Milliy xavfsizlik xizmatining yangi raisi Ixtiyor Abdullayev nimaga qodir?
Joriy yilning 31-yanvarida O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining yangi raisi etib tayinlangan Ixtiyor Abdullayev aslida kim? U O‘zbekistonda so‘nggi 20 yil davomida eng qudratli muassasaga aylangan «davlat ichidagi davlatni» isloh qilishga qodirmi?
U bir oy davomida tizimni 30 foiz qisqartirishga, boshi va oyog‘ini yo‘qotgan asov «gipertuzilma»ning tizginini mahkam tortishga hamda vakolat va vazifalari ko‘lamidan chiqib ketmasligini ta’minlashga urinmoqda.
Ixtiyor Abdullayevni yuqori doiralarda «reformator» deyishadi.
2007 — 2009-yillarda O‘zbekiston Prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat maslahatchisi lavozimida ishlaganida ham ushbu og‘riqli sohani isloh qilishga jiddiy urinib ko‘rgan, biroq Islom Karimovning qat’iy qo‘llab-quvvatlashiga ko‘zi yetmagach, Qodirov — Inoyatov tandemining kuchli bosimi ostida boshlagan ishlarini ortga tashlagan edi.
U 2009-yildan 2015-yilgacha O‘zbekiston Prezidentining tashkiliy va kadrlar masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi sifatida faoliyat yuritgan kezlarida ham Prezident devoni ichida qator tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirgan, ammo bu ham «tepadan quyiga» ko‘rinishini hosil qilmagan edi. Ixtiyor Abdullayev bu lavozimda turib, Prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat maslahatchisi vazifasini ham amalda o‘zi bajarib kelganini aytishadi.
Mavzuga doir:
Milliy xavfsizlik xizmatining yangi raisi Ixtiyor Abdullayev haqida nimalarni bilamiz?
Ixtiyor Abdullayev «vatan uchun yonib ishlaydigan, ortida hech bir kazo-kazo turmaydigan, oddiy mehnatkash yigitlar»ni yaxshi-yaxshi lavozimlarga o‘tkazishga harakat qildi. U devonda o‘z xizmatiga olgan yoshlarni, ayrim davlat maslahatchilariga o‘xshab gul umrini chiritib, uzoq yillar kabinetida ushlab o‘tirmas, bir-ikki yil «siyosat qozoni»da toblab-pishirib, vazir, vazir o‘rinbosari, bosh boshqarma boshlig‘i, viloyatlardagi boshqarmalarga rahbar, tumanlarga hokim va boshqa amallarga tinimsiz uchirma qildi.
Biroq o‘sha paytdagi sobiq bosh prokuror Rashidjon Qodirov va hozir o‘zi rahbarlik qilib turgan idoraning (hozir ishdan haydalgan yoki qamalgan) ayrim vallomatlari uning bunday «erkin harakati»ni naq o‘zbilarmonning shakkokligiga yo‘ydi va zimdan tish qayradi. Yaxshi niyatlar bilan «o‘stirilgan» ko‘p fidoyi kadrlarning «belini sindirishdi».
U hokimiyatdagi juda ko‘p xodimlarning istagini ifoda etgan va ularni himoya qilishga qaratilgan, o‘sha vaqtdagi bosh vazir Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan ilgari surilgan «Davlat xizmatchilari to‘g‘risida»gi qonun loyihasining qabul qilinishiga ham astoydil intilgan edi, biroq «moliyalashtirish manbalarining yo‘qligi» vajidan bu hujjat tortmalarda sarg‘ayib qolib ketdi.
52 yoshli general shunchaki huquqshunos yoki operativ xodim emas, aslida u siyosiy o‘zgarishlarga yaxshi moslasha oladigan va boshqaruv strategiyasini atroflicha idrok etadigan siyosatchi hamdir. U shuningdek, asli farg‘onalik bo‘lsa-da, ko‘plab rahbarlarda uchraydigan «mahalliychilik kasalligi»ga qarshi ichki ma’naviy immunitetga ega elitaning kam sonli vakillaridan sanaladi.
U Prezidentning shaxsan tashabbusi va qo‘llab-quvvatlashi bilan ikki yil ichida chirib bo‘lgan prokuratura tizimini muvaffaqiyatli «tozalay oldi» va qaddini bir pog‘ona ko‘tarib berdi. Istiqbolda uni boshqa lavozimlar kutayotgan bo‘lishi ham mumkin.
Hozir MXXning prezident va xalq istagan qiyofasini yaratish, manfaatlari chegarasini aniq-ravshan belgilab berish, uni optimallashtirish, vatan uchun yonib yashaydigan halol kadrlar bilan to‘ldirish kabi o‘ta murakkab vazifalarni bajarish talab qilinmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev kuchishlatar organlarning kadrlar tizimini isloh qilar ekan, muayyan guruhlarning emas, balki O‘zbekiston xalqining manfaatlarini eng ustun qadriyat deb hisoblamoqda. Ikkinchidan, boshqaruv ishlariga qaysidir idoraning tor manfaatlariga xizmat qiladigan «mafkuraviy yondashuvi»ni mutlaqo aralashtirmagan holda muvaffaqiyatli iqtisodiy islohotlarni o‘tkazish niyatida.
Said Ibragimov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter