«Milliy xalq o‘yinlarimizni dunyoga olib chiqamiz» — Oybek Norinboyev
O‘zbekiston etnosport assotsiatsiyasi 2021-yil 6-oktyabr sanasida Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tkazilgandi.
Assotsiatsiya raisi Oybek Norinbayevning ta’kidlashicha, milliy va an’anaviy sport turlarini, xalq o‘yinlarini tiklash, rivojlantirish, ularning yagona tartib-qoidalarini ishlab chiqish hamda tatbiq etish, shuningdek aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish Etnosport assotsiatsiyasining asosiy maqsadlaridan hisoblanadi.
Ota-bobolarimiz, momolarimiz o‘ynab kelgan qadimiy milliy o‘yinlarimiz son jihatidan ham salmoqlidir. Ular oddiy o‘yin emas, aksincha asrlar mobaynida sayqallanib, xalqchil o‘yin sifatida bizgacha yetib kelgan. Aks holda ajdodlarimiz ularni shu davrgacha meros sifatida olib kelmagan bo‘lar edi.
Ajdodlarimizning hayotida o‘z o‘rnini egallagan xalq o‘yinlarini bugungi innovatsion texnika asri hayotimizdan siqib chiqarmoqda. Shu bois unutilishga mahkum bo‘lgan milliy sport turlarimizni xalqning ichidan topib yana kelajak avlodlarga yetkazish uchun tashlanadigan har bir harakatga insoniy va milliy burch sifatida qaralmoqda.
«Xalq orasida yuzlab o‘yinlarimiz mavjud bo‘lganki, ularning har biri o‘ziga xos jismoniy va ma’naviy ahamiyatga ega. Ajdodlarimiz hayoti davomida mashg‘ul bo‘lib kelgan har bir milliy sport turlarimizda oriyat va halollik kabi insoniy xislatlar mujassamdir. Xalq o‘yinlarimiz qonun-qoidalari va shaklu-shamoyili bilan ham shu qadar mukammal shakllanganki, deyarli barcha milliy sport turlarimizni hakamlarsiz o‘ynash va undan zavqlanish mumkin bo‘lgan», deydi Oybek Norinbayev.
Milliy sport turlarimizdan kurash, belbog‘li kurash, o‘zbek jang san’ati, Turon yakkakurashi, qarabtep va uloq-ko‘pkari kabilari xalqaro sport turlari qatoridan joy olib bo‘ldi. Bugungi kunda ushbu sport turlari bo‘yicha butun dunyo bellashmoqda.
«Biz shu joyda to‘xtab qolmasdan milliy xalq o‘yinlarimizni dunyoga olib chiqishda davom etamiz. Bu borada qadimiy qadriyatlarimiz – xalq o‘yinlari va milliy sport turlarimizga hukumat darajasida e’tibor qaratilayotganini ham e’tirof etishimiz kerak. Joriy yil 25 may kuni Prezidentimizning «Etnosport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ham imzolandi.
Qarorda etnosport turlarini 2025 yilgacha rivojlantirish dasturi batafsil ko‘rsatib berildi. Shuningdek, tegishliligi bo‘yicha vazirlik, idora va hududiy hokimliklarga bu yo‘nalishda ko‘rsatmalar alohida belgilab qo‘yildi», qayd etadi assotsiatsiya raisi.
2023 yildan boshlab etnosport turlari bo‘yicha «Uzbekistan Ethno Games» respublika festivalini har yili Toshkent shahrida o‘tkazish belgilangan bo‘lsa, har ikki yilda bir marotaba Xiva shahrida Xalqaro etnosport festivalini tashkil etish ham qarorda ko‘rsatilib o‘tilgan.
O‘zbekiston etnosport assotsiatsiyasiga aholining barcha qatlamlarini etnosport bilan shug‘ullanishga jalb qilish, mahallalarda etnosport turlari bo‘yicha xalq o‘yinlari va musobaqalarni o‘tkazish hamda Butunjahon etnosport konfederatsiyasi bilan hamkorlikni kuchaytirish vazifalari topshirilgan.
«Yaqinda konfederatsiya prezidenti Bilol Erdo‘g‘on shaxsan o‘zi kelib O‘zbekistonda etnosport turlari bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
O‘zbekiston xalq o‘yinlari va milliy sport turlarining tarixi, qonun-qoidalarini o‘zida aks ettirgan «O‘zbekiston Respublikasi milliy sport turlari va xalq o‘yinlari ensiklopediyasi»ning qisqa muddatda chop etilishiga B.Erdo‘g‘on yuqori baho berdi», deydi Oybek Norinbayev.
Shu kunlarda YuNESKO tashkilotidan nomoddiy madaniy meros maqomi olinishi mumkin bo‘lgan etnosport turlari ro‘yxati shakllantirilmoqda.
Etnosport turlari hozircha 9 tani tashkil etayotgan bo‘lsa, shu kungacha xalq orasidan topilgan milliy sport turlarimiz soni 198 taga yetgan. Bu raqamlar so‘nggisi emas. Hali izlanishda davom etilsa, raqamlar ham ortib boraveradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter