Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi tarmog‘idagi texnik samaradorligi baholandi

O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi tarmog‘idagi texnik samaradorligi baholandi

O‘zbekiston iqtisodiyoti qishloq xo‘jaligi bilan uzviy bog‘langan bo‘lib, bu sohaning YaIMdagi ulushi yuqoriligi bo‘yicha jahon mamlakatlari orasida 18-o‘rinni egallaydi.

Ma’lumot uchun: Iqtisodiyotida qishloq xo‘jaligining ulushi katta bo‘lgan mamlaktalar 20 taligidan Afrika qit’asidagi 17 ta mamlakat, Osiyo qit’asidan esa Afg‘oniston va O‘zbekiston joy olgan. Mazkur mamlakatlardan Nigeriya keshyu yong‘og‘i, okra, yeryong‘oq va shirin kartoshka, Tanzaniya kunjut va shirin kartoshka yetishtirish bo‘yicha jahonning yetakchi uch mamlakatidan biri sanaladi. O‘zbekiston o‘rik yetishtirish bo‘yicha Dunyo reytingida Turkiyadan, gilos yetishtirish bo‘yicha Turkiya, AQSh va Chilidan, behi yetishtirish bo‘yicha Turkiya va Xitoydan,  ipak ishlab chiqarish bo‘yicha Xitoy, Hindiston, Vetnam va Tailanddan, sabzi va sholg‘om yetishtirish bo‘yicha Xitoydan keyingi o‘rinda turadi.

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari O‘zbekiston hududlarining qishloq xo‘jaligi tarmog‘idagi texnik samaradorligi baholashga qaratilgan tadqiqot o‘tkazdi. Unda DEA (Data Envelopment Analysis) modeli asosida ishlab chiqilgan Färe-Primont indeksidan foydalanildi.

Tadqiqotda 2017-2019-yillarda O‘zbekiston hududlarida yirik shoxli qoramol va donli ekinlar yetishtirishning texnik samaradorligi ko‘rib chiqildi. Ishlab chiqarish omillari sifatida donli ekinlar ekiladigan yer maydoni, hududlardagi qishloq xo‘jaligi texnikalari, sohada ish bilan band aholi va sarflangan organik o‘g‘it hajmi tanlab olindi.

Natijalar 2017-yilda omillarning yalpi unumdorlik ko‘rsatkichi (TFP) bo‘yicha Jizzax, Andijon va Buxoro viloyatlari, 2018-yilda Andijon, Navoiy va Buxoro viloyatlari, 2019-yilda Qashqadaryo, Buxoro va Andijon viloyatlari yetakchi hududlar bo‘lganini ko‘rsatdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi 2017-yil reytingida Qashqadaryo viloyatidan keyingi o‘rinda (5-o‘rin) bo‘lgan. 2019-yilga kelib, 2 pog‘ona pastga tushgan (7-o‘rin). Qoraqalpog‘istonning reytingdagi o‘rni biroz pasayishiga qaramay, respublikada unumdorlik bu davrda 15,2 foizga ortgan. Bu esa ba’zi hududlarda unumdorlikning o‘sish sur’ati yanada yuqoriroq bo‘lganidan dalolat beradi. Xususan, reytingda 8-o‘rinda bo‘lgan Samarqand viloyatida unumdorlik 25,7 foizga ortib, Qoraqalpog‘istondan o‘zib ketgan va 6-o‘rinni egallagan. Tahlil davrida eng sekin o‘sish (6,1 foiz) Surxondaryo viloyatida qayd etilgan.

Bundan tashqari, natijalar ishlab chiqarish ko‘lami  katta ba’zi hududlar texnik samarasiz bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi. Masalan, Buxoro, Namangan, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida iqtisodiy va texnik samaradorlik ko‘rsatkichlari o‘rtasida mutanosiblik kuzatilgan bo‘lsa, qolgan hududlarda tafovutlar mavjud. Bu esa mazkur hududlarda ishlab chiqarish omillaridan yetarli darajada oqilona foydalanilmayotganini bildiradi.

Qo‘shimcha tarzda, DEA modeli asosida 2019-yil uchun olingan natijalar hamda hududlarning agro-iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, PMTI ekspertlari tomonidan namunaviy hududlar aniqlandi. Jumladan, Namangan viloyati uchun Farg‘ona, Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun Buxoro, Sirdaryo viloyati uchun Jizzax, Surxondaryo viloyati uchun Xorazm, Samarqand viloyati uchun Navoiy viloyatining tajribasini o‘rganish tavsiya etiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring