«Daniyada kichkina sovg‘a ham pora hisoblanadi» — Davlat xizmatchisiga oid loyiha muhokamasida qatnashyapsizmi?
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan «Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin bo‘lgan sovg‘a qiymati, shuningdek, uni tasarruf etish tartibi to‘g‘risida»gi hujjat loyihasi muhokama qo‘yilgani haqida xabar bergandik.
Unda davlat fuqarolik xizmatchisi BHMning 5 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi sovg‘a olishi mumkinligi qayd etilgan.
Juda faol bo‘lmasa-da (aslida aynan shu masalada jamoatchilik fikri juda muhim va har bir fuqaro faol bo‘lishi shart) o‘z fikrlari, takliflari bilan loyiha muhokamasida qatnashayotganlar bor. Quyida ularning ayrimlari bilan bo‘lishishni lozim topdik.
Abduqahhaor Nazorov, davlat xizmatchisi:
- Davlat fuqarolik xizmatchisi xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan unga taqdim etilgan sovg‘a to‘g‘risida uch ish kuni ichida davlat organining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat tuzilmasiga (keyingi o‘rinlarda – mas’ul tuzilma) Nizomning ilovasiga muvofiq shaklda to‘ldirilgan hisobotni taqdim etadi, deb ko‘rsatilgan. Taklif: xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlardan qaytgandan so‘ng uch ish kuni ichida deb to‘ldirish kerak.
- Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin bo‘lgan sovg‘a qiymati bo‘yicha quyidagi miqdor belgilanadi: Davlat fuqarolik xizmatining barcha siyosiy guruhi, daraja va lavozimdagi davlat fuqarolik xizmatchilari uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 5 (besh) baravaridan (barcha soliqlar va yig‘imlarni hisobga olgan holda) ko‘p bo‘lmagan miqdorda. deb belgilangan. Taklif: bazaviy hisoblash miqdorining jumlasi o‘rniga — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining jumlasi bilan o‘zgartirish maqsadga muvofiq. Shu bilan birga, xalqaro tadbirlardan berilgan sovg‘alar miqdorini xalqaro standartlardan kelib chiqqan holda, valyuta qiymatida belgilab, shu kungi markaziy bank kursi bo‘yicha hisoblash maqsadga muvofiqdir.
- Sovg‘aning bahosi ushbu Nizomda belgilangan miqdordan ziyod bo‘lgan sovg‘alar taqdiri quyidagi tartibda hal etiladi: sovg‘a taqdim etilgan davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan sovg‘aning ruxsat etilgan qiymatidan ziyod miqdori uchun davlat organiga to‘lov amalga oshiriladi va sotib olinadi. Sovg‘ani sotishdan tushgan mablag‘ davlat organining budjeti yoki budjetdan tashqari daromadlari hisobiga o‘tkaziladi, deb ko‘rsatilgan. Taklif: ziyod miqdori uchun davlat organiga belgilangan tartibda soliq to‘lovlari amalga oshiriladi va sotib olinadi deb ko‘rsatish zarur.
Lutfiyor Abduraximov: Xodimning shaxsiy o‘ziga berilgan sovg‘alar bo‘yicha ham maxsus komissiya tuzilishi kerak va bu xodim berilgan sovg‘ani to‘lov miqdorini belgilangan ma’lum bir qismini to‘lab o‘z ixtiyorida qoldirishini ham ko‘zda tutish lozim. Rivojlangan davlatlarning tajribasidan kelib chiqsa yaxshi bo‘ladi.
International Lawyer mustaqil tadqiqotchi: Zamonaviy, innovatsion, raqamli va asosiysi, nisbatan xavfsiz pora: «Plastik kartamga paymedan o‘tkazing...» Ya’ni tadqiqotchi taklif bermoqchi — plastik masalasini ham o‘ylab ko‘rish kerak.
Mustaqil tadqiqotchi o‘z tadqiqotlaridan yana bir qiziq holatni ham muhokamaga tashlagan: «Hukumatdagi vazirlarning vazni bilan, korrupsiya bog‘liqligini 15ta sobiq ittifoq respublikalarida solishtirib chiqishibdi. ((https://onlinelibrary.wiley.com/doi/full/10.1111/ecot.12259).
Natijalar shuni ko‘rsatadiki, bir nechta korrupsiya o‘lchov birliklariga ko‘ra, hukumat a’zolarida ortiqcha vazn ko‘proq bo‘lgan mamlakatlarda korrupsiya darajasi balandroq. Korrupsiyani bu yerda (Transparency International Corruption Perceptions Index, World Bank worldwide governance indicator Control of Corruption, Index of Public Integrity) quyidagi reytinglar bilan o‘lchashgan: O‘zbekiston hukumati a’zolari, tana massasi indeksiga (TMI) ko‘ra, barcha Sobiq Ittifoq mamlakatlari hukumat a’zolaridan og‘irroq ekan. Tana massasi indeksi (TMI) vaznning bo‘yga (kvadratiga) nisbati orqali o‘lchanadi, masalan 1.81 cm bo‘lgan, odamning vazni 88 kilogramm bo‘lsa, uning tana massasi indeksi 26.9. Bizda o‘rtacha hukumat a’zosining tana massasi indeksi 35.5 deb topilibdi, 35.5 ni nisbiy o‘lchamga qo‘ysak: bo‘yi 1.75 m bo‘lgan odamni TMIsi 35.5 degani, uning vazni taxminan 109 kilogramm bo‘lishi kerak. Xullas, o‘rtacha TMI bizni hukumatimiz a’zolarida boshqa mamlakatlardan ko‘ra balandroq ekan. O‘n besh mamlakat ichida, eng «yengil» hukumat a’zolari, bu — Estoniya, Latviya va Litvada ekan. Eng «og‘ir» uchlik bu —Ukraina, Turkmaniston va O‘zbekiston. Biz sobiq ittifoqda eng korrupsiyaga botgan mamlakat emasmiz, bu ko‘rsatkichda Turkmaniston va Tojikiston bizdan yomonroq. Lekin vazn bo‘yicha biz ulardan ozgina og‘irroq ekanmiz. Bu yerda e’tibor bershingiz kerak bo‘lgani, tadqiqot korrupsiya bilan ortiqcha vazn orasida korrelyasiyani topdi. Lekin bu degani, hukumat a’zolari vazni og‘irlashgan sari korrupsiya ko‘proq bo‘ladi degani emas. Korrupsiya bilan vaznning bog‘liqligi sabab bilan oqibat bor degani emas. Bundan tashqari, tadqiqotchilarning alohida ta’kidlashicha, vazni og‘irroq amaldor, korrupsiyaga moyilroq degani ham emas. Shunchaki, hukumat a’zosining o‘rtacha vazni bilan korrupsiya darajasi bog‘liq degani xolos. Xullas qiziq bog‘liqlik, lekin qandaydir xulosa qilish mumkin degani emas. Chunki nazariya yo‘q. Nazariya iqtisodiy tadqiqotlar uchun aynan shunisi bilan muhim.
Bahzod Xudoyorov: Bu Nizomdan ham o‘z manfaatida foydalanish uchun amaldorlar fortochka yaratib olmasliklari uchun, har qanday sovg‘ani ham pora sifatida qabul qilish kerak. Siz o‘zingizga yuklatilgan vazifani bajarayotganingiz uchun ish haqingizni olayapsiz (hozircha kam bo‘lsa ham) nima uchun yana sizga ishi bog‘liq bo‘lgan shaxsdan qandaydir manfaat kutish kerak? Agar yirik tadbirlarda o‘zi istab qatnashib taqdirlansa boshqa gap. Korrupsiyaga nisbatan istisno holatlar bo‘lmasligi kerak. Istisno holatlar bilan bundan ham yomonlashaveradi. O‘zim ham davlat xizmatchisiman.
Abdulrazoq Quvvatov, tadbirkor: Bizning qonunlarimizning asosiy kamchiligi huddi shu ISTISNO holatlar hisoblanadi. Mana shu ISTISNO holatlarni deb jamiyatimizda korrupsiya ildiz otib boraveradi. Agar tushunmagan bo‘lsangiz, istisno holatlardan aqlli va tajribali korrupsionerlar qanday foydalanishini surishtirib ko‘ring. Undan ko‘ra davlat xizmatchisining oylik maoshini ko‘tarish zarur.
Abdujabbor Mirxoliqov, tadbirkor: Sovg‘a berishdan maqsad nima? Aslida sovg‘a berishdan manfaat bo‘lmasa, odamlar o‘zidan o‘zi sovg‘a bermaydiku? Menimcha, bu shunchaki pora olishni qonuniylashtirish degani. Bu xuddi bir necha yillar davomida bolalarni pulga o‘qishga olib kirgan odamlar, oradan 10-15 yildan keyin super kontrakt degan baloni joriy qilgandek gap bo‘libdi. Shaxsan men bunga qarshiman.
Jahongir Avziyev, davlat xizmatchisi: Davlat xizmatchisiga doimiy yetarli oylik maosh, mehnat va dam olish huquqlarini kafolatli ta’minlash o‘rniga pora olishni qonuniylashtirib qo‘ymoqchisizlarmi? Bir kunda 1.5 mln so‘m qiymatda bir kishidan necha marta sovg‘a olish mumkin? Umumiy nechta kishidan sovg‘a olish mumkin? Davlat xizmatchisi nima uchun sovg‘a olishi kerak. Sovg‘a evaziga nima qilib berishi kerak davlat xizmatchisi? Sovg‘a olib, tili qisiq bo‘lib qoladimi? Xullas, hammasi befoyda.
Jaloliddin Qodirov, davlat xizmatchisi: Davlat xizmatchisiga hadya taqdim qilishning umuman hojati yo‘q. Sababi u qanday qiymatda bo‘lishidan qat’i nazar oradagi munosabatni o‘zgartirish xususiyatiga ega. Umuman keraksiz narsa. Sovg‘a xizmatchi ishlaydigan tashkilot tomonidan berilsa bu yaxshi holat, kasbiga nisbatan loyallikni oshiradi.
Mirabror Vohidov, ilmiy izlanuvchi: Umuman 0 qiymatga tushirish kerak, nima keragi bor shuni, sovg‘a olmasa ishdan ketadimi, jamoa shartnomasi nega tuzilgan unda, kasaba uyushmasi-chi, ozgina iqtisod qilinglar.
Yana bir hamyurtimiz telegramdagi «Yevropadagi sarguzashtlarim» kanalidan «Pora voqeasi»ni eslatadi:
«Birinchi semestrni Janubiy Daniya universitetida o‘qiganmiz. Professor va kursdoshlarga ulashish uchun qadoqlangan quruq meva va yong‘oqlar, adras sharfchalar olib kelgandik. Ha, endi o‘zbekchilikda mozorbosdi narsa – tabarruk.
Noyabrda bir professorning tug‘ilgan kuni edi. Bir hafta oldin dam olish kunlari tug‘ilgan kunini nishonlashini o‘zi aytib qoldi. Keyingi darsga qadoqlangan quruq mevalardan bittasini olib bordim va dars tugagach qo‘liga tutqazdim. Professor tabassum bilan sovg‘ani oldi va baland ovozda butun auditoriyaga murojaat qildi:
– Oh rahmat, rahmat. Lekin! Bolalar, bu narsa Daniyada pora hisoblanadi. Ketgunlaringcha jinoyatchi bo‘lib qolmanglar, deb aytib qo‘yyapman.
– Yo‘q, yo‘q, yo‘q. Poramas, O‘zbekistondan kelgan. Tug‘ilgan kuningizga kichkina sovg‘a.
– Professor talabadan olgan har qanday narsa poradir. Men hozir buni qabul qilaman, lekin kafedraga olib borib qo‘yaman. Hamma professorlar birga yeymiz.
– Pora hisoblanishga arzimaydi bu, tursa 3-4 dollar turadi. Men chin ko‘ngildan berdim. O‘zbekistonning bir bo‘lagini tatib ko‘ring deb.
– Poraning katta-kichigi bo‘lmaydi. Nega sizningcha Daniya korrupsiya eng past bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kiradi? Jamiyat korrupsiyadan tozalanib, komillikka intilishi uchun mayda narsalargacha qattiq turishi kerak.
Qoramag‘iz odamman, yuzim qizarganidan binafsharangga kirdi-yov. Yig‘lab yuboray dedim. Hatto O‘zbekistonda ham hech pora bermaganman. Deyarli ochiqchasiga ishora qilib gapirishganda ham pora so‘ralayotganini tushunmay, ishim bitmagan holatlar bo‘lgan.
Ahvolimni ko‘rib, professorning rahmi keldi chog‘i:
– Mayli, hazil. Unchalik jiddiy olma gapimni. Turli madaniyat vakillari ekaningizni va odatlaringiz tubdan farq qilishini tushunaman. Lekin Daniyada kichkina sovg‘alar ham pora hisoblanishini bilib qo‘yinglar, deyman-da.
Shundan keyin qaytib boshqa hech qaysi professorga sovg‘a bermadim Daniyada. Sloveniyada ham. Yuragim betlamadi yana poraxo‘rlikka hissa qo‘shishga»...
Ushbu loyiha muhokamaga qo‘yilganiga 3 kun bo‘ldi. Bir qatnashchining besh-oltita fikr berganini hisobga olmasak, takliflar endi 20 tadan oshdi. Bu judayam kam. Bunday muhokamalarda aholi faol va sergak, ochiq portalga o‘z fikrini ko‘proq aytishi kerak nazarimda. Ana shunda biz korrupsiyaga qarshi kurashishga o‘z hissamizni qo‘shgan bo‘lamiz. regulation.gov.uz portaliga kiring va o‘z takliflaringizni bildiring. 22 noyabrgacha xohlagancha taklif berishingiz mumkin. Sizni bu muhokamada ishtirok etishga va faol bo‘lishga chaqiramiz.
B.Sultonova tayyorladi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter