Qaysi mamlakatlarning atom bombalari bor va ular qayerda joylashgan?
Rossiya Ukrainada muhoraba boshlaganidan so‘ng bashariyatni Yevropa mamlakatlari yoki AQShga yadroviy zarbalar berilishi ehtimoli kuchaygani xavotirga solib qo‘ydi. «Sovuq urush» zamonlaridagi qo‘rquv qaytdi.
«The Conversation» yozishicha, Vladimir Putinning Ukrainada «kim bo‘lishidan qat’i nazar, bizga xalaqit bersa» yadro quroli qo‘llaniladi, degan tahdidi, qolaversa, «maxsus jangovar navbatchilik tartibi» qo‘shimcha yadrochi-zobitlar bilan kuchaytirilishi NATO mamlakatlarini gangitib qo‘ydi.
NATO va Rossiyaning Yevropada joylashtirilgan yadro qurollari
Rossiya va AQSh
Rossiya va AQSh ixtiyorida 1945-yili Xirosima va Nagasakini yer bilan tekis qilgan atom bombalaridan besh karra va yanayam vayronkor minglab yadroviy qurollar bor. Bu ikki yadroviy gegemonning har birida 1 600 tadan ana shunday ajal eltuvchi kutish tartibida turibdi, ular Yer yuzidagi istalgan nuqtaga yetib borishga qodir.
Strategik hujumkor qurollarni qisqartirish bo‘yicha 2011-yildagi Yangi kelishuvda AQSh va Rossiya yadroviy qurollarini yuqoridagi raqamdan oshirmaslikka va’dalashgan. Tomonlarning yadroviy arsenali qit’alararo ballistik raketalar, suvosti kemalaridan uchiriluvchi ballistik raketalar va maxsus samolyotlardan start beriluvchi raketalardan iborat. Ayrim raketalarga alohida nuqtalarni nishonga oluvchi bir nechtagacha yadroviy kallaklar joylashtirilgan.
AQSh va Rossiya Strategik hujumkor qurollarni qisqartirish bo‘yicha kelishuv majburiyatlari 2018-yilda bajarilganiga ishonch hosil qilib, 2021-yilning boshida uning amal qilishini yana besh yilga uzaytirgandi.
Biroq AQShda ham, Rossiyada ham yuqoridagi Kelishuv doirasiga kirmaydigan yana yuzlab yaqin masofaga mo‘ljallangan yadroviy qurollar bor. Hozir Rossiyada ularning soni 2 000 ta atrofida, ya’ni AQShnikidan 10 baravar ko‘p deyilmoqda (nohukumat tahlillari xulosasi).
AQSh o‘z kichik radiusli, ya’ni uzoqqa uchmas yadro qurollarini NATOning Yevropadagi besh mamlakati: Belgiya, Germaniya, Italiya, Niderlandiya va Turkiyada joylashtirgan. Bu raketalardan qo‘llanish ehtiyoji tug‘ilganida NATO aviatsiyasi yordamga keladi.
Fransiya va Buyuk Britaniya
NATOning ikki a’zosi: Fransiya va Buyuk Britaniyaning bir necha yuz yadroviy quroli bor — Rossiya va AQShnikidan ancha kam. Fransiya o‘z yadroviy kallaklarini suvosti kemalari va samolyotlardagi qanotli raketalarga joylashtirgan, Buyuk Britaniya esa yadroviy salohiyatini faqat suvosti kemalarida tatbiq etgan.
Garchi yadroviy qurollarni cheklash bo‘yicha AQSh-Rossiya kelishuviga kirishmasa ham, Fransiya va Buyuk Britaniya o‘z yadroviy qurollari soni va xususiyatini yashirmasdan e’lon qilishgan.
AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya NATO bo‘yicha ittifoqchilarini o‘z «yadroviy qalqoni» bilan himoya qiladi, chunki alyansning bir a’zosiga hujum butun alyansga hujum hisoblanadi.
Xitoy
Xitoy yadroviy qurollanish salohiyati bo‘yicha Buyuk Britaniya va Fransiyaga tenglashgan. Biroq xitoyliklar o‘z yadro dasturini tinmay rivojlantirmoqda, Okeanortidagi ayrim rasmiylar AQShga yana bir boshog‘riq paydo bo‘layotganidan xavotirlarini yashirishmayapti.
Xuddi Fransiya va Britaniya singari, Xitoy ham qurollarni nazorat qilish bo‘yicha bironta kelishuvga imzo chekmagan.
Boshqalar
Hindiston, Pokiston va Isroilning yadro qurollari yuqoridagilardan ancha kam — bir necha o‘nlab raketalardan iborat. Bular ham tarqatmaslik bo‘yicha Kelishuvlarga qo‘shilmagan.
Yadroviy qurolni tarqatmaslik bo‘yicha kelishuvni 1985 yilda imzolagan, biroq 2003-yilda chiqib ketgan Shimoliy Koreya ixtiyorida o‘nlab atom bombalari borligi taxmin qilinyapti. Tinmay raketalarini sinovdan o‘tkazayotgan KXDR haqida kunda-kunora eshitamiz.
Sobiq Ittifoq tarqalib ketishidan avval, 1991-yilga qadar Belarus, Ukraina va Qozog‘iston hududlarida ham sovet yadroviy qurollari joylashtirilgan edi. Mustaqillikka erishgan bu uch mamlakat, jumladan, Ukraina, o‘z hududiy yaxlitligiga xalqaro kafolat berilishi evaziga hududlaridagi yadro qurollarini Rossiyaga topshirishgan.
Global yadroviy kallaklar taxminiy soni, 2022
Baxtimizga, Xirosima va Nagasakiga 1945-yilda tashlanganidan beri, atom bombalari qo‘llanilmadi. Biroq oradan salkam 80 yil o‘tib Sharqiy Yevropa osmoniga o‘rlagan qora tutunlar tarix charxpalagi teskarisiga ham aylanishi mumkinligiga ishora qilayotgani qo‘rqinchli.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter