Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sanjar Said

Hayotda mo‘jizalar sodir bo‘ladi

Sog‘lom shahar: sport bilan shug‘ullanishga sharoit bo‘lishi shartmi?

Sog‘lom shahar: sport bilan shug‘ullanishga sharoit bo‘lishi shartmi?

Boston. AQSh.

Foto: Sanjar Said

Boston – go‘zal, zamonaviy, innovatsion shahar, AQShning Massachusets shtati markazi, dunyo ilm-fani o‘choqlaridan biri. Jahonga mashhur Harvard universiteti, Massachusets texnologiyalar instituti va yuzlab boshqa nufuzli oliy ta’lim muassasalari joylashgan bu shaharga dunyoning qariyb barcha mamlakatlaridan talabalar, ziyolilar, olim va tadqiqotchilar intilib keladi.

Biroq bu shahar meni boshqa bir jihati bilan ham o‘ziga maftun etdi: kunning qaysi vaqtida bo‘lmasin shahar bo‘ylab yugurayotgan, velosiped haydayotgan, skeybord uchayotgan odamlarni ko‘rasiz.

Bekorga «odamlar» so‘zini qo‘llamadim. Boisi bu yerda nafaqat yoshlar, nafaqat qizlar, balki o‘rta va keksa yoshli erkagu ayollar ham yakka-yakka yoki guruh bo‘lib sport bilan qizg‘in shug‘ullanayotganining guvohi bo‘lasiz, o‘n emas, yuzlab, minglab sportsevarlarni uchratasiz. Ayniqsa dam olish kunlari sportsevarlar soni bir necha barobarga ortar ekan.

Shahar rejasi shunday ishlab chiqilganki, bu yerdagi sharoitlarning o‘zi odamni yugurishga, velosiped haydashga, umuman, sport bilan shug‘ullanishga undaydi; yugurish, piyoda sayr qilish uchun yo‘laklar, velosiped uchun alohida ajratilgan yo‘lakchalar, Charli daryosi qirg‘og‘idagi sport bilan shug‘ullanishga moslab bunyod etilgan xiyobon.

Qolaversa, shaharning turli qismlarida velosipedlarni ijaraga berish markazlari tashkil etilgan. Har bir bino oldida velosiped qo‘yish uchun maxsus joylar tashkil etilgan. Hattoki bir joyda velosiped sozlash uchun sharoit yaratilganiga ham ko‘zim tushdi. Bir so‘z bilan aytganda, shaharda sport bilan shug‘ullanish uchun yaratilgan barcha imkoniyatlar odamlar uchun: qulay, jozibador va qiziqarli.


Mavzuga doir:

Shavkat Mirziyoyev: «Hamma velosipedda yursin, sog‘liqqa foyda» (video)


Ushbu manzaraga guvoh bo‘lar ekanman, darhol o‘zimizda – O‘zbekistondagi vaziyat bilan taqqoslay boshlayman. Qaniydi bizda ham shunday sharoitlar bo‘lsa, har kuni yugurib, faqat velosipedda yurarmidik...

Ammo sharoit butunlay yo‘q ham emas-ku, Toshkent misolida oladigan bo‘lsak, har bir kvartalda maktab stadionlari ochiq va deyarli bo‘sh turadi. Shanba-yakshanba kunlari yugurish yoki velosiped haydash o‘rniga ko‘p hollarda choshgohga, tushga qadar uxlaymiz, tushdan so‘ng gap-gashtak, choyxona, bazmu jamshid, to‘y-tomosha...

Xullas sport bilan shug‘ullanishga vaqtimiz, imkoniyatimiz, sharoitimiz, sport kiyimlarimiz, skeybordu velosipedlarimiz yo‘q. Bo‘lganida albatta kunning sovuqligi yoki vaqtning g‘animatligini bahona qilmasdan, yugurishga, velosiped haydashga yoki shunchaki piyoda sayr qilishga chiqar edik...

Boston, AQSh
2018-yil 11-fevral

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring