Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Odil Ahmedov: «O‘zbekiston terma jamoasiga Keyrush va Lippi darajasidagi murabbiy kerak»

Odil Ahmedov: «O‘zbekiston terma jamoasiga Keyrush va Lippi darajasidagi murabbiy kerak»

Odil Ahmedov

Foto: «rusfootball.info»

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Odil Ahmedov «Interfutbol» gazetasiga intervyu berdi. U o‘z so‘zida O‘zbekiston terma jamoasiga aynan qanday murabbiy kerak ekani haqida fikr bildirgan.

«Yaqinda O‘FF prezidenti Umid Ahmadjonov bilan uchrashdim, turli mavzularda suhbatlashdik. Tabiiyki, milliy jamoaga bosh murabbiy tayinlash mavzusida ham fikr almashdik.

O‘FF rahbari Osiyo futbolini yaqindan biladigan, jahon chempionatida ishlash tajribaga ega taniqli murabbiy olib kelish harakatida. Aytishicha, hozir muzokaralar davom etyapti. Tez orada yangilik eshitsak, ajabmas.

Mana, Marokash va Eron termalariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Menimcha, shu o‘yinlar muddatiga qadar yangi murabbiy bilan tanishsak kerak. Har qanday holatda ham, kuchli mutaxassis tayinlanishi tarafdorimiz.

Bitta yorqin misol: italiyalik Marchelo Lippi Xitoy termasini qisqa fursatda keskin kuchaytirdi. Buni hamma ko‘rdi. To‘g‘ri, xitoyliklar biz kabi mundialga chiqolmadilar. Lekin fikrimcha, Xitoy jamoasi o‘z potensialidan yuqoriroq natijaga erishdi. Oddiy taqqoslasak, biz aslida Xitoy termasidan sezilarli darajada kuchlimiz. Lekin bu natijada aks etmadi.

Eron termasi muvaffaqiyatida esa futbolchilardan ko‘ra, Karlush Keyrushning hissasi katta. Demoqchimanki, bizga ham Keyrush va Lippi darajasidagi murabbiy kerak», — dedi Odil Ahmedov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring