda yashaydi. Biz, favqulotda holatlarda, nafas qisganda, qon bosimi ko‘tarilib ketganda, qon ketganda yoki shunga o‘xshash tezkor holatlar uchun doim tayyormiz. Hamma o‘z vazifasini bajarishi kerak. Butun boshli komanda bitta ukolni qilish uchun har kuni shuncha yo‘lga borib qaytganda, «Tez yordam» xizmatiga haqiqatan muhtoj bemor shifokorni kutib hayotga imkonni yo‘qotishi mumkin».

Planshetdagi va planshetdan tashqari manzillar

Respublika «Tez tibbiy yordam» markazi Samarqand viloyat filialining 3-stansiyasi asosan ko‘p qavatli uylar bo‘lgan hududga xizmat qiladi. Keyingi chaqiriqlarda ham ketma-ket yuqori qavatlarga chiqaveramiz, tushaveramiz. Qizig‘i, brigada har gal manzilni hech kimdan so‘ramasdan va devor, eshiklardagi hech bir yozuv, raqamga qaramasdan kirib boradi.

Oxiri so‘radim: «Bular doimo keladigan bemorlardanmi, adashmasdan kirib borayapmiz?» «Planshetda navigator ko‘rsatib turadi. Lekin, bu gap hozircha faqat ko‘p qavatli uylarga tegishli» deydi vrach.

Bemorlardan birining qon bosimi va yuragida me’yoriy ko‘rsatkichlar baravariga ko‘tarilgan. Birinchi yordam ko‘rsatildi, ahvoli o‘nglandi. Ammo yaqin kunlarda bemor tahlillar orqali chuqur o‘rganilishi va maxsus mutaxassis shifokorlar ko‘rigidan o‘tishi qat’iy aytildi.

Keyingi manzildagi bemor to‘rt yil avval avtohalokatga uchragan. Boshidan olgan jarohati hamon butun tana muvozanatiga ta’sir qiladi. Bugun do‘konlarni aylangan ayol oqshomda yuragi qattiq urib, qo‘llari shalvirayotganida qo‘rqib «103» ga qo‘ng‘iroq qilgan. Tezkor muolajalardan keyin qon bosimi tushdi, tinchlandi. Yana bitta holatda bemorning a’zoyi badani qaqshab og‘riyotgani bilan murojaat bo‘ldi. Og‘riq qoldiruvchi va tinchlantiruvchi «ukol»lar. Ertga keng qamrovli tekshirishga tavsiya.

«Yo‘l yo‘lakay suhbatlar»dan

Iroda To‘xtayeva, feldsher: «Gohida planshetda qayd etilmagan va xayolimizga kelmagan manzillarga xizmat ko‘rsatamiz. Masalan, o‘tgan navbatchiligimizda chaqiriqdan qaytayotgan edik, O‘zbekkenti qishlog‘ida yomon avtohalokat ustidan chiqdik. Ikkita yengil mashina to‘qnashgan. Darrov ambulansdan tushdik. «Tez yordam»ga chaqiriq berilgan, lekin, brigada hali yetib kelmagan ekan. Bunday holatda biz tezkor yordam berishimiz kerak... Rulda ko‘krak qafasi qisilgan haydovchi va oyog‘i singan yo‘lovchiga birinchi yordam ko‘rsatib tez yordam mashinasiga oldik. Bu vaqtda chaqirilgan brigada yetib bordi va yana bir jarohat olgan kishini shifoxonaga yetkazish ularga qoldi. Har qadamimda katta feldsher Shohida Karimovaning maslahatlari menga qo‘l keladi».

«Menga boshqa brigada kerakmas!»

Soat 23 lardan o‘tib ko‘chalarda tirbandlik yo‘qolgan paytda stansiyaga qaytik. Endi bafurja suhbatlashishga imkon bo‘lsa kerak deb turganimda, maxsus chaqiriq, deyishdi. «Aynan mana shu brigadani so‘rashayapti...».

Kamtarona, ammo fayzli mo‘’jazgina hovliga kirib borar ekanmiz, sochlari oppoq  ozarbayjon onaxon Nilufarni quchoq ochib kutib oladi. Xonadondagi boshqa ayollar ham. Onaxonning ism sharifi Seramush Bakuns ekan. 84 yoshda. U kovidning eng og‘ir ko‘rinishi bilan og‘riganini esladi. «O‘shanda meni Kovid markaziga borishga ko‘ndirgan, tuzalishimga ishontirgan, u yerga o‘zi olib borib, hech ikkilanmasdan meni ichkariga o‘zi olib kirgan shu Nilufar edi» deydi onaxon.

Shundan buyon, qariyb to‘rt yilki, ayol Nilufarning navbatchilik kunini kutib yasharkan. Chaqirganda, kelolmasa, tobi qochib yotib qolarkan. «Tez yordam»ning boshqa brigadasi kelganda, onam ularni ichkariga kiritma deb injiqlik qilaveradi» deydi ayolning o‘g‘li.

«Yo‘l-yo‘lakay suhbatlar»dan

Nilufar Abdusalomova, hamshira: «Tez tibbiy yordam» xizmatida ish boshlaganimga 25 yil bo‘ldi. Ishimni juda yaxshi ko‘raman. Shunchaki o‘z burchingni bajarganingda, uni yaxshilik sifatida qadrlagan insonlar borligi menga kuch beradi. Ishimiz orqali odamlarning yaxshi kunlariga ham, yomon kunlariga ham boramiz. Yaxshi kuni deganda konsertlar, turli bayram tabdirlari, sport musobaqalaridagi navbatchilikni nazarda tutayapman. Shu bahonada o‘zimiz ham konsert-tomoshalarni ko‘ramiz, kuy-qo‘shiq yoki davradagi kayfiyatdan yayraymiz. Ochig‘i, o‘zim bilet olib konsertga kirishga hozircha imkonim ham, vaqtim ham bo‘lmagan.

Ishga Tayloq tumanidan qatnayman. Qaynota-qaynonali fayzli oila keliniman. Ular qo‘llashmaganda men ishlay olmas edim. Bugunda uch o‘g‘limning bari oliy ta’lim dargohi talabasi. Ularning ikkitasi shartnoma bilan o‘qiydi. Men maoshimni to‘plab-to‘plab ularning shartnomasiga o‘tkazaman. Dadamiz ro‘zg‘orni bajaradilar...»

Yor-yor, salyut va og‘ir bemor

Shoshilinch  tibbiy yordam ishidagi tig‘izlik biroz chekina boshlayotganda yana Sartepa massiviga chaqiriq bo‘ldi. «Ford» dan tushganimizda ko‘chada «Yor-yor» aytib kelayotgan guruhga duch keldik. Qaysidir xonadonga kelin tushayapti. Boshlovchi bor ovozi bilan aytaveradi:

Yangamsanu, yangamsan...

20-30 chog‘li bo‘z bola buyog‘iga jo‘r bo‘laveradi:

Yor-Yor-Yoron-ye,

Kelin ichida bo‘lgan mashina ham yor-yorga mos ravishda «bi-bib»layveradi. Bir qarashda Samarqandga xos go‘zal manzara. Lekin... Soatga qarayman - 0:27.

Xonadonga kirayotganimizda hududni ketma-ket salyot ovozi tutadi.

Bemorning ahvolini yaxshi deb bo‘lmasdi. 60 yoshli ayolning qon bosimi 180 ga 110, harorati esa 35 daraja. Ertalab va tush paytida ham «Tez yordam» chaqirilgan. Ukollardan keyin biroz vaqt qon bosimi tushganu, yana chiqaverayapti ekan.

«Titrash, sovuq qotish hollari bo‘layapti, boshlari aylanayapti» tushuntiradi qizi.

Ma’lum bo‘lishicha, o‘tgan kunda biroz o‘zini shamollagan deb his qilganda, ayol ham sinepar (!), ham paratsitamol ichgan. Birinchi navbatda bemorning qon bosimini tushirish harakati bo‘ldi. Haroratini ko‘tarish uchun esa oyog‘i ostiga issiq suvli baklashka qo‘yildi.

Shu orada hamshira, brigada chaqiruv joyida bo‘lganini tasdiqlovchi imzo qo‘yishi uchun daftarini bemorning qiziga uzatdi. U siltab berdi: «Avval ishlaringizni qilib olinglar, keyin...» Dorilardan keyin natijani kutib,bekor o‘tirardik...  

Qizining aytishicha, yaqinda bemorning farzandlari va nabiralari oilaviy shamollashgan, isitmalari chiqqan. Shunda ona ularga isitma tushiruvchi turli damlamalar tayyorlab bergan. «Bizlar ichmaganda, o‘zlari hammasini ichgan-da» deydi qiz.

«Sinepar taqiqlanganini bilmaysizmi?» so‘rayman undan.

 «Man sineparni bir oydan beri ichaman, tish og‘rig‘ini qoldirish uchun. Bir kunda uchtayam ichaman» (!)

Qon bosimi tushgani 160 bo‘ldi, harorat 35 yarimdan oshmadi... Onani shifoxonaga olib borish haqida aytildi. Besh qavatli binoda lift yo‘q, bemorni bir tomondan vrach, boshqa tomondan o‘g‘li qo‘ltiqlab zinadan tushirishdi. Nilufar dori-darmonli ulkan sumkani ko‘tarib kelardi.

Ko‘p tarmoqli viloyat shifoxonasi qabulxonasi ko‘rigiga faqat vrachni kiritishdi. Nilufar bilan koridorda qoldik. Endi e’tibor berdim. Uning oyoqlari shishgan edi. Brigada qariyb 12 soatdan buyon deyarli tik oyoqda edi.  

«Yo‘l-yo‘lakay suhbatlar»

Nilufar Abdusalomova, hamshira: «Transportirovka oldidan uy egalarida odatda hovliqishadi. Bu tibbiy xodimlar ishiga ham ta’sir qiladi. Shuning uchun yo‘lga taraddud bo‘lmasidan imzo qo‘ydirib olishga harakat qilamiz. Imzo yoki boshqa holat bilan chalg‘ib bemorni e’tiborsiz qoldirish, uni shifoxonaga yetkazishda xato qilishga haqqimiz yo‘q. Umuman xato qilishga haqqimiz yo‘q.

O‘zi bittagina ukam bor edi. Ota onamning to‘rt qizdan keyin topgan yagona o‘g‘li edi. Ikki yil bo‘ldi, 41 yoshida olamdan o‘tdi. Nimadan deng. Muzdek suv ichganidan biroz shamollaganda hamshiraga boribdi — yoshi katta hamshira, kuniga o‘ntalab kishiga ukol qilib turgan hamshira. Men o‘sha kuni ishda edim. Ukam seftriakson antibiotigi sinovsiz qilingani natijasida nobud bo‘ldi».

Gursillab yurgan, shijoati boshqalarga ham kuch berib turgan Nilufarning ikki ko‘zi jiqqa yoshga to‘lgan edi...

Soat tungi 2:00. Boyagina g‘ala-g‘ovurli, tirband hudud sukutga cho‘kkan. Atrofdagi «dom»larda deyarli hamma uxlayapti. Zero, derazalardan endi yorug‘lik sizmayapti. Faqat «Tez tibbiy yordam» stansiyasida jamoa uyg‘oq...  

Mustahkam Tangriyorova

«Xabar.uz» ma’lumot to‘plashga imkon bergan Respublika «Tez tibbiy yordam» Markazi Samarqand bo‘limi ma’muriyatiga minnatdorchilik bildiradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring