Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Karantin va jazo: «bosar-tusarini bilmaslik» mojarosi fonida boshqa bir bahs avj oldi

Karantin va jazo: «bosar-tusarini bilmaslik» mojarosi fonida boshqa bir bahs avj oldi

Foto: Xabar.uz

Ichki ishlar vazirligining internet tarmog‘idagi rasmiy sahifasida tarqatilgan «bosar-tusarini bilmay qolgan deputat» haqidagi videolavha ortidan bahs-munozaralar avj oldi. «Tortishuv»da yana bir boshqa masala – epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun transport vositalarini jarima maydonlariga kiritib qo‘yilayotgani kun tartibiga chiqdi.

Bahs nimadan boshlandi?

Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev IIV mas’ullari qonunlarni tilga olib, deputatlar ham unga rioya etishi kerakligini qayta-qayta keltirishganiniga javoban ichki ishlar mas’ullariga quyidagi holatni eslatib, so‘raydi:

«Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 291-moddasida transport vositalarini ushlab turish asoslari keltirib o‘tilgan bo‘lib, unda ushbu kodeksning 54-moddasi talablari, ya’ni epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun transport vositalarini vaqtincha ushlab turish keltirilmagan. Bundan kelib chiqadiki, joylarda karantinga rioya etmaganlik sababidan avtomobillarni jarima maydonlariga tiqib qo‘yish noqonuniydir. U yerda turgan har bir kun uchun to‘lov ham bor. Negadir bunga ko‘z yumishga harakat qilinayapti. Kodeks bu – qonun. Qaror, topshiriq, buyruqlar qonundan ustunmas», – deb yozadi u.

Bahsga Adliya vazirligi mas’ul xodimi qo‘shildi

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi mas’ul xodimi G‘aybullo Primov deputatning so‘roviga e’tiroz bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 291-moddasida transport vositalarini ushlab turish va ko‘rikdan o‘tkazish asoslari va tartibi belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra ichki ishlar organlari tomonidan MJtKning 10dan ortiq moddasida nazarda tutilgan 50ga yaqin qoidabuzarliklar bo‘yicha transport vositalari jarima maydonchasiga joylashtirilishi mumkin.

Shuningdek, kodeksning mazkur moddasida qonun hujjatlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan boshqa hollarda ham transport vositalarini jarima maydoniga joylashtirish mumkinligi belgilangan.

«Ma’lumki, prezident Shavkat Mirziyoyevning shu yil 29 yanvardagi F-5537-sonli Farmoyishiga muvofiq koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi tashkil etildi. Mazkur komissiyasining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari barcha uchun bajarilishi majburiy hisoblanadi.

Komissiyaning 2020 yil 4 apreldagi qarorida yo‘l-patrul xizmati xodimlari karantin davrida avtotransport vositasini maxsus ruxsatnomasiz boshqarganlik uchun transport vositasini jarima maydonchasiga joylashtirish yo‘li bilan ushlab turishi mumkinligi belgilangan.

Shundan kelib chiqib, karantin davrida avtotransport vositasini maxsus ruxsatnomasiz boshqarganlik uchun ularni jarima maydonchasiga joylashtirish qonuniy hisoblanadi deb xulosa qilish mumkin», deydi vazirlik vakili.

Deputatning e’tirozi

Adliya vazirligi mas’ul xodimining bu chiqishi Oliy Majlis deputatining e’tiboridan chetda qolmadi.

«Hayronman: qonunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushunarli yozib qo‘yilgan qoidani u yoqdan bu yoqqa tortib, kulguga qolishning nima keragi bor? Men Ichki ishlar vazirligidan talab qilsam, Adliya vazirligi xodimi aralashadi. O‘tgan safar avtomobillarning kunduz kuni chiroqlarini majburiy yoqib yurish bo‘yicha qoidani bekor qildirishga uringanimizda ham shunday bo‘lgandi: yo‘q joydan Ichki ishlar bilan bahsga Adliya vazirligi aralashib, deputatlarni «sindirishga» uringan. Kim kimgadir advokatmi shunda.

Agar men nohaq bo‘lib, qonun talabi boshqacha bo‘lsa, nima uchun Adliya vazirligining yuqori rahbariyati – vazir yoki uning o‘rinbosari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks ya’ni qonun, qonunosti hujjatlaridan, buyruqlardan past kuchga ega, deb ta’kidlamaydi, «Normativ huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonun yanglish qabul qilingan, undagi normativ-huquqiy hujjatlarning o‘zaro nisbati chalg‘ituvchi qoidalar demaydi?..

Kim nima degani bilan qonun baribiri qonun, haqiqat esa bukilsa ham sinmaydi. Amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks talablariga asosan fuqarolarning avtomobilini ushbu kodeks 54-moddasi, ya’ni epidemiyaga qarshi kurash talabini buzganlik uchun vaqtincha ushlab jarima maydoniga tiqib qo‘yish g‘ayriqonuniydir.

Mas’ullardan yana bir bor talab qilaman: qonun talablarini buzmang va avtomobillarni egalariga qaytarib, karantin tugagunga qadar o‘z xonadonlarida saqlashlarini so‘rang. Hech bir holat qonunni chetlab o‘tish yoki buzishni oqlamaydi. Buni men emas, qonun aytayapti!

Bordiyu, qonun talablari shunday yolg‘onlar bilan inkor etaverilsa, hech bo‘lmasa jarima maydonlarida turgan fuqarolarning avtomobillari uchun kunlik to‘lov va jarima undirish bekor qilinishi kerak. Daromad topishdan mahrum og‘ir bir vaqtda fuqarolar uchun bu ham qo‘llov bo‘ladi. Ularning ko‘pchiligi tirikchilik deb «mashina» haydardi.

Ish hal bo‘lmasa umid sudlardan. Har qalay sud adolat maskani sifatida vaqti kelib bu ishga xolis baho beradi, deb umid qilaman.

Xullas adolat bor bo‘lsin!» – deya munosabat bildiradi Rasul Kusherbayev.

Ichki ishlar vazirligi: «Hammasi qonuniy!»

Ichki ishlar vazirligi karantin davrida avtotransport vositasini maxsus ruxsatnomasiz boshqarganlik uchun ularni jarima maydonchasiga joylashtirish masalasi yuzasidan tushuntirish berdi.

«Maxsus komissiyaning 2020-yil 4-apreldagi qaroriga muvofiq, avtotransport vositalarining maxsus ruxsatnoma (stiker)siz harakatlanishiga yo‘l qo‘yilganda, ichki ishlar organlari yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan jarima maydonchasiga joylashtirish yo‘li bilan ushlab turilishi belgilangan.

Ayrim fuqarolar va ekspertlar maxsus ruxsatnoma (stiker)siz harakatlanish bilan bog‘liq masalalar — yo‘l harakati qoidalari doirasidagi huquqbuzarlik, deb noto‘g‘ri fikr yuritishyapti.

Ushbu holat yo‘l harakati emas, balki qarantin qoidalarini buzish deb malakalanadi. Karantin cheklovlarini buzgan shaxslar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qodeksning 54-moddasiga muvofiq javobgarlikka tortiladi.

Shu munosabat bilan, Kodeksning 54-moddasidagi huquqbuzarlik yuzasidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomani tuzuvchi va ma’muriy ishni mazmunan ko‘rib chiquvchi vakolatli organ bu davlat sanitariya nazorati organlaridir.

Karantin qoidalarini buzuvchi shaxslar tomonidan, jumladan tegishli huquqi mavjud bo‘lmagan taqdirda harakatlanayotgan avtotransport vositalarining huquqbuzarlikni davom ettirilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, mazkur avtotransport vositalari ichki ishlar organlari tomonidan jarima maydonchasiga joylashtirish yo‘li bilan ushlab turiladi. Chunki aks holda, mazkur shaxslar tomonidan karantin bilan bog‘liq cheklovlarga rioya qilmaslik davom ettirilishiga yo‘l ochib beriladi…

…Yuqoridagilardan kelib chiqib, karantin davrida avtotransport vositasini maxsus ruxsatnomasiz boshqarganlik uchun ularni vaqtincha jarima maydonchasiga joylashtirish qonuniy hisoblanadi» – deyiladi vazirlik tushuntirishida.

Bahs bu bilan yakunlanmaydigan ko‘rinadi

Maxsus ruxsatnomaga ega bo‘lmagan avtomobillarning jarima maydonchalariga olib borib qo‘yilayotganining qonuniy asosi atrofidagi tortishuvlar hali davom etadiganga o‘xshaydi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qodir Jo‘rayevning yozishicha, hozirgi kunda deputatlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ushbu masalani chuqur o‘rganishga kirishgan.

Unga ko‘ra, ko‘pchilik deputatlarning dastlabki fikri quyidagicha:

«Birinchidan, O‘zR Ma’muriy javobgarlik kodeksi 54-moddasiga muvofiq huquqbuzarga nisbatan bayonnoma rasmiylashtirib, jarima qilish va uyiga qaytishga majburlash kifoya qiladi. Stikersiz avtomobilni jarima maydonchasiga olib borib qamab qo‘yish qonunchiligimizda ko‘zda tutilmagan.

Ikkinchidan, sodir etilgan har bir huquqbuzarlik uchun milliy qonunchiligimizda bitta javobgarlik belgilangan bo‘lib, fuqaroni ikki marta jazoga tortish ana shu adolatli prinsipga to‘g‘ri kelmaydi.

Uchinchidan, karantin davrida yurtdoshlarimiz ishsiz, daromadsiz qolgan bir paytda ularning turmushini yanada murakkablashtirish qanchalik to‘g‘ri? Biz gaykani haddan tashqari burab qo‘ymayapmizmi? Shundoq ham karantindan qiynalayotgan fuqarolarimizga bu juda og‘irlik qilmaydimi?!

Albatta, karantin sharoitida kasallik ommaviy tarqalmasligi uchun biz albatta qattiqqo‘l bo‘lishimiz kerak, lekin me’yorni (ham huquqiy va ham insoniy ma’nodagi me’yorni) unutmagan holda!» – qayd etadi deputat.

Aql va vijdon amri

Tomonlar o‘z qarashlarini qonunan isbotlashga harakat qilishmoqda. Fikrlar xilma-xil, lekin tugal xulosa chiqariladigan holat emas hozir. Faqat, aybsiz aybdorlar aziyat chekib qolishi ehtimoli borligi ko‘proq xavotirga soladi.

Ayni vaqtda tartib shuki: karantin cheklovlari doirasida maxsus ruxsatnomasiz boshqarilgan avtotransport vositalarini jarima maydonlari kutib turibdi. Amaldagi qoidaga ko‘ra jarima maydoniga «tiqilgan» mashinani karantin davri tugaganidan keyingina olib chiqish mumkin. Cheklovlar qachon bekor qilinishi noma’lum: 10-maygacha davom etadimi yoki yana uzaytiriladimi bilmaymiz. Bu vaqt ichida bir necha millionlik jarimadan tashqari, mashinangiz ham «stoyanka»da qancha kunlik to‘lov «tug‘ib yotishi»ni chamalab ko‘ravering. Shuning uchun tavakkal qilmang, zaruratsiz uydan chiqmang. 

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov va moliya vaziri Temur Ishmetovning yaqinda bergan intervyusidan (video) anglashiladiki, iqtisodiy qiyinchiliklar hali oldinda turibdi. Yo‘g‘on cho‘zilishi, ingichka uzilishi ehtimoli ortadigan bunday sinovli paytda aql va vijdon amri bilan ish ko‘rish eng to‘g‘ri va hamma uchun foydali yo‘l bo‘ladi, nazarimizda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring