Buxoroda eskirayotgan yangi uylar (video)
Buxoro viloyati Kogon shahridagi Ziyokor mahallasi, Buxoro shohko‘chasida barpo etilgan ko‘p qavatli eskirayotgan yangi «dom»lar aholi noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
Buxoro viloyati Kogon shahridagi Ziyokor mahallasi, Buxoro shohko‘chasida «Maxsus avtoqurilishservis» qurilish tashkiloti tomonidan 5 qavatli ko‘p qavatli uylar barpo etilgan. 2020 yildan boshlab, hali qurilishi nihoyalanmagan bu uylar fuqarolarga sotila boshlangan va ular bugun ko‘chib kelib yashashmoqda.
Hali «korobka» shaklida topshirilganiga 3 yil ham to‘lmagan ko‘p qavatli uy bugun qayta ta’mirga muhtoj. Tashqi qismi suvoqlari qo‘porilgan, beton qoplamali zinalari titilgan, zax va nam ta’sirida yerto‘lalarga kiruv devorlari to‘kilib ketgan. Afsuski, bugun yangi, zamonaviy uylar safini to‘ldirib turibdi.
«Xabar.uz»ga murojaat qilgan fuqarolar: «Ko‘p joylarga yozdik, yugurdik. Bari foydasiz. Oxiri, sizlarga chiqishga majbur bo‘ldik. Endi «yozuvchi»ga chiqarishsa ham chidaymiz. Chunki, shikoyat qilgan fuqaro borki, muammoni hal qilish o‘rniga, unga «yozuvchi» degan tamg‘ani ilib qo‘yishadi» – deyishdi.
Bir qarashdayoq, yangi «dom»ning to‘kilib ketayotganiga guvoh bo‘lish mumkin. Bolalar uchun mo‘ljallangan maydon tikan va qurilish ishlaridan qolib ketgan toshlar bilan to‘la. Uy-joyni sotib oluvchi va uni sotuvchi o‘rtasida tuzilgan sug‘urta shartnomasiga ko‘ra, ko‘chmas mulkning qoldiqlari yoki qoldiqlardan tozalash ishlari qurilish tashkiloti tomonidan amalga oshirilishi, qurilish ishlari ham belgilangan loyihaga muvofiq amalga oshirilishi lozim. Biroq, «Maxsus avtoqurilishservis» mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan qurilish ishlari nihoyalanmay qoldirilgan. Suvoqlari ko‘chgan, shiftlari uchib va sinib ketgan ayvonlarni ko‘rib achinasiz. Go‘yoki qurilishi davom etayotganini namoyish qilib turgan uzun temir narvon uch yildan buyon yerdan «uzilib» qolgan. Texnik xavfsizligi ta’minlanmagan.
«Nafaqat, bolalarimiz uchun, yoshi kattalar uchun ham juda xavfli holatda har ikki pod’yezd yoni tashqi devorlariga uzun temir narvon bittagina sim bilan bog‘lab qo‘yilgan. Shuni oldirib tashlash bo‘yicha shahar hokimligiga ham, qurilish tashkilotiga ham juda ko‘p marotaba murojaat qildik. Lekin natija yo‘q», – deydi o‘zi ham shu ko‘p qavatli uyda yashab kelayotgan «Ziyokor» mahalla fuqarolar yig‘ini xodimi.
Atrofga achchiq va qo‘lansa hid tarqatib turgan, hojatxonadan chiqqan axlatga to‘la, faol ishlash tizimiga ega bo‘lmagan kanalizatsiya quvuri haqida gapirmasa ham bo‘ladi.
«Bu uyda kanalizatsiya deyarli ishlamaydi. Ichimlik suvi ham vaqti-vaqti bilan keladi. Suv idishlarni to‘ldirib qo‘yishga majburmiz. Gohida jo‘mraklarni ochib qo‘yib, 15 daqiqadan bir soatgacha suv kelishini kutamiz, – deydi boshqa bir fuqaro. – Bundan tashqari, yerto‘lalar ham qarovsiz ahvolda. Har xil hasharotlarning paydo bo‘lib, xonadonlarimizgacha chiqmasligiga kafolat bormi? Biron-bir tashkilot bu borada hech qanday chora ko‘rmagan».
Fuqaro A’zam Bahronovning so‘ziga ko‘ra, ko‘p qavatli uy bitkazilmasdan topshirilgan.
«Uyni qurib bitkazmasdan turib, unga qanday kirish mumkin? Shular inobatga olinishi kerak edi. Suv ta’minoti xizmati noto‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan. Shu bois, nasoslar o‘rnatilgan edi. Nasoslar ham «yo‘qoldi». Xuddi shuningdek, elektr energiyasi ta’minotida ham muammolar mavjud. Loyiha noto‘g‘ri bo‘lgan va bajarilmagan», – deydi A’zam Bahronov.
Surishtiruvga ko‘ra, mazkur uy-joylar bundan uch yil ilgari “Maxsusavtoqurilishservis” mas’uliyati cheklangan jamiyatining marhum ish boshqaruvchisi tomonidan barpo etilgan. Ayni paytda esa jamiyat rahbarligi va qurilish bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish uchun ishlari uning o‘g‘li Mirzamir Mirayev boshqaruvida qolgan.
«Bolalar uchun sport maydonchasi, besedka tiklab berish, uyning tashqi (fasad) qismini qayta ta’mirlash, suvoqlash, o‘rindiqlar o‘rnatish kabi chala qolib ketgan ishlarni bitkazib berishni Mirzamir o‘z bo‘yniga olgandi. Va uni to‘la bajarishni va’da bergan edi. «Otangizning ruhi oldida va’da bering, uch yildan buyon e’tibordan qoldirib kelyapsiz» deganmiz... U o‘shanda: «Uyning 1-qavatidagi uchta do‘konni sotib, muammolaringizni hal qilib beraman», – degan edi. Do‘konlarini sotdi, afsuski, muammoni hal qilmadi», – dedi uyboshi Guljamol Satimova.
Uyboshi, bir nechta murojaatchilar hamda surishtiruv davomida holat joyiga yetib kelgan mutasaddilar bilan yerto‘lalarni ko‘zdan kechirdik. Kanalizatsiya tarmoqlari eskirishga ulgurgan. Turli chiqindilarga to‘la. Yerto‘lada joylashgan elektr simlari ochiq va osilib yotibdi. Yong‘in sodir bo‘lsa, elektr simlarining qisqa tutashuvini sabab qilib ko‘rsatish oson. Lekin shahar yong‘in xavfsizligiga mas’ul shaxslar e’tiborsizligi ushbu manzaradan ham yaqqol ko‘rinib turibdi.
Aholi asosan, suv va kanalizatsiya muammolaridan qiynalayotganini bildirdi. Uy zinalariga ko‘tarilayotganda, old to‘sin shishavand devorlardan oyna-darcha qo‘yilmagan. Jazirama havoda shishadan o‘tayotgan kuchli issiqlik po‘yezdlarni dimlantirib yuborgudek darajada. Uy yo‘laklari ham allaqachon qayta ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan. Chiqindixona bo‘lsa-da, uyulgan va sochilgan chiqindilar uy atrofini «bezab» qo‘ygan.
«Men sotib olgan uy uch xonali. Beshinchi qavatda joylashgan. Shifti yopilmagan, hatto. Yomg‘ir kunlari shiftdan qor-yomg‘ir o‘tdi. Hali ta’mirlab, yashash uchun sharoit qilib ulgurganimiz yo‘q. Ammo, abgor holatda. Tabiiy gaz quvurlari tortilgan bo‘lsa-da, schyotchiklar o‘rnatilmagan. Shu tufayli kundalik ehtiyoj uchun turli elektr jihozlaridan foydalanishga majburmiz. Xonadonlar ichi aynan qurilish tashkiloti sozlashi kerak bo‘lgan ishlari shundoq chala», – deydi shu yashovchi Munavvara Tosheva.
Aholining shahar hokimligi va boshqa mutasaddi tashkilotlarga bu boradagi murojaatlari e’tiborsiz qoldirilgan. Ushbu ko‘p qavatli uy va unda yashayotgan aholi turmush sharoiti bilan bog‘liq muammolar talaygina. Na sektor rahbarlari va na mutasaddilarni qiziqtirmagan. Qiziqtirganida, aholi shuncha muammoga duch kelmagan bo‘lardi. Eng qizig‘i, shu kuni qurilish tashkiloti rahbarini topishning imkoni bo‘lmadi. Unga tegishli bo‘lgan barcha telefon raqamlar «doiradan tashqarida» edi.
«Nafaqat, qurilish tashkiloti, balki Kogon shahar hokimligi mas’uli sifatida o‘zingizni ham javobgar his qilmaysizmi? Shunday sharoitda yashayotgan aholining o‘rniga o‘zingizni qo‘yib ko‘rsangiz. Agar vaqtida aholi orasiga kirib, dardini tinglaganingizda, balki, muammolar bunchalik chuqurlashib ketmasmidi?» – so‘raymiz qurilish ishlari bo‘yicha shahar hokimi o‘rinbosari Alisher Aminovdan.
Alisher Aminov va uning hamrohlaridan savollarimizga yetarlicha javob ololmadik. Telefon raqamlari ham o‘chirib qo‘yilgan qurilish tashkiloti rahbarini uning yashash xonadonigacha izlab bordik. Afsuski, chindan ham uni topishning iloji bo‘lmadi.
«Qurilish tashkiloti «o‘lgan». Ko‘rib turibsiz, topishning iloji bo‘lmayapti. Kerak bo‘lsa, ichki ishlar organlari orqali qidirtiramiz. Ammo, aholini qiynab kelayotgan muammoni tez kunda bartaraf etamiz. Va’da beraman. Bajaramiz!” – dedi Alisher Aminov.
Biz holatni o‘rganish bilan ovora bir paytda, mahalla raisi tomonidan obodonlashtirish xodimlari ko‘p qavatli uy atrofini tikan va axlatlardan tozalash ishlariga jalb qilinishgan ekan. Ayni quyosh tikka tushgan, jazirama payt. «Tushlik payti, bunday issiqqa bizni olib chiqishga haqlari yo‘q!», «Odamlarning o‘zi hamma joylarni axlatga to‘ldirishganmi, o‘zlari tozalashi kerak!» – deyishdi xotin-qizlar bir-birlariga norozi kayfiyatda.
Haq gap. Atrof-muhitning chiqindi va axlatlarga to‘lishida aholining ham e’tiborsizligi va befarqligi yo‘q emas.
Yarim soatgina vaqt ichida uy atrofi tozalangan, bolalar o‘yingohi tikanu begona o‘tlardan «xalos» bo‘lgan va hatto, ko‘p qavatli uyning old tomonida bir necha kundan beri to‘planib turgan shag‘al ham tekislanib ulgurilgan edi.
«Uylar atrofida doimiy ravishda obodonlashtirish ishlarini olib boramiz. Obodonlashtirish xodimlarni jalb etamiz», – deydi mahalla raisi sekingina o‘zini aybdordek his etib.
«Axir, mahalla tozalovchi tashkilot emas-ku! Bu yerda aholining o‘zi ham sarishtalikka e’tibor qaratishi shart edi», – deymiz. Mayli, bu biz boshlagan mavzuga deyarli, tegishli bo‘lmagan holat.
Yuqorida «Va’da beramiz, Bajaramiz!» deyilganidek, mutasaddi rahbarga ishonishga majburmiz. Zero, «rahbarlar va’da beradiyu, bajarmaydi» degan qo‘shtirnoq ichidagi “qoida” bu yerda ishlatilmasligiga umid qilamiz.
Laylo Hayitova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter