Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroning olis ovul aholisi: «Yo‘llar ta’mirtalab, suvi taxir, sho‘r. Shunga ko‘nib yashayapmiz»

Buxoroning olis ovul aholisi: «Yo‘llar ta’mirtalab, suvi taxir, sho‘r. Shunga ko‘nib yashayapmiz»

Foto: «Xabar.uz»

Buxoro viloyati, Peshko‘ tumani tarkibidagi Jongeldi mahallasi Buxoro shahar markazidan salkam 250 kilometr olis masofada joylashgan. Qizilqum kengliklari bo‘ylab Quljuqtov tog‘ining shimoliy-g‘arbiy etagi pastliklarida yashab kelayotgan ovulliklar asosan, qozoq millatiga mansub aholidan tarkib topgan.

«Bizda suv havzalari yo‘q, attraksion o‘yingohlaru bog‘-rog‘larning yo‘qligi haqida-ku, gapirmay qo‘ya qolaylik. Ammo, nolimaymiz. Faqat ovuldan shaharga olib borar uzoq masofali yo‘llar ta’mirlansa, toza ichimlik suvi masalasi hal etilsa, yaxshi bo‘lardi», — deya bildirilgan ushbu murojaat yuzasidan olis manzilga yo‘l oldik.

Bildirilishicha, ushbu aholi maskani biri-biridan qariyb 100 kilometr uzoqda joylashgan «Safron», «Qal’a Ota» va «Jongeldi» qishloq ovullaridan iborat ekan.

«Uch ovulda 753 nafar aholi yashaydi. Biz borayotgan «Jongeldi» ovulida esa nari borsa, 200 nafarga yaqin aholi yashab, umrguzaronlik qiladi», — deydi suhbatdoshimiz.

Avvaliga, avtoulovimiz tekis va ravon yo‘llardan yeldek uchib bordi. Xalqaro ahamiyatdagi A-380-«G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beynou» avtomobil yo‘li jahon standartlariga mos sifatda xorij kompaniyasi tomonidan qurilgan. Ushbu yo‘l O‘zbek milliy avtomagistralining tarkibiy qismi sanalar ekan.

Ta’mirtalab olis yo‘llar

Mustahkam sifatga ega yo‘llar davomiyligi uzoqqa cho‘zilmadi. 40 kilometrcha masofadan so‘ng dam o‘nqir-cho‘nqir, dam qumli va toshli, shag‘alli yo‘llarni qiyinchiliklar bilan bosib o‘tishga to‘g‘ri keldi.

«Yo‘lning bir tomoni sementobeton qoplamali qilib qurilgan. Ikkinchi tomoni qariyb 4 yildan buyon go‘yo ta’mirlanayotgandek, ammo ta’mirsiz ahvolda. Bu yo‘llardan xorij davlatlaridan qatnaydigan yirik yuk avtomobillari o‘tadi. Yo‘llar tor, asfaltlari ko‘chib ketgan», — deydi bizga yo‘lda hamrohlik qilgan suhbatdosh.

Darhaqiqat, xorij yuk avtomobillarining ta’mirtalab magistral yo‘llardan yurak hovuchlab o‘tishayotganini kuzatish mumkin. Og‘ir yuk avtomashinalarining tinimsiz qatnovi ovulga olib boradigan 4-R 48-yo‘lga ham ancha talofatlar yetkazgan. Yo‘l katta chuqurliklardan iborat, achinarli ahvolga kelib qolgan. Bu esa o‘z-o‘zidan Buxoroda yo‘lsozlik sohasida istiqbolda bajariladigan ishlar talaygina ekanini anglatadi.

Manzilga yetib borguncha uch soatdan ortiq vaqt o‘tdi. Xabar.uz muxbiri manzilga yetib borgunga qadar Buxoro avtomobil hududiy bosh boshqarmasi mas’uli bilan telefon orqali bog‘landi.

«Xalqaro ahamiyatdagi A-380 — «G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beynou» avtomobil yo‘lining 87 kilometr qismi qurilishi to‘liq yakunlanmagan. Mazkur yo‘lda 2008 yildan yo‘lsozlash ishlari boshlangan edi. 2008-2009 yillarda esa tender masalasining ortga surilgani ishning oqsoqlanib kolishiga sabab bo‘ldi. Oradan o‘n yilcha vaqt o‘tib, 2019 yilda ushbu yo‘nalishning 87 kilometr masofasi tender orqali Xitoy yo‘lqurilish kompaniyasi tomonidan yutib olingan. Ishlar davom etmoqda. Katta xalqaro ahamiyatdagi yo‘lni birdaniga sozlab bo‘lmaydi. Vaholanki, xorijiy davlatlararo qatnovchi avtomashinalar harakatini to‘xtatib qo‘yish mumkin emas. Shu bois, yo‘lning bir tomoni sementobeton qoplamali qilingan va uning ostki qismigacha namligi qurishi me’yorlari, vaqti-soati bor. Bir tomonida yo‘lqoplov ishlari to‘liq tugatilgach, keyin yo‘lning ikkinchi tomonini sozlash boshlanadi», — deydi viloyat avtomobil hududiy yo‘l bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Egamov.

Sherzod Egamovning bildirishicha, ovulliklarni shaharga olib boradigan 87 kilometrli avtomobil yo‘lining qolgan qismi 2023 yilda to‘liq yakunlanib, foydalanishga topshiriladi.

«Mansabdorlarning kelib turgani yaxshi...»

Had-hududsiz cho‘l saksovulzorlari, qumli barxanlari osha cho‘lquvarlar ovuli – Jongeldiga yaqinlashdik. Ayni hududga olib kiradigan yo‘lning 4 kilometrdan ortiq ichki yo‘l asosi so‘nggi oyda qurilib, shag‘al bostirilgan va eni 5 metr o‘lchamda asfaltlashtirilgan ekan.

«Cho‘lquvarlar ovulida shu paytgacha asfalt yo‘l bo‘lmagan. Bir oycha ilgari yuqoridan mansabdor shaxs aynan shu manzilga qiziqib kelgandi. U kelguncha mavjud ta’mirtalab va achinarli ahvoldagi ichki yo‘llar ikki haftadayoq oynadek tekislandi. Mansabdorlarning kelib turgani ham yaxshi-da», — deydi hamrohimiz gap o‘rtasida.

Kaftdekkina ovulda yashab kelayotgan aholi bilan suhbatlashar ekanmiz, uzoq yillardan buyon shaharga olib borar yo‘l masalasida qiynalib kelayotgan jongeldiliklar ushbu muammoning 2023 yilga qadar bartaraf etilishidan mamnun ekanini bildirishdi.

Ovulda toza ichimlik suvi muammosi

«Yo‘limiz masalasi hal etiladigan bo‘lsa, bu yaxshi. Bizning yerlar sur tusli qo‘ng‘ir qumli, taqir va sho‘r tuproqlardan iborat. Doimiy oqar suvlar yo‘q, — deya so‘z boshladi mahalla raisi Muhammed Kemalov. — Bizni tashvishlantiradigan keyingi masala – suv. Bilasiz, cho‘lda ariq, anhorlar bo‘lmaydi. Ariq qazib, suv o‘tkazishning esa umuman iloji yo‘q. Odamlar bittagina quduq orqali yetkazib beriladigan ichimlik suvidan foydalanishadi, xolos. Suv taxir ta’mli, sho‘rroq. Odamlar shu suvdan iste’mol qilishga majbur. Ko‘nib yashayapmiz».

Ovul aholisi uzoq yillar davomida mavjud buloqlardan tashish yo‘li bilangina suv iste’mol qilib kelishgan. Uch yil ilgari esa hududdagi ichimlik suviga mos bo‘lgan buloq suvidan markazlashgan tizim tarzida kichik suv inshooti qurilib, 1,5 kilometr masofaga suv tarmoqlari tortilgan. Suv inshooti quvvati oshirilib, suvni tejash maqsadida yerosti suv omborlari ham qurilgan. Biroq, mazkur omborda suv filtrlovchi maxsus nasos kurilmaning o‘rnatilmagani ovul aholisining og‘riqli muammosiga aylangan.

Ovuldagi suv inshooti.

«Aholini suv bilan ta’minlash masalasiga nazar tashlanadigan bo‘lsa, suv yo‘q emas, bor. Ovuldagi suv inshootiga filtrlovchi uskuna o‘rnatish ishlari ham boshlangan. Zamon talabiga javob beradigan inshootning muhandislik-kommunikatsiya tarmog‘i, ya’ni muqobil isitish qozonxonasi, elektr energiyasi va filtrlangan toza ichimlik suv ta’minoti ham shay holga keltirilmoqda. Bundan tashqari, Jongeldida 500 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini qurish va ekspluatatsiya qilish loyihasi ham ishlab chiqilgan. Ayni paytda ovulda yuqori quvvatli shamol elektr stansiyasi qurilishi ishlari ham jadal kechmoqda», — deydi Peshko‘ tumani hokimi Vahobjon Qahhorov telefon orqali muloqotda.

Xabar.uz muxbiri ovulliklarni tashvishlantirayotgan muammolarni o‘rganish davomida ularning yashash va turmush tarzi bilan ham qiziqqan.

«Ishsizman, deganining qo‘rasida 10-15 bosh moli bor...»

«Ovulliklarning yashash va turmush tarzi haqida ham so‘zlab berayin», — dedi mahalla raisi Muhammed Kemalov.

Muhammed Kemalov.

«So‘nggi 4 yil davomida biz, ovulliklarning uzoq yillik orzularimiz amalga oshyapti-da. Yangi maktab, maktabgacha ta’lim tashkiloti, fuqarolar yig‘ini binosi shahar sharoitidan kam emas. Ovulda ijtimoiy-iqtisodiy masalalar, jumladan, sanoatni yaratish, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish bo‘yicha ham eh-he-ye, ancha-muncha ishlar qilinyapti. Ovuldagilarning turmush sifati oshyapti. Ilgarigi barak tipidagi uylar hozir mutlaqo yo‘q. Ovulimizda butunlay kam ta’minlangan, sharoiti og‘ir, degan tushuncha yo‘q. Ishsizman, deganining ham qo‘rasida kamida 10-15 bosh qo‘y-echkisi, qoramoli bor, ot va tuyalari bor oilalar ham talay. Go‘sht serob, odamlar to‘q. Hududda ishlab chiqarish fabrikalarini qurish mo‘ljallanayapti», — deydi suhbatdosh.

Mahalla raisining aytishicha, ovul shaharchaga aylanib ulgurgan. Elektr energiyasi, gaz ta’minoti, issiqlik tizimi uzluksiz. Zavod-fabrikalar qurilishi mo‘ljallanayapti. Va shu paytgacha birorta ovullik xorijga ishga jo‘nab ketmagan. Ular o‘qish yoki davlat ishlari bilangina shahar markazlari yoxud xorijlarga chiqishgan.

Quduqdan suv tortayotgan qiz.

«Bizning qavmlar bu manzillarga 1930 yillarda ko‘chib kelishgan. Bolaligimdan bilganim, kechagi kungacha yoshlar hunarmandchilik bilan shug‘ullanib, jundan ip, arqon yigirib sotishardi. Qizlar ko‘rpa-to‘shak qavib, so‘zanalar tikishardi. Sharoitlar yangilanayaptiyu, yoshlarimiz hunarmandchilikka qiziqmay qo‘yishyapti-da...» — deydi o‘ychan.

Suhbatdosh ovulliklarning urf-odat, to‘y-hashamlari haqida ham to‘xtalar ekan, to‘y marosimlari oldi haligacha ko‘pkari, kurash o‘yinlari o‘tkazilishini aytgan.

Ovulda to‘y.

«Ko‘pkari cho‘lning o‘yini-da, asli. Rosa qiziydi ko‘pkari. Yuz kilometr olisdagi boshqa ovulliklar ham to‘planishadi. To‘yoldi qiz olib qochish rusumi haliyam eskirmagan. O‘zaro kelishilgan holda olib qochiladi. Keyin qiz uyiga xabar berilib, sovchilar jo‘natiladi. So‘ng to‘y. To‘ylarimiz ham urf-odatlarimizga xos o‘tkaziladi. Xullas, cho‘l qumlari osha bir navi qilib yashab yuribmiz-da... Ha aytmoqchi, bizning ovul bolalari bo‘sh vaqtlarida to‘p tepishmaydi, ko‘ngilochar joylarga borishmaydi. Chunki ular uchun bunday imkoniyatlar umuman yo‘q. Bizning bolalar faqat kitob o‘qishadi», — deydi Muhammed Kemalov.

Maktabda sportzal yo‘q. Qozoq tilidagi kitoblar kam.

Mahalla raisi bizni ovuldagi maktabga yetaklab bordi. 2 qavatli zamonaviy ko‘rinishdagi 24-umumiy o‘rta ta’lim maktabida bor-yo‘g‘i, 83 nafar o‘quvchi tahsil olar ekan.

«Kelajakda ushbu manzilda ham aholi soni oshib, maktab ta’limiga ehtiyoj oshishi nazarida maktabimiz 324 o‘rinli qilib qurilgan. 11 yillik majburiy ta’limga asoslangan maktabimizga joriy o‘quv yilida 12 nafar o‘quvchi 1-sinfga qabul qilindi, xolos. O‘tgan o‘quv yilida maktabni 8 nafar o‘quvchi bitirgan va 3 nafari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan edi. 18 nafar o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatadi, shulardan faqat 2 nafari o‘rta maxsus va 3 nafari tugallanmagan oliy ta’limga ega», — deydi 24-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Kubey Mirmanqulov.

Kubey Mirmanqulov.

Ovulning qoq o‘rtasida joylashgan ushbu maktabda chalingan qo‘ng‘iroqning shu yaqin atrofda yashaydigan o‘quvchilarga eshitilishi va uning ohangidan bolalarning ham hushyor tortib, maktab atrofida bir zumda to‘planishi qiziqishlarimizga sabab bo‘ldi.

«Maktabimizda oshxona yo‘qligi sababli tushlik vaqtida uyimizga boramiz. Bir qadam. Shundoq qo‘ng‘iroq chalinsa bo‘ldi, bir pasda yetib kelamiz», — deydi maktab o‘quvchisi Talgat Suyibayev.

Talgat Suyibayev, maktab o‘quvchisi.

Maktab zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘lsa ham oshxona, sport zal va stadionga ega emas. Oddiy «bufet» xizmati ham yo‘lga qo‘yilmagan. O‘quvchilar katta tanaffuslarda uylariga borib, ovqatlanib qaytishar ekan.

Ma’lum bo‘lishicha, 26 yillik tarixga ega ushbu maktabga ilk bor tuman hokimligi tomonidan joriy o‘quv yili boshlanishida kompyuterlar jamlanmasi kiritilgan. O‘quvchilar shu paytgacha kompyuter savodxonligini faqat informatika darsliklari orqali amalda foydalanmagan holda o‘rganib kelishgan. Ular suhbat davomida ilk bor kompyuterdan foydalanishayotganini bildirishdi.

«Informatika darsliklaridan o‘rganganlarim yuzasidan faqat nazariy bilimga egamiz. To‘g‘ri, kompyuterlarni televizorlarda tez-tez ko‘rib turamiz, ammo shaxsan o‘zim uni birinchi bor ko‘rib turibman. Balki shu bois, kompyuterdan amalda foydalanish bizga ancha qiyin tuyulayapti», — deydi 9-sinf o‘quvchisi Donagul Qozoqova.

Maktab direktorining so‘ziga ko‘ra, qozoq tilidagi fan kitoblari yetishmas ekan.

«Joriy o‘quv yilida maktabimizga 15 dona kompyuter jamlanmasining berilishi o‘quvchilarimizni judayam xursand qildi. Endi ular ham kompyuter texnologiyalarini o‘zlashtira olishadi. Shu o‘rinda aytishim kerakki, maktabda sportzalu stadionning yo‘qligi ham bevosita bolalarning sport musobaqalarida qatnashishiga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Bundan tashqari, qozoq tilidagi kitoblar ham juda kam. Buyam maktabimizning og‘riqli muammolaridan»,  — deydi maktab direktori.

Kubey Mirmanqulov sport majmualari ham juda ham uzoq masofada joylashganini so‘zladi. «O‘quvchilar buning uchun kamida 100-150 kilometr masofa bosib o‘tishi kerak», — dedi u.

Yo‘l olis, manzillar juda uzoqligi bois ham ota-onalar bolalarini sport bellashuvlariga jo‘natishmas ekan.

«Maktabimizda sport zal bo‘lganida o‘zimiz istagan sport turi bilan shug‘ullanib, musobaqalarda qatnashardik. Biz faqat sport xabarlarini eshitib turamiz, xolos», — deydi Talgat Suyibayev.

G‘abiden Bekturganov.

Ovul yoshlar yetakchisi G‘abiden Bekturganov muxbir bilan suhbatda ushbu masalalarni yechishda yoshlar tashkilotlari bilan hamjihat ish olib borilayotgani va tuman hokimligi tomonidan chora-tadbirlar belgilanayotganini bildirgan.

***

Beshbarmoq – tansiq taom

Maktabdan chiqqunimizcha, quyosh ancha tikka tushgan, kun tig‘dek qizigan palla edi. Bu paytda esa ovulda sanoqligina odamlar ko‘zga tashlanardi. Cho‘ponchilik, yilqichilik bilan shug‘ullanadigan aholi allaqachon uzoq cho‘l hududiga chiqib ketishgan ekan.

Kun peshindan og‘ganda, ovulliklar bizni o‘tovga boshlashdi. Dasturxonga qardosh elning tansiq taomi —beshbarmoq tortildi. Qozoq ayoli Gulnaxiya Iskakova beshbarmoqning tayyorlanish jarayoni haqida so‘zlab berdi.

Gulnaxiya Iskakova.

«Beshbarmoq – o‘zbeklarning palovidek shoh taom. Ikki soat oldin ovqatning xamiri qorib qo‘yiladi. So‘ng qaynatilgan suvga qayishdek kesilib solinadi. Go‘shti kamida 2-3 soat suvda obdon qaynatilib, hil-hil holga kelguncha pishiriladi. Beshbarmoq asosan, echki, ayniqsa, tuya go‘shtidan juda mazali chiqadi», — deydi Gulnaxiya Iskakova.

Ichimlik suvi maxsus filtrlanishga muhtoj

«Cho‘lliklar qo‘y-qo‘zi ortidan tirikchilik qilishadi. Go‘sht serob, odamlar to‘q. Biroq, cho‘lda ariq, anhorlar bo‘lmaydi. Bog‘-rog‘u gulzorlar yaratish, atrofni salqin so‘limgohlarga aylantirib, hordiq olish – cho‘lliklarning orzusi. Kimdir hovlisida bir qulochgina ko‘chat yoki gul o‘tqazgan bo‘lsa, uni ichimlik suvidan sug‘orishi mumkin. Lekin biz iste’mol qilayotgan toza ichimlik suvi ham maxsus filtrlansa, odamlarning salomatligi uchun ham foyda bo‘lardi», — deydi mahalla faoli Kamtar Sharipov.

Kamtar Sharipov, ovul fuqarosi

Kaftdekkina Jongeldi ovuli aholisining toza ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolarini bartaraf etish, unga olib borar olis yo‘l manzillarini ta’mirlash, mavjud maktabida qozoq tilidagi kitoblar foizini oshirish, stadion, sportzal va oshxona qurilishini olib borish, bolalarning turli sport musobaqalarida ishtirokini ta’minlash viloyat mutasaddilarining e’tiboridan chetda qolmasligi kerak.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring