Qatar O‘zbekistondan nima istaydi? O‘zbekiston-chi?
Joriy yilning 5 iyun kuni Qatar davlati amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan O‘zbekistonga keldi. Bu tashrif 2 kun davom etdi. Uchrashuvlar davomida ko‘plab shartnomalarga imzo chekildi. «Xabar.uz» shu mavzuda siyosatshunos Farhod Karimov bilan suhbatlashdi.
– Suhbatimiz boshida Qatar va O‘zbekiston munosabatlarining boshlanish davri haqida gaplashsak. Birinchi ma’muriyat davrida O‘zbekiston Qatar bilan qanday aloqalar olib borgan?
– Qatar Yaqin Sharq mintaqasida va arab dunyosida yangi bir porlab chiqqan sub’yekt. Bugungi kunda Qatar mintaqada va musulmon olamida juda faol. Xo‘sh, bu faollik qachondan boshlandi? Keling, birinchi navbatda shunga to‘xtalsak!
Qatar asosan gaz va neft eksporti orqali butun iqtisodiyotni tikladi hamda mashhurlikka erishdi. Hozirda Qatar juda ham katta ilmiy, siyosiy va madaniy tadbirlar o‘tkazmoqda. Bugun Qatar o‘zini butun mintaqa uchun siyosiy muzokara va muloqotlar o‘tkazuvchi maydon sifatida taklif qilmoqda. Bu faollik ko‘p emas, 20 yil oldin boshlangan edi. Qatarning bu darajada rivojlangan davlat bo‘lishiga bir qancha sabablar mavjud. Albatta, ko‘pchilik bu yerda energiya resurslarining o‘rni katta deb hisoblaydi. Lekin menining shaxsiy fikrimcha, Qatarni bunday rivojlanishi ortida boshqa omillar bor.
2000-yillarni boshida Qatar asosiy pulini kadrlarni shakllantirishga sarflab, dunyoning eng nufuzli universitetlarida yoshlarini o‘qitdi. Ya’ni, 20 yil oldingi pulini kelajakka tikdi. Bugungi kunda Qatar hukumati va iqtisodiyotini aynan Yevropada ta’lim olgan yoshlar yuritmoqda.
2008 yilda Qatar hukumati va jamiyati uzoq vaqt energiya resurslari eksporti bilan yashay olmasligini tushunib yetgan holatda, «2030 strategiyasi»ni ishlab chiqdi. 2008 yildan boshlab Qatar mintaqa va yaqin mintaqa davlatlariga investitsiya kiritib, o‘z kelajak biznesini qura boshladi. Aynan 2008 yilda O‘zbekiston bilan munosabatlar asta-sekin yo‘lga qo‘yildi. 2010 yilda O‘zbekistonning birinchi prezidenti Qatarga davlat tashrifi bilan borgan edi. Ya’ni, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarining poydevori aynan 2010 yilda qo‘yilgan. Ungacha Qatarni biz jiddiy davlat sifatida bilmas edik. Bugun Qatarni butun dunyo bilmoqda!
2010 yildan boshlab Qatar birinchi galda Fors ko‘rfazidagi va Yaqin Sharq davlatlari orasida faollik ko‘rsatish va liderlikka erishish harakatlarini boshladi. Shuning uchun Qatar asosiy tashqi siyosatini mintaqa davlatlari bilan munosabatlarni shakllantirishga qaratdi. Shu sababli qo‘shni mintaqa davlatlari bilan tashqi siyosatda faollik kuzatilmagan. Lekin Qatar o‘zining kelajak strategiyasida boshqa mintaqa davlatlari bilan aloqalarni rivojlantirishni rejalashtirib ketgan edi.
Bugun shu kunlar keldi. Ya’ni, bugun Qatar Yevropa, Uzoq Sharq va Markaziy Osiyoga qiziqish bildirmoqda. O‘zining ulkan investitsion potensiali orqali mintaqalardagi yangi iqtisodiy sohalar va shu yerdagi bozorlarga kirib kelishni boshladi. Xususan, Qatar amirining O‘zbekistonga ikki kunlik tashrifidan asosiy maqsad – Markaziy Osiyo bozorlari va hali o‘zlashtirilmagan iqtisodiyot yo‘nalishlariga investitsiya kiritish.
– Nima deb o‘ylaysiz, Qatar bilan munosabatlar faqatgina iqtisodiymi?
– Biror bir iqtisodiyotni shaklantirish uchun siyosiy instrumentlar kerak. Chunki siyosiy instrumentlarsiz erkin iqtisodiyotni kafolatlab bera olmaysiz. Shuning uchun Qatar birinchi galda arab dunyosida va o‘z mintaqasida siyosiy sub’yekt sifatida tan olinishga harakat qildi. O‘z mintaqasidagi siyosiy muammolarga o‘zini vositachi sifatida taklif qildi. Misol uchun, Sudan muammosida bir necha yillardan beri vositachilik qilib kelgan Misrdan o‘tib, o‘zini taklif qildi. Aynan Sudan muammosini hal qilishda Qatar bir nechta ko‘zga ko‘ringan natijalarga erishdi. Bu bilan Qatar arab davlatlari va dunyoga o‘zini kimligini ko‘rsata oldi.
Albatta, Qatar bir necha qarshiliklarga duch keldi. Chunki mintaqada an’anaviy lider mamlakatlar bor bo‘lib, ular asosiy masalalarda yetakchilikni ushlab kelayotgan edi.
Vaqt o‘tishi bilan Qatar qo‘shni mintaqadagi o‘ziga madaniyati va tarixi nuqtai nazardan yaqin bo‘lgan davlatlarga qiziqish bildira boshladi. Shunday qiziqish Markaziy Osiyoga bo‘ldi. Bu mintaqada esa eng ko‘p aholiga ega bo‘lgan mamlakat – bu O‘zbekiston. Bundan tashqari, O‘zbekiston musulmon olamida ham o‘z o‘rniga ega. Chunki bizning bobolarimiz Imom al-Buxoriy va Hakim at-Termiziyni butun arab dunyosi taniydi. Bunday potensialni ko‘rgan Qatar, Markaziy Osiyoda asosiy o‘yinchi sifatda O‘zbekistonni tanladi.
– Bizni Qatarda qanday manfaatlarimiz bor?
– O‘zbekiston 2016 yilda taraqqiyotning keyingi bosqichiga o‘tdi. Ya’ni, o‘zimizni yopiq davlatdan, ochiq davlat deb e’lon qildik. Lekin bunga hali ko‘p bo‘lganicha yo‘q. Biz «turizmni rivojlantirishimiz, ko‘p vektorlik tashqi siyosatni yo‘lga qo‘yishimiz, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishimiz kerak», deb ko‘p gapiryapmiz. Bunda bizga orqasida boshqa siyosiy maqsadlari bo‘lmagan investitsiyalar zarur. Bunday investitsiyalarni dunyoda kamdan kam davlatlar beradi!
– Qatar O‘zbekistonga xolis investitsiya kirita oladimi?
– Qatar orqasida siyosiy manfaatlarni ko‘zlamagan investitsiya kiritishga boshqalarni ishontira oldi. Qatar butun Yevropa bo‘ylab xizmat ko‘rsatish servislari va sport sohalariga investitsiya kiritdi. Bu investitsiyalar orqasidan o‘zining geosiyosiy va siyosiy manfaatlarini ilgari surmadi. Hatto, Turkiyaga iqtisodiy investitsiya kiritib, o‘zining siyosiy maqsadlarini targ‘ib qilmadi. Shaxsan men mutaxassis sifatida buni ko‘rmadim.
– Shunda Qatarning yordamini beg‘araz desak bo‘ladimi?
– Bilasizmi, mintaqa davlatlari Qatarni 10 yil kuzatib, unga bo‘lgan ishonchi oshdi. O‘zbekistonga orqasida siyosiy manfaatlarni ko‘zlamagan investitsiyalar zarur. Bizda shunday sohalar borki, tashqaridan investitsiya kiritmasdan turib, bu sohalarni rivojlantirish juda qiyin.
Bizga dunyoni qudratli davlatlari investitsiya kiritishni taklif etadi. Lekin bu investitsiyalar ortida siyosiy maqsadlar bo‘lishi aniq. Bizga siyosiy maqsadlari kam bo‘lgan yoki bizga zarar yetkazmaydigan investitsiya kerak. Qatar bizga shunday investitsiya taklif qilmoqda. Nega biz buni rad etishimiz kerak?
Bugun Qatar bizga infrastrukturani, ishlab chiqarishni va eng asosiysi energiya resurslarimizni tashqi dunyoga chiqarishda vositachilik qilish hamda energiya infrastrukturasini rivojlantirishga investitsiyalarni taklif qilib turibdi. Bundan tashqari, Qatar O‘zbekistonning ichki va tashqi turizmini rivojlantirishga mablag‘ kiritmoqchi. Bu aslida bizning eng og‘riqli nuqtalarimiz.
– Aslida bizda energiya resurslarini aniqlash va ularni qazib olishda muammolar talaygina. Qatar bunga ham e’tibor qaratsa kerak?
– Albatta. 2013 yilda Qatar o‘zining yalpi ichki mahsulotining 50 foizini gaz va neftni sotish orqali olgan. Bugun shu ko‘rsatkich 13 foizdan oshmaydi. Nima uchun? Chunki Qatar xom ashyoni tayyor mahsulot ko‘rinishiga keltirib sotishni yo‘lga qo‘ydi. Ko‘rinib turibdiki, unda tajriba, texnologiya va investitsiya bor. Shuni ham aytish kerakki, bunday davlatlar har qanday joyga investitsiya kiritavermaydi. Tabiiyki, ishongan joyga pul tikadi. Mana 2 kunlik tashrif davomida Qatar O‘zbekistonga 12 milliard dollarlik investitsiya kiritishni bo‘yniga oldi. Uncha-muncha katta davlatlar bunday katta miqdorda investitsiya kirita olmaydi. Biz faqat bundan foydalanib qolishimiz kerak!
– Joriy yilning 8 may kuni Toshkentda Qatar elchixonasi ochildi. Nega O‘zbekistonda oldin Qatar elchixonasi bo‘lmagan?
– Har bir davlat tashqi siyosati ichki va milliy manfaatlardan shakllanadi. Qatarning milliy manfaatlari va tashqi siyosati 15-20 yil oldin bunday pishib yetilmagan edi. Bugun u o‘zining mintaqasidan tashqariga chiqib, qo‘shni mintaqalarda faoliyat yuritishni boshladi. O‘zbekistonning ochiq siyosati va investitsiya jalb qilishga bo‘lgan qiziqishi Qatarni O‘zbekistonda elchixona ochishiga undadi.
Elchixona vaqt o‘tishi bilan boshqa siyosiy integratsiyalarga sabab bo‘luvchi asosiy sub’yekt. Chunki davlatlar elchixonalar orqali bir-biri bilan muloqot qiladi. O‘ylaymanki, Qatarning Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib O‘zbekistonda elchixona ochishi uning uzoqqa ko‘zlangan maqsadlarini anglatadi. Agarda Qatarning O‘zbekistonda uzoq yillarga mo‘ljallangan rejalari bo‘lmaganida, bunday tashabbus bilan chiqmagan bo‘lardi.
Bizdagi kompaniyalar bilan dunyo darajasidagi kompaniyalarning farqi bor. Masalan, aviatsiya sohasida «Qatar Airways» kompaniyasini olsak, u dunyodagi top kompaniyalar bilan raqobat qila oladi. Shunday kompaniyalarni O‘zbekistonga kirib kelishi monopoliyaga jiddiy zarba beradi.
– Biz shunga yo‘l ochib bera olamizmi?
– Yo‘l ochib bera olmaganimizda, elchixona ochishga ruxsat bermagan bo‘lardik. Demak, hukumatda siyosiy iroda, siyosiy xohish va eng asosiysi qo‘llab-quvvatlash bor. Shundan kelib chiqqan holatda Qatarning takliflarini qabul qildik.
Bilasizmi, monopoliyani sindirish uchun tashqariga muqobil variantlar bo‘lishi kerak. Bunday muqobil variantlarni Qatar bera oladi.
– Qatarni kiritayotgan investitsiyalari tagiga olib ketmaydimi?
– Hozirda Qatar bir davlatga investitsiya kiritishdan oldin uni yaxshilab o‘rganadi. Ularda shunday tahlil markazlari bor. Ya’ni, ular «bir davlatga pul kiritsam, bu ertaga qanchalik foyda keltiradi» deb chuqur o‘rganishadi. Ishonchim komilki, bizga ham investitsiya kiritishdan oldin O‘zbekistonni bir necha yil o‘rganishgan va siyosiy kafolatlar olgan. Chunki siyosiy kafolat olmay turib, bir mamlakatga milliardlar pul tikish – xato ish bo‘ladi.
Sardor Ali Nurmatov suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter