Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Oxirgi umid Ortiqxo‘jayev va Norboyevadan…» (video)

Sergelidagi 4-uy 31-xonadon kimga tegishli: Atabayeva, Semyonova yoki Yesumxonovgami?

Toshkent shahri Sergeli tumanidan murojaat qilgan fuqaro Klara Atabayeva oilasi bilan qariyb 20 yil davomida barcha kommunal to‘lovlarni to‘lab kelgan xonadondan chiqarib yuborilib, 7 yildan buyon oilasining 6 a’zosi bilan ijrama-ijara yashashga majbur bo‘lmoqda.

Murojaatchining fikricha va bizga taqdim etgan hujjatlariga ko‘ra, tuman mas’ullari tomonidan ijrosi o‘z vaqtida qaytarilgan va muddati o‘tgan sud qarorini dastak qilgan holda qonunchilik tartiblariga zid harakatnig amalga oshirilgani sababdir.

Hujjatlarga ko‘ra fuqaro Klara Atabayeva o‘z murojaatida ko‘rsatgan nizoli uy Toshkent shahri, Sergeli tumani, Sergeli-8 mavzesi, 4-uy 31-xonadonda 1993 yildan buyon turmush o‘rtog‘i A.Usanov va to‘rt farzandi bilan yashab keladi. Ushbu xonadonga tegishli barcha kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lagan. Buni esa MFY mas’ullari bergan bildirishnomalar ham isbotlaydi.

Ushbu nizoli uy bo‘yicha 2009 yilda murojaatchining turmush o‘rtog‘i A.Usanov Fuqarolik kodeksining 187-moddasi (ushbu moddaga ko‘ra, mulkdor bo‘lmagan, lekin ko‘chmas mol-mulkka 15 yil davomida yoki boshqa mol-mulkka besh yil davomida o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaxs bu mol-mulkka mulk huquqini oladi) talablariga ko‘ra, fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudida ushbu xonadonda oilasi bilan birgalikda 1993 yildan beri yashab kelayotgan bo‘lsa-da kadastr hujjati rasmiylashtirilmagani bois javobgar Sergeli tumani hokimiyatiga nisbatan uy-joyga egalik huquqini belgilash haqidagi da’vo arizasini kiritgan. Ammo fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudining 2009 yil 3 apreldagi hal qiluv qarorida nizoli ushbu xonadon davlat hisobida bo‘lganligi, xususiy mulk sifatida e’tirof etilmaganligi sababli O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 187-moddasini (egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat) ushbu uy-joyga qo‘llab bo‘lmasligi sababli da’vogarning barcha da’vo talablari rad etilgan.

Sudning ana shu hal qiluv qarori bilan da’vogarning, ya’ni murojaatchi Klara Atabayevaning turmush o‘rtog‘i bilan birga uning oila-a’zolarini ham mazkur xonadondan chiqarib, Sergeli tumanidagi boshqa – fuqaro M.Iskandarovaga tegishli bo‘lgan Sergeli tumani, Sputnik-2 mavzesi, 63-uy 9-xonadonga ko‘chirish lozim, deb topilgan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi apellyasiya instansiyasining ajrimi bilan sudning ushbu qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Murojaatchi fuqaroning turmush o‘rtog‘i A.Usanov ushbu qaror ijrosini to‘xtatish yuzasidan Sergeli tumani hokimiyatiga murojaat qilganidan keyin, tumanning o‘sha vaqtdagi hokimi M.Abdullayev tomonidan Sergeli tuman sud ijrochilari bo‘limiga 2009 yil 16 sentyabr kuni xat kiritilgan. Unda fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudining 2009 yil 3 apreldagi qaroriga asosan A.Usanov va uning oila a’zolarini ayni paytda nizoli bo‘lib turgan Sergeli-8 mavzesi, 4-uy 31-xonadonidan boshqa manzilga ko‘chirish haqidagi ijro varaqani ijrosiz qaytarib berish so‘ralgan. Ijrosiz qaytarib berish degani hech joyga yo‘naltirmasdan va oilani boshqa manzilga ko‘chirmasdan qaytib berish degani emasmi?

Xullas, mana necha yildirki, murojaatchi bormagan tashkiloti, taqillatmagan eshigi qolmadi. Oliy sud ham, Toshkent shahar, Sergeli tumani prokuraturasi ham qog‘ozda fuqaroning murojaatiga javoban taqdim etgan ma’lumotlarda mazkur ish, ya’ni 2009 yil 16 sentyabrdagi Sergeli tumani hokimiyati tomonidan tuman sud ijrochilar bo‘limiga ijro varaqasi tugatilganligini tushuntirgan. Ammo amalda aynan shu organlar tugatilgan, deya qayd etilgan sud qarori 1 yil (2015 yil) o‘tib murojaatchi fuqaro va uning oilasini ovora qilayotganini biror tirik jon tan olishni istamayotgani jumboqli.

K.Atabayeva video murojaatida aytganidek, mazkur nizoli holatda yana bir tushunarsiz, ya’ni bir-birini inkor etuvchi asoslar keltirilgani kishini o‘ylantirib qo‘yadi.

Marojaatchi ta’kidlaganidek va hujjatlar «gapiryotgani»dek, ushbu masalada 15.08.2018 yil O‘zbekiston Prezidentining Xalq qabulxonasiga kiritgan shikoyatiga javoban fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Toshkent shahar Sergeli tumani kengashi raisining birinchi o‘rinbosari M.Shukurov Sergeli tumanining sobiq hokimi N.Husanovga xat yo‘llab, unda «Sohibqiron» MFY ishchi guruhi K.Atabayevaning xonadoniga borib, holatni o‘rganganligi va mazkur xonadon Toshkent shahar hokimining 2014 yil 30 sentbyardagi 814-sonli qaroriga asosan 2016 yil 28 iyuldagi Sergeli tuman hokimining 007049-sonli tuzilgan dalolatnomasi bilan mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan Yesmuxanovlar oilasiga berilgani ko‘rsatilgan, o‘z navbatida, Sergeli tumani hokimligi ushbu xatga asoslanib, xuddi shu mazmundagi xatni Toshkent shahar hokimligiga jo‘natgan.

Ammo K.Atabayevaning arizasiga ilova qilingan hujjatlar o‘rganilganda «Sohibqiron» MFY raisi Sh.Solmetova 2018 yil 6 oktyabr kuni Sergeli tumani hokimi o‘rinbosari Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi A.Sattorovaga taqdim etgan ma’lumotnomasida Sergeli-8 mavzesi, 4-uy, 31-xonadonda Gulnaz Agzamovna Semyonova va Timur Agzamovich Semyonov 2016 yil 28 iyundan buyon istiqomat qilib kelayotganligi ko‘rsatilgan. Chalkashlikni ko‘rayapsizmi?

Nega ushbu nizoli uy bitta sana va bitta raqamdagi hujjat bilan ham Yesmuxanovlarga, ham Semyonovlarga berilgan?..

Xullas, bu murojaatdan Qonunchilik palatasining, Ombudsmanning, Adliya vazirligining ham xabari bor.

Tahririyatdan: Biz ham ushbu murojaatni o‘rganish maqsadida «Sohibkor» mahallasiga bordik. Maqsad – Sergeli-8, 4-uy, 31-xonadonda kim yashayotganligini bilish edi. Ammo mahalla faollaridan Qobiljon ismli kishi ushbu xonadonda kim yashayotgani haqidagi ro‘yxatni ko‘rsata olmasligini, ya’ni yangi mahalla raisi saylangani uchun eskisi o‘sha hujjatlar ro‘yxatini topshirmaganini aytdi. Ayni paytda mahallada aholining ro‘yxatga olingan jurnali yo‘q ekan. Mahalla uchastka noziri To‘lqinjon ismli yigit esa bu vaziyat o‘rganilayotgani, erta-indin o‘sha uyning kadastrini, kim ro‘yxatda turishini aniqlab, hujjatlarni jo‘natishni va’da berdi. Uyning eshigini taqillatganimizda esa hech kim ochmadi.

Murojaatchining oxirgi umidi shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va Senat raisi Tanzila Norboyevadan. Ammo ular tomon eltadigan yo‘l juda uzoq va mashaqqatli...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring