Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tarix va zamonaviylik uyg‘unligi: Urumchining shaharsozlik muzeyiga sayohat (foto)

Tarix va zamonaviylik uyg‘unligi: Urumchining shaharsozlik muzeyiga sayohat (foto)

Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi mamlakatimizdan bir guruh jurnalistlar va mutaxassislar uchun Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyatiga press-tur tashkil qildi. Unda Xabar.uz muxbiri ham ishtirok etdi.

Xitoy ­­­­– ulkan megapolislari, ajoyib arxitekturasi, boy tarixi va zamonaviy qiyofasi, milliy koloriti bilan millionlab sayyohlarni o‘ziga rom etib keladi. Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyati Xitoyning boshqa hududlariga nisbatan iqlimi, muhiti bilan O‘zbekistonga ancha yaqin. Bu yerda havodagi namlikdan, taomlaridan qiynalmaysiz. Shinjon oshxonasining lazzatidan bahra olasiz.

Tashrifga qadar avtonom viloyat markazi ­– Urumchi shahrining zamonaviy megapolisga aylanib ulgurganini tasavvur qilmagan edik. Shaharning avvalgi arxitekturasi, muhiti Toshkentga ham o‘xshab ketadi. Biroq so‘nggi yillarda ko‘plab osmono‘par binolar qad ko‘targan, poytaxtimiz bilan taqqoslaganda, Urumchining zamonaviy ko‘rinishi nisbatan tartib bilan, shaharning bosh rejasiga amal qilingan holda rivojlantirilayotganini ilg‘ash qiyin emas. Bugungi kunda shahar aholisi soni 4 millionga yetgan.

Urumchi qadim zamonlardan Buyuk Ipak yo‘lining Sharqni G‘arb bilan bog‘lab turgan muhim nuqtalaridan biri bo‘lgan. Muzeylardagi eksponatlarning aksar qismi ham Buyuk Ipak yo‘li tarixiga aloqador.

E’tiborlisi, ayni koronavirus pandemiyasi va uning cheklovlari avjiga chiqqan paytda shahar markazida juda katta inshootlar majmuasi qurilgan. Ulkan kompleksning markaziy qismida gul shaklida qad ko‘targan minora bo‘lib, uning atrofida oltita inshoot joylashgan. Ulardan biri shaharsozlik muzeyi uchun ajratilgan. Boshqa binolarda milliy teatr, tasviriy san’at ko‘rgazmasi, mahobatli konsert zali va ekspomarkaz joy olgan. Tashrifimizning ilk manzili shu yer bo‘ldi.

Shaharsozlik muzeyi o‘ziga xos ekspozitsiyalarga ega. Bu antik davrdan boshlanib, o‘rta asrlarni qamrab oladi va bugungi kunlarimizdan ham hikoya qiladi.

Buyuk Ipak yo‘li rivojlangan davrlardagi muhitni aks ettiruvchi mo‘m haykallar, liboslar va sahnalar e’tiborni tortadi. Xitoy muzeylarida tarix va zamonaviylik uyg‘unligi yaqqol seziladi. Muzeyda tarixiy eksponatlar bilan birga, ko‘ngilochar hududlar, bolalar uchun qiziqarli interaktiv maydonlar, kinoteatrlar, maxsus effektli ulkan ekranlar mavjud.

Bu ekranlardagi namoyishlarda go‘yo o‘zingizni shu voqealar ichida turgandek his qilasiz. Shuning uchun ham Xitoy muzeylari gavjum, yoshlarni ko‘p uchratasiz.

Muzeyda shaharsozlikka ilmiy yondashuv borligi aks etgan. Urbanistikaga oid juda katta eksponat ham mavjud. Salkam futbol maydonicha keladigan zalda shaharning butun xaritasi maketi yasalgan.

Bizni ushbu eksponatlar bilan tanishtirgan muzey xodimi aytishicha, Urumchi shahrining amaldagi bosh rejasi 2020 yilda tasdiqlangan va u 2035 yilga qadar amal qiladi. Barcha qurilishlar shu reja doirasida amalga oshiriladi. Hech kim shaharning xohlagan qismidan yerni egallab, o‘zi istagan nimadir buzib, nimanidir qura olmaydi.

Shinjonning ma’muriy markazi shunchaki o‘sib borayotgan shahar emas. So‘nggi o‘ttiz yil ichida u o‘z hududini kengaytirib bordi, ko‘pqavatli binolar tufayli mahobatli ko‘rinish oldi. Shu bilan birga, megapolisda tirbandliklar, jamoat transportining bardosh bera olmay qolishi, bekatlarda yo‘lovchilarning uzoq kutib qolishi kabi muammolar ko‘p uchramaydi.

Muzeyda sharq bozorlari va karvon yo‘llari haqida ko‘plab qiziqarli xaritalar, maketlar mavjud. Shuningdek, ipak, chinni, choy, zargarlik buyumlaridan eksponatlar o‘rin olgan. Shinjon Xitoyning 90 foiz paxtasini yetishtirib beradi. Bu yerda yetishtiriladigan tabiiy to‘q sariq rangdagi paxtaga talab juda yuqori ekan.

Alohida zallar Ipak yo‘lining tiklanishi va u qanday zamonaviy yo‘llarga ega bo‘lganiga bag‘ishlangan. Ma’lum bo‘lishicha, Urumchi iqtisodiy tasmaning oltita tranzit va logistika koridorlaridan uchtasi kesishgan nuqtada joylashgan. Bu dunyoning ko‘plab mamlakatlari bilan savdo aloqalarini o‘rnatish uchun katta afzalliklarni beradi. Shinjon o‘lkasi sarmoyadorlari Tojikiston, Turkiya va Vetnam bozorlarida to‘qimachilik, shamol stansiyalari uchun uskunalar va mebel ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni yo‘lga qo‘yishgan.

Muzey binosining o‘zi ulkan madaniyat markazida joylashgani haqida yuqorida ma’lumot bergandik. Oltita mahobatli binoning o‘rtasida kuzatuv minorasi, qarama-qarshisida esa shahar EXPO markazi qad roslagan. Aytishlaricha, ekspomarkazning tepa qismi oyni eslatadi, yaqin atrofdagi binolar esa Tyan-Shan tog‘lariga o‘xshaydi.

Sayohatimizning keyingi manzillaridan biri aynan Tyan-Shan tog‘ yonbag‘irlarida joylashgan tabiati betakror maskanga bo‘ldi. Bu haqda keyinroq batafsil hikoya qilamiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring