Habib Nurmagomedov Getji bilan jangda necha million dollar ishlashi ma’lum bo‘ldi
Yengil vaznda UFC chempioni Habib Nurmagomedov bir jang orqali rekord darajada pul ishlab olishga yaqin turibdi. 24-oktyabr, shanba kuni Abu-Dabidagi «Jangchilar oroli»da Habib Nurmagomedov — Jastin Getji jangi gonorari qancha bo‘lishini «MK-Sport» hisoblab chiqdi.
UFC hech bir jangning qancha pul keltirishini hech qachon ochiqlamaydi. Buning ustiga, hisob-kitob jangdan so‘ng o‘tkaziladi: translyasiyalar qancha pul keltirgani, eng yaxshi janglar uchun bonuslar va h.k.
Biroq Habib Nurmagomedov – Jastin Getji jangi gonorarlari haqidagi ma’lumotlar oldindan deyarli oshkor bo‘lib ulgurdi. Rossiyalik promouter Kamil Gadjiyev taxminiga ko‘ra, Habib bu jangda faoliyati davomida ishlagan barcha pullardan ko‘prog‘ini topadi:
«Gonorari fanatlar bazasi kengayishiga mos o‘ssa kerak. O‘tgan jangiga nisbatan ikki baravar ko‘p ishlashi ehtimoldan xoli emas».
Habib Nurmagomedov o‘tgan safargi jangida (Dastin Porega qarshi) promoushn uchun rekord ko‘rsatkich — 6 mln. dollar ishlagandi. Ikki yil avval, Konor Makgregorga qarshi jangda 2 mln. dollar ishlagan, biroq maydon tashqarisidagi janjali uchun 500 mingini jarimaga ushlab qolishgan.
Nurmagomedov 2012-yili UFC dagi debyuti uchun 16 ming dollar olgan. Keyin, jangdan-jangga daromadi oshib bordi. Getjiga qarshi jangi esa aralash janglar tarixiga rekord bo‘lib yozilishi mumkin: Habib 12 million dollar olishi mumkin!
Jurnalistlarga ma’lum bo‘lishicha, Habibning kafolatlangan gonorari 8 milliondan kam bo‘lmaydi, Getjiniki esa 5 million dollar. Bunga PPV dan foizlar va mukofot pullari ham qo‘shilsa umumiy gonorar 18 million dollarga yetadi, shundan 12 millioni Nurmagomedovga tegadi, deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter