Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Madamboyliklar: «Bizning qishloq o‘gaymi?» (video)

Buxoro viloyati, Jondor tumani, «Ushot» mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan Madamboy qishlog‘i aholisi nima deydi?

«Bizning qishloq mahallaga o‘gaymi? Mahalla raisi ham, tuman mas’ullari ham har qanday xizmatni eng oxirida bizning qishloqqa zo‘rg‘a ravo ko‘rishadi. Muammolarimiz tiqilib yotibdi. Ayniqsa, elektr energiyasini yetkazib beradigan simyog‘ochlar achinarli ahvolda. Qishda loy, yozda chang ko‘chalar haqida-ku, gapimray qo‘ya qolaylik...», deyiladi «Xabar.uz»ga kelgan murojaatda.

Jondor tumanidagi Madamboy qishlog‘ida yashovchi bir nechta fuqarolar murojaati yuzasidan manzilda bo‘ldik.

«Madamboy», «Madamboy-1», «Zartepa», «Zartepa-1» kabi 7 ta ko‘chadan iborat mazkur qishloqning asosiy ko‘chalari asfaltlashtirilgan bo‘lishiga qaramay, qator ichki ko‘chalar ta’mirga muhtoj. Asfaltlashtirilmagan. Umrida shag‘al yuzini ko‘rmay, uydim-chuydim holatga kelib qolganlari ham yo‘q emas.

«Maktab boshlandi. Erta-indin sovuq, yomg‘ir-sochinli kunlar ham boshlanadi. O‘shanda kelib, bizning ko‘chalar ahvolini ko‘ring. Bolalar maktabga oyoq kiyimlari bir botmon loyga botib borishadi yoxud ilojsizlikdan bormay qo‘yaqolishadi»...

«Betonlari to‘kilib, titilib ketayotgan simyog‘ochlarimizni ko‘rmay ketmang. Simlari uzilib, yerga osilib yotadi. Bir necha kun, deganda, zo‘rg‘a tuzatib ketishadi. Qish-qirovli kunlar boshlanishi bilan yuraklarimiz zirillaydi...»

Qishloq aholisining murojaatlarini bir-bir bildirar ekanmiz, mahalla raisidan quyidagicha javob oldik.

«Ushot mahallasida 4040 nafar aholi yashaydi. Mahallaning «Madamboy» qishlog‘i esa kichikkina, nari borsa,  1700 dan ortiq aholi istiqomat qiladi. Prezidentning 408-qarori bilan joriy yilda jami 4,2 kilometr masofa asfaltlashtirilgan bo‘lsa, shundan 1,5 kilometrga yaqini Madamboy ichki ko‘chalariga qarashdi. Hozircha, «Madamboy»ning 4 ta ichki ko‘chasi asfaltlashtirilmagan. Dastur asosida amallar bosqichma-bosqich bajariladi», deydi mahalla raisi Otabek Amirov.

Mahalla raisining so‘zi bilan aytganda, 1700 nafardan ziyod aholi yashaydigan qishloq kichik bo‘lsa, 200-300 aholi soni bor qishloqlarni, «yo‘q» deb atash mumkindir, balki. Qishloqda 100 nafar aholi yashasa ham, 1000 dan ziyod aholi yashasa ham ularning har biri uchun shart-sharoit, imkoniyat yaratib berish davridamiz. 

Qishloqning ichki ko‘chalari bo‘ylab piyoda kezar ekanmiz, qumli, egri-bugri, o‘yiq-so‘yiq yo‘llarning holini yog‘in-sochinli kunlarda tasavvur qilishning hech qiyinchiligi bo‘lmadi.

«Mana, ko‘rib turibsiz, ko‘chamiz asfaltlangan. Ammo, chala-chulpa. Eng og‘riqlisi, mening hovlim shu ko‘chaning oxirida joylagan. Bir mening hovlimning ko‘chasi asfaltlanmay qoldirilgan. «Shu yer oxirgi masofa qilib dasturga kiritilgan. Ortiqcha asfalt to‘ka olmaymiz» deyishdi. Chala-yarim dasturni qanday tushunish mumkin? Bu ichki ko‘chaning yarmi asfaltlangan, yarmi «yig‘lab» turaversin, deanimi? Hokimiyatga borsam ham, portaliga yozsam ham “bilayman” degan javob oldim. Shuyam gapmi, opa?! To‘rt tomonga yugurganimdan so‘nggina shundoq darvozamiz tagiga asfalt to‘kib ketishdi. Asfaltni o‘g‘lim bilan birgalikda ketmonda yoyib chiqdik», deydi fuqaro Shakar Qayumov.

Haqiqatan ham fuqaroga tegishli xonadon oldi ko‘cha asfalt mahsuloti qo‘lda notekis yoyilgan. Va unga tegishli qatnov qismi ajralib turardi.

«Viloyat rahbarimizning shaxsan o‘zidan ichki yo‘limizni asfalt qilishni so‘ragan edim. Asfaltlab berish va’dasi bilan shag‘allashtirib ketishdi. Ammo, quyidagilar e’tiborsiz qoldirishdi. Balki, viloyat hokimiga «asfaltlandi» degan hisobot ham berilgandir. Bizga qorong‘u. Ammo, ko‘rib turganingizdek, shag‘al ham bora-ora o‘tirgan. O‘ydim-chuqurlar hosil qilgan. Odamning issiq-sovug‘i bor. Uyimda bir nogironim bor.  «Tez yordam» mashinalari ham bir necha bor kelishganda, loylarga botib-botib ketishdi. Ishlar chala yarim. Tungi chiroqlarning doimiy ishlamasligi haqida-ku, gapirmasayam bo‘ladi», deydi qishloq fuqarosi Farida Yo‘ldosheva.

Jondor tumani hokimligi Qurilish ishlari bo‘yicha bosh mutaxassisi Xurshid Bafoyev ushbu ta’mirtalab ichki yo‘llarga keyingi dasturlarga taklif berilgani va manbaalari aniq bo‘lgandan so‘ng qurilish ishlari boshlanishini bildirgan.

«Bilasiz, bu ishlarni yakuniga yetish maalasi yirik mablag‘ talab qiladi. Keyingi yilda dastur bo‘yicha, yoki balki yil yakunigacha bu muammolar bartaraf etiladi. Tuman hokimiga bu haqda ma’lum qilamiz», dedi Xurshid Bafoyev.

Qishloq fuqarosi Do‘stmurod Shokirovning aytishicha, «Madamboy»da elektr energiyasi masalasi ham 15 yildan ortiq vaqtdan beri tuya go‘shtini «yeb» kelgan.

«O‘n besh yildan ortiq vaqtdan buyon chiroq masalasida qiynalamiz. Bormagan joyimiz qolmadi. Simyog‘ochlar sifatsiz. Qayrag‘och simyog‘ochlar o‘rnida terakdan ham qurilganlari topiladi. Borlarining ham betonlari to‘kilib ketgan. Yog‘ochi chiriganlari ham yo‘q emas. Shunda ham ularni elektr tarmoqlari vakillari cho‘ntagidan keltirib o‘rnatishmagan. Qishlog‘imiz aholisi pul yig‘ishib, o‘rnattirganmiz. Simyog‘ochning simlarigacha cho‘ntagimizdan sotib olganmiz. Shunda ham talab darajasida tiklanmagan», deydi Do‘stmurod Shokirov.

Ma’lum bo‘lishicha, aholining elektr simyog‘ochlari borasidagi ketma-ket murojaatlari  hudud deputatini e’tiborsiz qoldirmagan. Deputat tashabbusi bilan 250 Kv transformator qurilgan.

«Transformator yangilangani bilan unga tok yetkazib beruvchi simyog‘ochlarda osilib yotgan elektr simlarining ahvoli-chi?! Har shamolda uziladi. Montyor keladi, chiqishga yuragi yo‘q. Simyog‘ochga narvon tirkab qo‘yib beramiz. Naridan-beri tuzatib ketishadi», dedi Do‘stmurod Shokirov.

Qishloq fuqarosi Zarina Mustafoyevaning aytishicha, qishloq ko‘chalarida simyog‘ochlar betartib va talabga javob bermaydigan holatda o‘rnatilgan.

«Shundoq hovlimiz bilan tutash, desa ham bo‘ladi simyog‘ochni. Qish-qirovli, yog‘in-sochinli kunlarda shamolda simlari osilib qoladi. Xavfsizligi ta’minlanmagan. Bolalarim hayoti uchun xavfli simyog‘ochlarni, deb yuragimni hovuchlab yuraman», deydi ayol.

«Madamboy qishlog‘i aholisi bilan suhbatlashar ekanmiz, aholining muammosini yechigsh uchun faqat 70 yoshdan oshgan Do‘stmurod bobo Shokirov yugurib yurishi, evaziga yozuvchi» degan nom orttirgani, aslida, murojaatchi «qishloqning yuragi» ekanini kuyinib gapiradi.

«Bir oyog‘i yerda, birisi go‘rda bobo uchun qishloqning zahmatini yelkalash oson emas. Boriga shukur, shu kishining. Hozir nima qilasiz, yog‘in-sochinli kunlarda keling qishlog‘imizga, ko‘chalarning ahvolini ko‘rasiz. Ayrimlari toshlar bilan to‘sib qo‘yiladi. Ustiga-ustak, elektr energiyasi ta’minotida ham muammo bor. Transformator o‘rnatishgan. Past kuchlanishda yaroqsiz simyog‘ochlarga ulangan. Endi bu yerdagi turmush tarzini o‘ylab ko‘ravering.  Yo‘l uchun, simyog‘och uchun hech qayerga murojaat qilmanglar, siyosatga aralashmanglar, deb ketishadi. Uyida nogiron o‘g‘li bor. Uyi ham to‘kilib ketgan. Ammo, hech qachon davlatdan o‘zi uchun yordam so‘ramaydi. Faqat qishloq va qishloq aholisi uchun yordam so‘raydi»,-deydi yana bir mahalla fuqarosi.

Jondor tumani Elektr tarmoqlari korxonasi direktori o‘rinbosari Rifat Roziqovning so‘ziga ko‘ra, qishloqda jami 110 ga yaqin yog‘och simyog‘och bor.

«Kamchiliklar yo‘q, deb bo‘lmaydi. Bor. Ammo navbatma-navbat muammolarni bartaraf etib kelayapmiz. Murojaatchi aytmoqchi, barcha simyog‘ochlar achinarli ahvolda emas. Borib, ko‘zingiz bilan ko‘rishingiz mumkin. Yaqinda 5 dona betonli simyog‘och o‘rnatdik. Tez oylar ichida yana qolgan yaroqsizlarini ham», deydi Rifat Roziqov.

Surishtiruv davomida muammoli manzilga kelgan mas’ul idoralar vakillari Madamboy qishlog‘i aholisini qiynab kelayotgan masalalar tez oylar ichida bartaraf etilishini bildirishdi.

«Aholi murojaatida jon bor. Va albatta, murojaatchi doim haq. Kelayotgan yangi yil dasturini «poylab» turmay, muammolarni bartaraf etishga kirishamiz. Shu o‘rinda, simyog‘ochlar o‘rnatilganiga qaramay, ayrim fuqarolar hovli-joylarini aynan simyog‘och bilan yondosh tiklashgani e’tiborimizni tortganini aytmoqchiman. Bu nafaqat,  hovli joylarda turli yong‘inlarning kelib chiqishiga, balki odamlarning hayoti uchun ham xavf solishiga shubha yo‘q», dedi tuman hokimligi vakili Elbek Muqimov.

Madamboy qishlog‘i aholisini qiynab kelayotgan ushbu muammolarni o‘rganar ekanmiz, ko‘plab fuqarolarning hovli-joyi tevarak atrofi obodonchiligi va tozaligiga ham ahamiyat bermaganiga ham guvoh bo‘ldik. Nafaqat, maishiy xizmat uskunalari, balki chiqindilar bilan ham qishloq ko‘chalarini betartib ahvolga solib qo‘yishgan. Tuman hokimligi mas’ullaridan birining so‘ziga ko‘ra, mahalla raisi hamda qishloq oqsoqollarining ogohlantirishiga qaramay, ko‘plab odamlarda o‘zgarish sezilmagan.

«Hovlisidagi qurilish mollaridan tashqari, molxonalaridagi madaniy o‘g‘it, o‘tinu bedalar, o‘rni kelganda, chiqindilargacha darvozlari oldida bostirib qo‘yishadi. Qayta-qayta ogohlantirishlar foyda bermayapti», deydi mahalla raisi.

Laylo Hayitova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring