Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qadimiy sport turlari

Qadimiy sport turlari

Birgina Italiya hududida 99 ta gladiatorlar janglarini uyushtiruvchi sirklar qayd etilgan.

Foto: «39rim.ru»

Eng qadimiy sport turi nomiga bir necha sport turlari da’vogarlik qilishadi. Rasman olib qaraganda yengil atletika ilk Olimpiya o‘yinlarining asosini tashkil qilgan va yugurish bo‘yicha musobaqalar eng ommabop bo‘lgan. Keyinchalik nayza, disk, bolg‘a uloqtirish, balandlikka sakrash, erkin kurash kabi musobaqalar ham yengil atletika tarkibiga kirib, olimpiada o‘yinlari safidan joy olgan. Qadimgi olimpiada o‘yinlarida shoirlar ham ishtirok etganlar va o‘z she’rlarini o‘qib musobaqalashganlar. Yuqorida aytganimizdek bular rasmiy va qat’iy qoidalar asosida o‘tkazilgan musobaqalardir. Lekin insoniyat yaralibdiki o‘ziga raqib topib kurashishni ermak qiladi. Ana shunday kurash turlaridan biri kamondan o‘q uzishdir. Faqat hozirgi nishonni ko‘zlashdan farqli ravishda u paytlar ikki kishi yoki guruhlar bir birlariga qarata o‘q uzganlar. Tabiiyki tirik yoki sog‘ qolgan g‘olib deb hisoblanilavergan.

Quyida shu kabi tarixiy sport turlaridan ayrimlari bilan tanishtiramiz  

Fillar bilan korrida

Qadimiy Rimda bo‘lib o‘tgan bu musobaqalarda qurollangan qullar fillarga qarshi kurashganlar. Bunda qullarning tirik qolishi o‘rtacha 3 %ga teng bo‘lgan. Rimliklar musobaqalarni shu darajada yaxshi ko‘rganlarki, bu Afrika fillarining keskin kamayib ketishiga olib kelgan.

Terili arqon tortish

Arqon tortish qadimiy sport turi va u hozirgi kunda ham bor. Lekin bu sport turi ham qonli tarixga ega. Vikinglar hayvonlar terilaridan to‘qilgan arqonni ikki guruhga bo‘linib tortishgan. Faqat hozirgidan «ozgina» farqli ravishda arqon sportchilarning qo‘llariga bog‘langan va o‘rtada cho‘g‘ to‘plangan chuqur bo‘lgan. Kuchsizlar mag‘lubiyatni tan olish orqali kulgiga qolganlar yoki otash to‘la chuqurga ravona bo‘lganlar.

Pankration

Boshqa qadimiy musobaqalar bilan solishtirganda pankration anchagina shafqatli sport turiligiga amin bo‘lamiz. Qadimgi yunonlar o‘ylab topgan bu musobaqalarda barcha jangovar sport turlari (boks, karate, kurash va h.k.) qorishib ketgan hamda hech qanday qoidalar bo‘lmagani holda qurolsiz jang tanaffuslarsiz, qatnashchilardan biri hushini yo‘qotmaguncha, yoki mag‘lubiyatni tan olib, shafqat so‘rab yolvormaguncha davom etavergan.

Pankrationchilar.

Baliqchilar kurashi

Musobaqa mazmuni ikki qayiqning har biriga sakkiz nafardan yigitlar o‘tirganlaricha Nil bo‘ylab suzishdan boshlanib, ma’lum masofadan so‘ng mushtlashishdan iborat bo‘lgan. Kurash qayiqlardan birida bir odam qolmagunicha davom etgan. Mushtlashuvdan qochganlar va mag‘lub bo‘lganlarni o‘sha paytlarda juda ko‘p bo‘lgan daryodagi timsohlar yaxshilab jazolaganlar

«Navmaxiya»

Bu haqiqiy dengizlar jangidir. Ishtirokchilar soni bir necha minggacha yetadigan musobaqalarda haqiqiy jangovar kemalar qatnashgan. Dushman qo‘shinlari bilan janglar oldidan bo‘lib o‘tadigan «do‘stona» musobaqalarda yuzlab odamlar halok bo‘lgan. Musobaqa yakuniga yetgach, odatda raqiblar umumiy ziyofat uyushtirganlar va halok bo‘lgan do‘stlarini dasturxon ustida yaxshi nom bilan xotirlaganlar.

Gladiatorlar jangi

Bu musobaqalarni hamma yaxshi biladi. Faqat bir ikkita qiziqarli faktlarni e’tiboringizga havola etamiz, xolos. Qadimgi Rim imperiyasida yuz minglab gladiatorlar bo‘lgan. Birgina Italiya hududida 99 ta gladiatorlar janglarini uyushtiruvchi sirklar qayd etilgan va ularda yil davomida uzluksiz tomoshalar ko‘rsatilgan. Ayrim yirik janglarda o‘n minglab gladiatorlar qatnashganlar hamda janglar uch-to‘rt kunlab davom etgan. Gladiatorlar o‘rtacha beshinchi yoki oltinchi jangda halok bo‘lganlar. Faqat ayrimlarigagina elliktalab jangda g‘olib chiqish nasib etgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring