O‘zbek stadionlarida «oilaviy sektorlar» paydo bo‘ladi
O‘zbekiston Professional Futbol Ligasi yangi mavsumda O‘zbekiston Chempionati bahslarida muxlislar bilan ishlash, muxlislarni stadionlarga qaytarish, klublar muxlislari madaniyati hamda imijini oshirish uchun bir qator yangi loyihalar ishlab chiqdi.
«Ayni damda Superliga hamda Pro-Liga uchrashuvlariga muxlislar tashrifi kamayib bormoqda, — deyiladi xabarda. — Buning sababi sifatida, stadionlarda muxlislar uchun qulayliklar hamda sharoitlar yo‘qligini ko‘rsatish mumkin. Klublar hamda stadionlar rahbariyati bu borada yangi mavsumdan boshlab yangi talablar asosida faoliyat olib borishi e’lon qilindi.»
Ma’lum qilinishicha, O‘zPFL rahbariyati muxlislarni yana stadionlarga qaytarish, ularning madaniyati oshirish, klublar qoshidagi muxlislar klublari faoliyatini yanada yaxshilash hamda ularga qulayliklar yaratish maqsadida bir qator mutaxassislarni ishga jalb etdi. Ayni damda mutaxassislar bu kabi salbiy muammolarni bartaraf etish uchun bir nechta loyiha va tadbirlarni ishlab chiqishdi. Ushbu loyihalar rejaga ko‘ra yangi mavsumda bosqichma-bosqich tarzda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Dastlabki bosqichda uchrashuvlardan oldin anonslar tayyorlash va uni keng ravishda yoritish orqali, birinchi navbatda, muxlislarning uchrashuv haqida batafsil ma’lumot olishlariga ko‘maklashish ko‘zda tutilgan. Klub rasmiy sayti yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali muxlislar o‘rtasida turli promo-aksiyalar, viktorinalar va lotoreyalar tashkil etish va g‘oliblarga uchrashuvga chiptalar taqdim etiladi.
Keyin bosqichda esa muxlislar uchun qulayliklar yaratishga e’tibor qaratiladi. O‘zPFL muxlislar uchun alohida yo‘laklar tashkil qilish va ularga yo‘l ko‘rsatuvchi maxsus belgi hamda ishoralardan foydalanish, muxlislar klubi uchun alohida sektor tashkil etish, uchrashuv davomida muxlislar uchun stadion xududida barcha turdagi yegulik hamda ichimliklar savdosini tashkil etish, uchrashuvlardan oldin muxlislarga klub atributikalarini, ma’lum miqdordagi futbol to‘plari, sharflar tarqatish, oilaviy sektorlar tashkil etishni nazarda tutmoqda.
Uchrashuvlardan oldin esa klub rahbariyati har bir uchrashuv oldidan muxlislar uchun turli madaniy tadbirlarni tashkil etishi, konsert dasturlari, aksiyalar, sovg‘alar tarqatishi lozimligi ham belgilanmoqda. Futbol tashkiloti stadion hududida o‘yin boshlanishidan avval qiziqarli tadbirlar uyushtirish va unda kelganlar ishtirokini futbol uchrashuviga xarid qilingan chiptasi asosida bepul amalga oshirish muxlislar sonini ko‘paytirishga yordam beradi, deya hisoblamoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter