FIFA hakami kaltaklangani ortidan Turkiyada chempionat o‘yinlari noma’lum muddatgacha qoldirildi
Turkiya chempionatida «Anqaraguju» va «Rizespor» jamoalari o‘rtasidagi bahs (1:1) yakunlangach, mezbon jamoa prezidenti Faruk Xo‘ja maydonga chopib chiqib FIFA hakami Xalil Umut Melerning yuziga musht tushirdi. Jarayon o‘nlab kamerlar ob’yektiviga tushib qolgan.
Uchrashuvda «Anqaraguju» klubi 90+7-daqiqada javob golini o‘tkazib yubordi, OAV arbitr o‘yinga buncha vaqt qo‘shib bermagani haqida yozmoqda. Mezbonlar so‘nggi daqiqalarda g‘alabani qo‘ldan chiqarishidan tashqari referi o‘yin davomida ularning ikki golini bekor qilgandi. Tabiiyki, bularning barchasi klub prezidentini g‘azablantirgan.
Hakam bosh qismiga yo‘llangan zarbadan keyin yiqilgan va uni «Anqaraguju»ning boshqa vakillari kelib tepkilagan.
Zarbalar natijasida hakamning chap ko‘zi ostida gematoma yuzaga kelgan. Match TV xabariga ko‘ra, shifokorlar guruhi Melerga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan, so‘ng u tez yordam mashinasida shifoxonaga yetkazilgan.
Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya ushbu hakamga hujum qilganlar hibsga olinishini ma’lum qildi.
«O‘yindan keyin hakamga hujum qilgan «Anqaraguju» prezidenti Faruk Koja ayni vaqtda shifoxonada va u yerdan chiqishi bilan huquq-tartibot idoralari tomonidan hibsga olinadi.
Shuningdek, hakamni tepgan yana ikki kishi ham qo‘lga olinadi», deb yozadi vazir.
Turkiya adliya vaziri Yilmaz Tunch o‘yindan keyin maydonga tushgan va hakamga nisbatan zo‘ravonlik sodir etganlikda gumon qilingan barcha shaxslarga nisbatan jinoyat ishi ochilganini ma’lum qilgan. Qayj etilishicha, allaqachon hodisa yuzasidan prokuratura tomonidan tergov boshlangan, Anqara politsiyasiga barcha gumonlanuvchilarni aniqlash va ularni prokuraturaga topshirish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berilgan.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ham hodisa yuzasidan munosabat bildirdi.
«Anqaraguju» – «Rizespor» uchrashuvidan so‘ng hakam Halil Umut Melerga qilingan hujumni qoralayman va uning tezroq sog‘ayib ketishini tilayman. Sport tinchlik va birodarlik demakdir. Turkiya sportida zo‘ravonlikka hech qachon yo‘l qo‘ymaymiz», – deyiladi Erdo‘g‘onning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilingan munosabatida.
Hodisadan so‘ng Turkiyadagi barcha futbol hakamlari boykot e’lon qilgani aytilmoqda. Natijada Turkiya futbol federatsiyasi boshqaruv kengashi hakamga qilingan hujum tufayli navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazgan.
«Barcha ligalardagi o‘yinlarni noma’lum muddatga qoldirdik. Bu hujum turk futboli uchun sharmandali oqshomdir. Turk futboli bunga loyiq emasligiga ishonamiz, – degan futbol federatsiyasi rahbari Mehmet Buyukeksi « Hurriyet» gazetasiga bergan intervyusida.
Ma’lumot uchun, «Ankaragucu» 18 ochko bilan turnir jadvalida 11-o‘rinda, «Rizespor» esa 22 ochko bilan sakkizinchi o‘rinda bormoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter