Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Londonlik oila Abramovich va «Chelsi»ning bir milliard funtlik stadioni qurilishini to‘xtatib turibdi

Londonlik oila Abramovich va «Chelsi»ning bir milliard funtlik stadioni qurilishini to‘xtatib turibdi

Abramovich «Stemford Brij»ni 40 ming kishidan 60 ming kishi sig‘adigan o‘rindiqlarga ega stadionga aylantirishni orzu qiladi.

Foto: Stadioni mira

Roman Abramovich anchadan buyon «Chelsi»ning uy arenasi bo‘lgan «Stemford Brij»ni 40 ming kishidan 60 ming kishi sig‘adigan o‘rindiqlarga ega stadionga aylantirishni orzu qiladi. Avvaliga bunga egalik huquqi masalasi to‘sqinlik qildi. Chunki «Chelsi» Abramovich tasarrufida bo‘lsada, «Stemford Brij» stadioni milliarder mulki emas. Arena «Chelsi» muxlislari klubiga tegishli. Abramovich London meri va aholining ko‘pchilik ovoziga ko‘ra uch yildan so‘nggina bunday qurilishga ruxsat oldi. Oldiyu yangi muammoga to‘qnash keldi.

Gap shundaki, Angliyada o‘n to‘qqizinchi asrdan buyon har bir fuqaro «Quyosh nurlari huquqi»(Right to light)dan foydalanadi. Ya’ni fuqaro uyining atrofidagi qurilishlar uning uyiga tushuvchi quyosh nurlarini to‘sib qo‘yishi mumkin emas. Stadionning yangi devori aynan yo‘lning qarama-qarshi tarafidagi uylarga soya soladi. Umuman olganda fuqarolarni bu huquqlaridan voz kechishga rozi qilish mumkin, ko‘pchilik 50 ming funt-sterling evaziga shunday qildi ham. Faqat 69 yoshli Nikolas Krostveytgina bu huquqidan to‘laqonli foydalanmoqda va sud orqali har qanday qurilishlarga taqiq qo‘yib qo‘ydi. Shundan so‘ng Abramovich shahar ma’muriyatini ishga soldi va ruxsatni yangilashga kirishdi. Ammo Krostveyt milliarderga qarshi jangda bir qadam ham ortga chekinmoqchi emas. «Ostonamdan tepilgan to‘p to‘g‘ridan-to‘g‘ri stadionga tushadi. Men bilan kelishmaslikning oqibati yaxshi bo‘lmaydi» deya ogohlantirdi u.

Stadion qurilishi to‘xtab turgan bo‘lsada, Nikolas Krostveyt Abramovichga bir yo‘l borligini shipshitib qo‘ygan: 20 million funt sterling evaziga o‘ylab ko‘rish mumkin! Milliarderning javobi hozircha noma’lum.    

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring