Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qayerda? Qancha? Kimga? Qozog‘istonda poraxo‘rlik darajasi aniqlandi

Qayerda? Qancha? Kimga? Qozog‘istonda poraxo‘rlik darajasi aniqlandi

Foto: «Diapazon» gazetasi

«Transparency Kazakhstan» fondi o‘z monitoringi asosida Qozog‘istonning eng korrupsiyalashgan hududlarini aniqladi, deya xabar berdi «Hola News».


Monitoring BMT taraqqiyot dasturi yordamida shu yil yozida Qozog‘istondagi 17 ta eng yirik shahar va 163 ta tuman markazida o‘tkazilgan edi. «Transparency Kazakhstan» ekspertlari to‘qqiz ming nafar respondentni savolga tutib, «Ochiq muloqot» portaliga kelgan 568 ta murojaatni tahlil qilishgan. So‘rovnomada 7,2 ming nafar fuqaro, 1,8 ming nafar tadbirkor qatnashgan.


Necha marta korrupsion holatga to‘qnash kelishgan?

So‘rovnomaga javob beruvchilarning 76 foizidan ortig‘i Qozog‘istonda pora bermasdan ham, to‘liq qonuniy asosda tadbirkorlik qilish mumkin, deb javob bergan. Tadbirkorlarning 9,2 foizi va fuqarolarning 13,4 foizi davlat organlariga ish bilan borib korrupsion vaziyatga duch kelganliklarini yashirishmadi. «Ochiq muloqot» portali orqali esa respondentlarning 19,8 foiz davlat organlarida korrupsiyaga to‘qnash kelganini bildirgan.

So‘ralganlarning 54,4 foizi oxirgi yilda korrupsiya darajasi pasayganini ta’kidlagan. Shu bilan birga, har o‘ninchi kishi pora berish orqali ishini bitirganiga iqror bo‘lgan.

Korrupsiyani qanday yo‘qotish mumkin?

Fuqarolar va tadbirkorlar korrupsiyaga chek qo‘yishda eng ishonchli va ta’sirkor vositalar sifatida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (72,4 foiz), hukumat (62,8 foiz), «Nur Otan» partiyasi (54,7 foiz) va OAV (52,1 foiz)ni tilga olgan.

Qancha pora berishmoqda?

Fuqarolar berayotgan poraning o‘rtacha miqdori — 49,7 ming tengeni tashkil etmoqda, eng kami — 500 tenge, eng ko‘pi — 500 ming tenge.

Tadbirkorlar o‘rtacha 10 ming tenge pora berishadi. Eng kami — 5 ming, eng ko‘pi — 300 ming tenge.

Qozog‘istonning qaysi hududlari eng korrupsiyalashgan?

Fuqarolarning fikricha, bu borada Jambil, Atirau, Olma-Ota, Mangistau, Qarag‘anda, Qizilo‘rda viloyatlari va Olma-ota shahri «peshqadam».

Tadbirkorlar esa eng korrupsiyalashgan hududlar sifatida Olma-Ota, Nur-Sulton (poytaxt), Chimkent shaharlari hamda Olma-Ota, Mangistau, Qarag‘anda, Atirau, Qizilo‘rda viloyatlarini tilga olishdi.

«Ochiq muloqot» portali orqali olingan fikrlarga ko‘ra, Turkiston, Shimoliy Qozog‘iston, Qizilo‘rda, Olma-Ota viloyatlari, Olma-Ota, Nur-Sulton va Chimkent — eng korrupsiyalashgan hududlar.

Nega pora berish kerak?

Fuqarolar pora berishga majbur etuvchi 70 dan ortiq sabablarni keltirishdi. Eng ko‘p tarqaganlari — yaxshi mutaxassis qo‘lida davolanish, ishga joylashish, yer uchastkasini rasmiylashtirish, bolani bog‘chaga joylash, yo‘la harakati qoidalarini buzganlik.

Eng poraxo‘r davlat organlari

Qozog‘iston fuqarolaridan eng ko‘p pora so‘rovchilar — davlat shifoxonalari va politsiyachilar.

Tadbirkorlar esa ko‘proq Yer munosabatlari boshqarmasi, Davlat daromadlari departamenti, Yong‘inga qarshi kurashish xizmati va politsiya tuman bo‘limlari xodimlarining «og‘zini moylashmoqda».

«Ochiq muloqot» portalidagilar esa ko‘pincha politsiya, davlat shifoxona va poliklinikalari, soliqchilar, xususiy sud ijrochilari va davlatga qarashli komipaniyalarga pora berishga majbur bo‘lishganini tan olishgan.

Eng korupsiyalashgan davlat organlari — voyenkomatlar, davlat bolalar bog‘chalari, FHDYolar va bojxona.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring